O’zbekiston jangchilarni sog‘lomlashtirish markazi
'O‘zbekistonga janglarda yarador bo’lgan yoki bemor bo‘lib qolgan minglab jangchilar—askar va zobitlar ham jo‘natilardi. Ularni qabul qilib olish, gospitalga joylashtirish, salomatligini tiklash ishlariga alohida mehribonlik qilindi, respublikamiz sog‘lomlashtirish markazlaridan biriga aylandi. 1941-yil 1-oktabrgacha O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xalq komissarligi tizimida 14950 o‘ringa ega bo‘lgan 47 gospital barpo etildi va zarur uskunalar bilan jihozlandi. Ayni paytda Moskvadan, Kalinin, Rostov va boshqa viloyatlardan 15900 o'rin-krovatga ega bo‘lgan 48 gospital ko‘chirib keltirilib, joylashtirildi va ishga tushirildi. Harbiy kasalxonalar qurish keyingi yillarda ham davom etdi.
O‘zbekistonliklar sog‘ayganlarga chiroyli xaltachalar tikib berar va sovg‘a-salomlar bilan frontga yoki korxonalarda ishlashga jo‘natib qo‘yardilar. Nogiron bo‘lib qolganlarga zarur yordam ko‘rsatildi, holiga yarasha ish bilan ta'minlash choralari ko‘rildi.
Mudofaa fondi
O‘zbekistonliklar orasida mudofaa fondini tashkil etish, front uchun issiq kiyimlar to‘plash harakati keng yoyildi. Ishchilar, kolxozchilar va ziyolilar shaxsiy jamg‘armalarini, qimmatbaho buyumlarini mudofaa fondlariga topshirdilar. Faqat 1941-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekiston kolxoz va sovxozlari front uchun 59 ming ot va ularga kerakli yem-xashak to‘plab berdilar. Mashhur o‘zbek raqqosasi Tamaraxonim mudofaa fondiga 50 ming so‘m topshirdi.
Bu jamg‘arma hisobiga respublikamizda tank kolonnalari, aviatsiya eskadrilyalari, bronepoyezdlar qurilib frontga jo‘natildi. O‘zbekistonliklar jangchilarga eshelonlab issiq kiyimlar, mevalar jo‘natib turdilar. Davlat harbiy zayomlariga yozilish yo‘li bilan anchagina mablag‘lar to‘plandi. Aholidan issiq kiyimlar tayyorlash uchun jun, qo‘y terilari yig‘ib olindi.
Xullas, urushning dastlabki yiliyoq O‘zbekistonning butun moddiy va ma'naviy kuchlari g‘alaba uchun safarbar etildi, hayot harbiy izga tushirildi, xalq Vatan himoyasiga otlandi.
Takrorlash savollari
1. Urushni qanday sabablar keltirib chiqardi?
2. Nima uchun O‘zbekiston urush girdobiga tortildi?
3. O‘zbekistonda o‘tkazilgan harbiy safarbarlik to'g'risida nimalarni bilasiz?
4. Urush boshlangan paytda O‘zbekiston aholisi qancha edi, qancha kishi urushga safarbar etildi?
5. Korxonalar, xo‘jaliklar hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
6. Mehnat safarbarligi nima?
7. O‘zbekistonga mamlakat g'arbidan nima uchun va qanday korxonalar ko‘chirib keltirilgan?
8. O‘zbekiston xalqi mamlakat g'arbidan ko‘chirib keltirilgan aholiga qanday munosabatda bo‘ldi?
9. Ko‘plab yetim bolalarni farzandlikka olgan o‘zbek oilalari haqida referat yozing.
10. O‘zbekiston jangda yarador bo‘lganlarni sog'lomlashtirish ishiga qanday hissa qo‘shdi?
11 .O‘zbekistonliklar nima maqsadda mudofaa fondi tuzdilar, bu fondga nimalarni topshirdilar?
Dostları ilə paylaş: |