15- Mavzu: Korxonalar faoliyatida sodir bo’ladigan davr xarajatlarini tahlil qilishning mazmuni vazifalari va manbalari. Reja: Korxonada mehnat resurslarini tahlil qilishning ahamiyati, tahlil vazifalari va axborot manbalari.
Korxonaning mehnat resurslari bilan ta’minlanishi tahlili.
Korxonada mehnat resurslarini tahlil qilishning ahamiyati, tahlil vazifalari va axborot manbalari Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida korxonalarda mahsulot (ish, xizmat)lar ishlab chiqarishda asosiy o‘rinni jonli mehnat omili, ya’ni inson omili muhim ahamiyat kasb etadi, chunki har qanday fantexnika taraqqiyotining rivojlangan bosqichida ham inson omilining bo‘lishi talab etiladi, ya’ni yuqori texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarish uskunalarini ham inson boshqarishi lozim bo‘ladi. Bunday sharoitda korxonalarning mehnat resurslari bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rganib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmining oshishiga, mahsulot tannarxining pasayishiga, foyda miqdorining oshishiga hamda boshqa bir qator texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi korxonaning mehnat resurslari bilan ta’minlanish darajasiga bog‘liq. Mehnat ko‘rsatkichlarining bajarilish darajasi mashina va jihozlardan maksimal foydalanishga, ishlab chiqarishni bir maromda amalga oshirilishiga va mehnat unumdorligini o‘sishiga ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda respublikamizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar mavjud mehnat resurslaridan samarali foydalanishni taqozo etmoqda. Mehnat ko‘rsatkichlari tarkibiga, odatda, quyidagilar kiradi: a) ish haqi fondi; b) xodimlar soni; d) mehnat unumdorligi; e) o‘rtacha yillik ish haqi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov mamlakat aholisining turmush darajasiga baho berar ekan, quyidagilar haqida ta’kidlab o‘tdi: «... o‘tgan 2011-yilda ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, mamlakatimiz aholisining daromadlari va turmush dara jasini muttasil oshirib borish masalalari doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ldi. 2011-yilda respublikamizda ish haqi 20,2 foizga, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqa va stipendiyalar miqdori esa 26,5 foizga o‘sdi. Aholining real daromadlari yil mobaynida 23,1 foizga ortdi. Ayni paytda - shunga e’tibor berish lozimki – aholi jami daromadlarining 47 foizi tadbirkorlik faoliyatidan olinmoqda. Sir emaski, biz mustaqil taraqqiyotimizning dastlabki yillaridan boshlab ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining daromadlari va turmush sharoitida keskin tafovut bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka katta e’tibor qaratmoqdamiz. Keyingi o‘n yil davomida yurtimizda aholi daromadlari hajmi 8,1 barobar ortgan bir paytda, ish haqi, ijtimoiy ko‘makka muhtoj toifalarning daromadlari miqdorini jadal oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va soliq imtiyozlari berish hisobidan aholining eng past va eng yuqori daromadga ega bo‘lgan guruhlari o‘rtasidagi tafovut, boshqacha aytganda, daromadlardagi farq koeffitsiyenti 21,1 barobardan 8,3 barobarga qisqardi. Aytish kerakki, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari va bir qator iqtisodiy rivojlangan davlatlar o‘rtasida bu koeffitsiyent eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Yurtimizda o‘tgan yillar davomida ish haqi va pensiyalarning xarid qobiliyati izchil va barqaror o‘sgani aholining hayot darajasi va sifati ortib borayotganining yaqqol tasdig‘idir. Buning isboti tariqasida quyidagi misol va raqamlarni keltirish mumkin. Agar 1991-yilda eng kam ish haqiga Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga muvofiq tarzda hisoblab chiqilgan iste’mol savatchasi qiymatining faqat 8 foizini tashkil etadigan tovar va xizmatlarni xarid qilish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, 2011- yilda bu ko‘rsatkich iste’mol savatchasining 120 foizini tashkil etdi yoki 15 barobar o‘sdi, eng kam pensiyaning xarid qobiliyati esa 9 karra oshdi. Ayni shu ko‘rsatkichlar 2000-yilda mos ravishda 11,0 va 3,6 barobarni tashkil etdi». 