O‘pkani alveolyar shishi. Unda yuqorida sanab o‘tilgan klinik belgilarga
qo‘shimcha ravishda nafas olish soni oshadi va shovqinli bo‘ladi, masofadan
eshitiladigan yirik pufakchali nam xirillashlar (samovar qaynashiga o‘xshash
nafas) kuzatiladi. Bemorda pushti rang ko‘pikli balg‘am ajralishi bilan kechadigan
yo‘tal paydo bo‘ladi. O‘pkada sustlashgan vezikulyar nafas asosida mayda va
o‘rtacha, qisqa vaqt ichida yirik pufakchali nam xirillashlar aniqlanadi. Xirillashlar
avval orqa tomondan o‘pkani pastki bo‘laklarida, keyinchalik uning barcha
sohasida eshitiladi. Yurak tonlari yanada sustlashadi. Yurak cho‘qqisida
protodiastolik yoki presistolik ot dupri ritmi, o‘pka arteriyasi ustida II ton aksenti
qayd etiladi. Qon bosimini pasayishi davom etadi, puls tezlashadi, ayrim hollarda
aritmik, kam to‘liqlikda va kuchlanishda bo‘ladi. O‘pkaning alveolyar shishini
og‘irlik (yengil, o‘rta va og‘ir) darajasiga ko‘ra ushbu belgilar bir oz yoki yaqqol
namoyon bo‘lishi mumkin.
Ayrim hollarda kasallikning klinik belgilari yurak astmasi va o‘pka shishini
aniq chegaralash imkonini bermaydi. Nafas siqish xuruji og‘riq sindromi bartaraf
etilgandan keyin yoki bir nechta tabletka qabul qilinganda o‘tib ketishi yurak
astmasi tashxisini tasdiqlaydi.
Kardiogen shok – miokard infarktini o‘ta og‘ir asotatlaridan biri bo‘lib, u
rivojlanganda o‘lim holati 65-90% ni tashkil etadi. Aksariyat hollarda u kasallikni
birinchi soatlarida va 1-2 -kunida rivojlanadi.
Klinik belgilari. Kardiogen shokda bemor asosiy kasallikka (to‘sh ortidagi
og‘riq, yurakni tez va noto‘g‘ri urishi) va kichik qon aylanish doirasida
dimlanishga (hansirash va bo‘g‘ilish), qon bosimini tushishiga hamda ichki a’zolar
faoliyatini buzilishiga (holsizlik, bosh aylanishi, ko‘p terlash, qo‘l –oyoqlarni
muzlashi, oligouriya va anuriya) xos bo‘lgan shikoyatlar bildiradi.
Ko‘rik vaqtida uning axvoli og‘ir. Kardiogen shokning ilk bosqichida
bemorda psixomotor qo‘zg‘aluvchanlik kuzatiladi (shokni erektil bosqichi). Qisqa
vaqt ichida kam harakat, atrof muhitga befarq bo‘lib qoladi. Bu gipoksiya, asidoz
va bosh miyada qon aylanishi kamayganligidan darak beradi (torpid bosqichi).
Bemorni es hushi sustlashgan yoki koma holatida bo‘lishi mumkin.