6.3. Strukturaning agronomik ahamiyati. Tuproqda agregatlarning yuzaga kelishida yerga mexanik ishlov berish (haydash, kultivatsiya, boronalash singarilar) ham rol o’ynaydi. Bunda yerga ishlov berishning ijobiy va salbiy ta’siri bo’lishi mumkin.
Strukturaning hosil bo’lishi uchun yerga mexanik ishlov berish tuproqning maqbul namligida, ya’ni yetilgan davrida olib borilishi lozim. Struktura hosil bo’lish namligi yengil qumoq tuproqlarda og’irligiga nisbatan 15 dan 18 foizgacha, soz tuproqlarda esa 34-38 foiz atrofidadir. Tuproqdagi suvga chidamli strukturalarning hosil bo’lishida tuproq kolloidlari va singdirilgan kationlarning roli katta. Gumin kislotalariga boy chirindi moddalari va gilli minerallardan montmorillonit, gidroslyudalarning o’zaro ta’siridan suvga chidamli, mustahkam struktura hosil bo’ladi.
Strukturaning yuzaga kelishiga tuproqdagi aeratsiya sharoitlari ham ta’sir etadi. Aerob sharoitda mikrobiologik jarayonlar kuchli kechadi va organik qoldiqlar tez parchalanib, gumin kislotalariga boy gumus moddalar hosil bo’ladi. Bunday sharoitda mikroblar plazmasi ko’prok to’planib, suvga chidamli struktura hosil bo’lishda ishtirok etadi. Agronomik nuqtai-nazardan mustahkam strukturalar, tuproqda hosil bo’ladigan suvda erimaydigan yoki qiyin eriydigan mineral moddalar (kaltsiy karbonati, kaltsiy fosfati, temir, alyuminiy oksidlari va boshqalar) ta’sirida xam ro’y beradi.
Strukturaning suvga chidamliligi dinamik ko’rsatkich bo’lib, ular vegetatsiya davrida temperatura va namning o’zgarishi tuproqning biologik aktivligi, chirindining hosil bo’lishi kabi sharoitlarga ko’ra o’zgarib turadi.
4. Ilgari aytilganidek, agronomik nuqtai nazardan tuproqning haydalma qatlamida 10 dan 0,25 mm gacha bo’lgan makroagregatlarning ahamiyati katta. Makroagregatlarga ajralib turadigan tuproqlarga s t r u k t u r a l i, 0,25 mm dan kichik mikroagregatlar ko’p bo’lgan tuproqlarga s t r u k t u r a s i z tuproqlar deyiladi. Kesakli struktura ham strukturasiz tuproqlar jumlasiga kiradi.
Strukturali tuproqlar strukturasiz tuproqlarga nisbatan o’zining g’ovak qovushmasi, kam zichligi va yuqori g’ovakligi hamda kovakliklarning sifat ko’rsatkichlari bilan farqlanadi.
Strukturasiz tuproqlarda nozik ingichka kapillyarlar ko’p bo’lib, strukturali tuproqlarning makroagregatlari orasida va ular ichida yirik bo’shliqlar serob. Struktura holatiga ko’ra tuproqlarning suv o’tkazuvchanligi keskin farq qiladi. Suv ko’taruvchanligining tezligi va balandligi strukturasiz tuproqlarda yuqori bo’lganidan, nam tez bug’lanib ketadi. Strukturali tuproqlarda esa aksincha nam uzoq saqlanadi. Tuproq strukturasi havo almashinuvida ham muhim rol o’ynaydi. Mikroagregatlar (<0,25) da (hatto ular quruq xolida ham) havo almashinuvi yomon bo’ladi. Makrostrukturalarda esa, yuqori namlikda ham havo almashinuvi yaxshi bo’lib turadi. Strukturasiz tuproqlarda nam yetarli bo’lganda ham, o’simliklarning ildizi va aerob mikroorganizmlar erkin kislorod yetishmasligidan qiynaladi. Havo yetarli bo’lganda, aksincha foydali nam kamayadi. Strukturasiz tuproqlardan atmosfera yog’inlari sekin o’tadi. Bahorgi kuchli yomg’irlar yer yuzasidan oqib ketib, tuproqning eroziyalanishiga sabab bo’ladi.
S trukturali tuproqlarda suv bilan havo o’rtasida qarama-qarshilik bo’lmaydi. O’simliklar uchun yetarli miqdorda nam bo’lganda, havo zahirasi ham yetarlidir. Bu tuproqlar shamol va suv eroziyasiga chidamli. Strukturali tuproqlarda mikrobiologik jarayonlar yaxshi kechadi va o’simliklar uchun maqbul o’tadigan oziq elementlari to’planadi. Strukturali tuproqlarning g’ovak holda bo’lishi, urug’larning tez va sifatli unib chiqishi hamda ildizlarining yaxshi rivojlanishiga imkon beradi