1 Respublikamizda 2012-yilning 9 oyi davomida yalpi ichki mahsulot, sanoat mahsulotini ishlab chiqarish hajmi yuqori sur’atlar bilan oldingi yillarga nisbatan o‘sdi. So‘nggi yillar davomida YaIM hajmining o‘sish darajasi o‘rtacha 8 % dan yuqori bo‘ldi. Mehnat unumdorligini o‘sish darajasi mahsulot hajmini o‘sish darajasiga nisbatan yuqori bo‘lishi mamlakat miqyosida katta iqtisodiy samara berdi. Xalqaro tajribalaridan ma’lumki, shu ko‘rsatkich davlat iqtisodiyoti qudrati, kishilar turmush farovonligi omillarini mezoni bo‘lib xizmat qiladi. Mamlakatimizda keyingi yillarda yalpi ichki mahsulot, shu jumladan sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi yuqori sur’atlar bilan o‘sib borayotganligini turli o‘zgarishlar bilan bog‘lash mumkin. Masalan, turli mulk shakllari va mazmunining o‘zgarishi, boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlar, erkin iqtisodiy foaliyatning cheklanmaganligi, tashqi iqtisodiy faoliyatga keng yo‘l ochilishi va hokazo. Mamlakatimizdagi demografik vaziyatning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, ayniqsa, mehnatga qobiliyatli yoshlarning soni tez o‘sib bormoqda. Shu bois ishchi kuchlarini ish bilan ta’minlash, ishsizlik masalasini hal etish mamlakatimizdagi eng dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy muammolardan biridir. Bu vazifani hal etishning eng samarali yo‘nalishlaridan biri Prezident I.Karimov ta’kidlaganidek, «Kichik va o‘rta korxonalar sonini ko‘paytirish, xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Yuqorida zikr etilgan sohalar, birinchi galda, biz uchun eng dolzarb bo‘lib turgan aholi bandligi va uning daromadlarini oshirish muammolarini hal etishda o‘ziga xos lokomotiv vazifasini bajaradigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida biz tanlagan siyosatning mutlaqo to‘g‘ri va uzoqni ko‘zlagan holda olib borilayotganini takror va takror isbotlamoqda». 1 Moddiy ishlab chiqarishda mehnat resurslaridan samarali foydalanishni ifodalovchi ko‘rsatkichlar quyidagilardir. 1. Mehnat unumdorligini o‘sish darajasi. 2. Mehnat unumdorligi hisobiga mahsulot hajmini o‘sishi. 3. Xodimlar sonini nisbiy kamayishi. 4. Mehnat haqi fondidan nisbiy iqtisod. 5. Mehnat unumdorligi o‘sish darajasini mehnat haqini o‘sish darajasiga nisbati. Mehnat resurslarini tahlil etish orqali korxonani xodimlar bilan ta’minlanishi va ulardan foydalanish, ularning tarkibi, tuzilishi, kasbiy mahorati, xodimlarni malakasini oshirish, ish vaqtidan foydalanish ko‘rsatkichlariga baho beriladi. Ayniqsa, mehnat unumdorligini oshirish imkoniyatlariga ko‘proq e’tibor beriladi. Mehnat resurslari va ulardan foydalanishni tahlil etishdan maqsad, mehnat unumdorligini oshirish rezervlari hisobiga mahsulot hajmini o‘sishini, ish vaqtidan to‘liq foydalanish va boshqa omillar evaziga mahsulot tannarxini pasaytirishdan iboratdir. Bugungi iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mehnat resurslari bilan ta’minlanganligini o‘rganishda boshqaruv tahlilining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi: 1. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mehnat resurslari bilan ta’- minlanishi, ularning tarkibi, strukturasi o‘zgarishini mehnat unumdorligiga bo‘lgan ta’sirini hisoblash va baho berish. 2. Ish vaqtini yo‘qotish sabablarini aniqlash va unga baho berish; 3. Mehnat unumdorligi rejasining bajarilishi va dinamikasiga obyektiv baho berish. 4. Mehnat resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni aniqlash. 5. Xodimlar qo‘nimsizligiga baho berish. 6. Mahsulot ishlab chiqarish hajmiga ta’sir etuvchi mehnat omillarini aniqlash va ularga baho berish. 7. Bir xodimning mehnat unumdorligini aniqlash va uning o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillarga baho berish. 8. Ish vaqtidan foydalanish va bir soatlik ish unumdorligini o‘zgarishini mahsulot ishlab chiqarish hajmiga ta’sirini o‘rganish. Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mehnat resurslari bilan ta’- minlanganlik va ulardan samarali foydalanganlik holatlariga baho berishda boshqaruv tahlilining asosiy axborot manbalari quyidagilar hisoblanadi: · biznes-reja ma’lumotlari; · mehnat resurslaridan foydalanish ko‘rsatkichlarini aks ettirgan 1- T shaklidagi «Mehnat hisoboti» statistik hisobot shakli ma’lumotlari; · ish vaqtidan foydalanish, ish vaqti balansi to‘g‘risidagi hisobot, ishga kelish, ketish to‘g‘risidagi tabel, ish kunini fotografiyasi, ishlab chiqarish normasini bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va boshqa ma’lumotlar.