Lishayniklar — Lichenes Lishayniklar o`simliklar dunyosining o`ziga xos original tuzilishiga ega bo`lgan tabiiy bir gruppasidir. 30 mingga yaqin turi bor. Ular suvo`tlarning yashil va ko`k yashil suvo`tlar zamburug`lar (xaltachali va bazidiyali) bilan birgalikda yashashidan tarkib topgan. Tashqi ko`rinishiga qarab lishayniklar bargsimon, yopishqoq va butasimon deb atalgan gruppaga, ichki tuzilishiga qarab esa gomeomer va geteromerga bo`linadi. Gomeomer lishayniklar anchagina sodda tuzilishga ega bo`lib, asosan toshlarda va, ba`zan, daraxt po`stloqlarida yopishib yashaydi. Geteromer lishayniklar ancha murakkab tana tuzilishiga ega bo`lib, ular bargsimon va butasimon ko`rinishda bo`ladi.
Lishayniklar tallomini tashkil etgan gifalar lixenin deb atalgan karbonsuv moddasidan tashkil topgan bo`lib, bu gifalar tashqariga lishaynik kislotalarini chiqarib turadi. Shu kislotalar o`simlikni turli xil rangda bo`lishi, quyosh ta`siridan saqlanishi va lishayniklar tanasiga havo kirib turishida muhim rol o`ynaydi.
Lishayniklar juda beor o`simliklardan bo`lib, tabiatda ular juda keng tarqalgan. Ular boshqa o`simliklar yashay olmaydigan sharoitda ham uchraydi. Shunday qilib, lishayniklar Yer sharining turli nuqtalarida — Arktikadan Antarktikagacha bo`lgan tekislik va tog`li tepaliklarda turli xil substratlarda (tosh va qoyalarda, cho`l va dashtlarda, daraxt va buta o`simliklar po`stloqlarida va h. k.) o`sadi.
Lishayniklarning ko`payishi suvo`t va zamburug`larning ko`payishiga xosdir, ya`ni lishayniklarni tashkil etgan suvo`tlar hujayralarining oddiy bo`linishi yo`li bilan, zamburug`lar esa sporalar hosil qilish yo`li bilan (vegetativ) ko`payadi. Bundan tashqari lishayniklarning bargsimon va butasimon vakillari o`z tanasida soridiylar (maxsus o`simtalar) hosil qilish, yopishqoq lishayniklar esa izidiylar (marjondek chizilgan o`simta) hosil qilish yo`li bilan ko`payadi.
Burigin I. A., Jongurazov F. X. Botanika. Toshkent, “O`qituvchi”, 1977.
Васильев А. И. и другие. Ботаника: морфология и анатомия растений. М., “Просвещение”, 1988.
Жуковский П. М. Ботаника. М., 1982.
Тихомиров Ф. К. Ботаника. М., 1968.
Хржановский И. Г., Пономаренко С. Ф. Ботаника. М., “Колос”, 1988.
Хржановский И. Г. Курс общей ботаники. ч. 1, М., 1982
Hamdamov I. va boshq;- Botanika asoslari. Toshkent, “Mehnat”, 1990.