15.2. Tuproqdagi kaliy miqdori va shakllari.
Har xil tuproqlarda kaliyning (K2O) miqdori 0,5-3% gacha bo’ladi, kaliy miqdori ayniqsa ularning mexanik tarkibiga bog’liq. Kaliy tuproqlarning loyqa fraktsiyasida ko’p bo’ladi. SHu sababli og’ir soz tuproq va qumoq tuproqlarda, qumli va qumloq tuproqlardagiga qaraganda kaliy ko’p bo’ladi. Trofli tuproqlarda kaliy juda kam (0,03-0,05%) bo’ladi ko’pchiliq madaniy qumoq tuproqlarda kaliy 2-2,5% ni tashkil etadi. Tuproqda kaliyning asosiy manbai kaliy minerallari bo’lib, O’rta Osiyo tuproqlarida bu ko’rsatkich 1-3% ni tashkil etadi. Kaliyning tuproqdagi umumiy miqdori azotga nisbatan 5-50, fosforga nisbatan 8-40 marta ko’p. Tuproqlarning haydalma qatlamida K2O ning umumiy zahirasi 50-75 ming kg/ga ga to’g’ri keladi, lekin kaliyning asosiy qismi (98-99%) tuproqda erimaydigan va o’simliklar qiyin o’zlashtiradigan alyumosilikatli birikmalar holida bo’ladi. Tuproqdagi kaliy birikmalarini harakatchanlik darajasiga va o’simliklar o’zlashtira olishiga qarab kaliy quyidagi asosiy shakllarga bo’linadi:
1. Barqaror alyumosilikat minerallar, asosan dala shpatlari hamda slyuda (muskovit, biotit) tarkibiga kiruvchi kaliy. Bu minerallar ham eruvchanligi qiyin va o’simliklar yaxshi o’zlashtira olmasligi bilan tavsiflanadi.Dala shpatlaridagi kaliyni o’simliklar qiyin o’zlashtiradi, lekin suv va unda erigan karbonat angidrid ta’sirida, tuproq haroratining o’zgarishi va tuproq mikroorganizmlarining faoliyati ta’sirida bu minerallar asta-sekin parchalanadi va kaliyning eruvchan tuzlarini hosil qiladi. Slyudalardagi kaliyni o’simliklar birmuncha oson o’zlashtiradi.
2. Almashinuvchi tuproq kolloilariga yutilgan kaliy - bu elementning tuproqdagi umumiy miqdorini ko’pi bilan 0,5-1,6% ni tashkil etadi. U o’simliklarning oziqlanishida asosiy ahamiyatga ega. Almashinuvchi kaliyni o’simliklar oson o’zlashtirishiga sabab, uning boshqa kationlar bilan almashinib eritmaga oson o’tish xususiyati va eritmadan o’simliklar tomonidan o’zlashtirilishidir. Almashinuvchi kaliy miqdori tuproqlarning o’zlashtiriladigan kaliy bilan ta’minlanganlik darajasini ko’rsatkichi bo’lib xizmat qilishi mumkin.
3. Suvda eriydigan kaliy - tuproq eritmasida erigan har xil tuzlar (kaliy nitratlar, fosfatlar, sulfatlar, xloridlar, karbonatlar) hosil qiladi. Ularni o’simliklar bevosita o’zlashtiradi. Tuproqda bunday kaliy miqdori odatda oz ( almashinuvchi kaliy miqdoriga nisbatan 10% atrofida) bo’ladi. Ba’zi tuproqlarda suvda eriydigan kaliy almashinmaydigan shaklda yutilishi mumkin, natijada uning o’simliklar tomonidan o’zlashtirilishi keskin kamayib ketadi. Bo’z va o’tloq tuproqlarning 0-40 sm qatlamida almashinuvchi kaliyning umumiy miqdori gektariga 150-450 kg gacha bo’ladi. Bu ko’rsatkich 1 metrli qatlamga aylantirilganda gektariga 700-1300 kg ni tashkil etadi. O’g’it sifatida tuproqqa solingan kaliyning o’simliklar tomonidan o’zlashtirilganidan qolgan qismi tuproqda saqlanib qolaveradi.
Jarikov A.E. ma’lumotiga asosan, o’rta mintaqadagi bo’z tuproqlarning haydalma qatlamida o’rtacha 1 kg tuproqda 139-165 mg gacha almashinuvchi kaliy bo’ladi. So’nggi yillarda bir necha yillar davomida bir turdagi ekin ekilib kelinayotgan O’rta Osiyo tuproqlarida almashinuvchi kaliyning miqdori tobora kamayib bormoqda. Buning sababi tuproqqa har yili azot bilan fosfor katta normada solinsada, kaliyli o’g’itlar yetarlicha berilmayotganligidir.
Umumiy kaliy quyidagicha sinflanadi:
1. Suvda eruvchan kaliy (o’simliklar oson o’zlashtiradi)
2. Almashinuvchi kaliy (o’simliklar yaxshi o’zlashtiradi)
3. Harakatchan kaliy (suvda eruvchan va almashinuvchan kaliy miqdori)
4. Almashinmaydigan gidrolizlanadigan kaliy (qiyin almashinuvchiyoki rezerv)
5. Kislotalarda eriydigan kaliy
6. Minerallar tarkibidagi kaliy
Dostları ilə paylaş: |