Toshkent moliya instituti soliq va sugurta fakulteti st-92 guruh talabasi mannopov pahlavonning yuridik shaxslarni soliqqa tortish fanidan tayyorlagan taqdimoti
TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI SOLIQ VA SUGURTA FAKULTETI ST-92 GURUH TALABASI MANNOPOV PAHLAVONNING YURIDIK SHAXSLARNI SOLIQQA TORTISH FANIDAN TAYYORLAGAN TAQDIMOTI.
1 Soliqlarning iqtisodiy mohiyati va ob’ektiv zarurligi.
2 Soliqlarning asosiy elementlari va tamoyillari.
3 Soliq solishning etarlilik tamoyili
.
Soliqlarning iqtisodiy mohiyati va ob’ektiv zarurligi. Soliq tushunchasi iqtisodiy kategoriya sifatida davlatning paydo bo’lishi va uning faoliyati davomiyligi bilan bevosita bog’liqdir. Shu o’rinda soliq kategoriyasi davlat iqtisodiy siyosati orqali iqtisodiy voqelik sifatida yuzaga chiqishini ta’kidlash lozim. Soliq tushunchasi tor ma’noda davlat ixtiyoriga soliq to’lovchilardan majburiy tartibda undiriladigan pul tushumlarini ifodalaydi.
Soliqlarning amal qilishi bu ob’ektivlikdir, chunki jamiyatni tashkil etuvchi individlarning hammasi ham real sektorda (ishlab chiqarish sohasida) faoliyat ko’rsatmaydi. Jamiyatda boshqalar tomonidan rad etilgan yoki shug’ullanish iqtisodiy samarasiz bo’lgan sohalar ham mavjudki, bular soliqlarni ob’ektiv amal qilishini talab etadi. Aniqroq qilib aytganda jamiyatni norentabel (mudofaa, meditsina, fan, maorif, madaniyat va boshq.) va rentabel sohaga ajralishi hamda norentabel sohani moliyalashtirishning tabiiy zarurati soliqlarni ob’ektiv amal qilishini zarur qilib qo’yadi, norentabel sohaning ijtimoiy xizmatlari asosan davlat tomonidan amalga oshiriladiki, ularni moliyalashtirish usuli sifatida yuzaga chiquvchi soliqlar ham shu tufayli bevosita davlatga tegishli bo’ladi.
Soliqlarning ob’ektiv zarurligini bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida ikki holatda: birinchidan, davlatning qator vazifalarini mablag’ bilan ta’minlash zarurligi, ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti qonun-qoidalari bilan ifodalash mumkin.
Davlatning bajaradigan funktsiyalari va vazifalari ko’p bo’lib, bozor iqtisodiyoti rivojlana borishi bilan ba’zi ijtimoiy himoyalangan bozor munosabatlariga mos kelmaydigan vazifalar yo’qola borsa, yangi vazifalar paydo bo’la boshlaydi. Bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida davlatning yangi vazifalari paydo bo’ladi. Bularga respublikamizda kam ta’minlanganlarga ijtimoiy yordam ko’rsatish, bozor iqtisodiyoti infratuzilmasini (sanoatda, qishloq xo’jaligida, moliya tizimida) tashkil qilish kiradi. Shu erda davlat kuchli ijtimoiy - siyosiy tadbirlarni amalga oshirish uchun pensionerlar, nafaqaxo’rlar, talabalar, ko’p bolali onalar va boshqalarni ko’proq mablag’ bilan ta’minlash zarurligini anglab cheklangan tovarlar bahosidagi farqni byudjet hisobidan qoplaydi va ularga boshqa xarajatlarni davlat hisobidan amalga oshiradi, mahallalarda kam ta’minlanganlarga moddiy yordamlar tashkil etadi. Shu bilan birga, O’zbekiston davlati jamiyat a’zolari osoyishtaligini saqlash maqsadida o’zining mudofaa qobiliyatini saqlab va mustahkamlab turishga, texnika va o’q-dorilarga ham mablag’lar sarflaydi, qolaversa, davlat fuqarolar xavfsizligini saqlash, mamlakatda tartib intizom o’rnatish, uni boshqarish funktsiyalarini bajarish uchun ham ko’plab mablag’ yo’naltirishga majbur. Bunday xarajatlarni amalga oshirishning majburiyligi ular uchun manba bo’lgan soliqlarni ham ob’ektiv zarur qilib qo’yadi.
Qayd etish lozimki, hozirga qadar davlatning funktsiyalarini bajarish uchun lozim bo’lgan moliyaviy mablag’larni shakllantirishning soliqlardan boshqa usuli jahon amaliyotida qo’llanilgan emas. Demak, hukmron kuch sifatida davlat mavjud ekan, moliyalashtirish usuli sifatida soliqlar ham amal qiladi. Ma’lumki, jamiyat iqtisodiy hayoti juda murakkab iqtisodiy hodisalardan iborat. Ana shu murakkablik bevosita soliqlarga ham tegishliki, bu holat soliqlarning iqtisodiy mohiyatini teran anglashni taqozo etadi.