Turkiy xalqlar adabiyoti


Ilmiy-tanqidiy adabiyotlar



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə12/34
tarix13.12.2023
ölçüsü0,6 Mb.
#175981
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   34
Turkiy xalqlar adabiyoti-fayllar.org (1)

Ilmiy-tanqidiy adabiyotlar.
  1. Краткая литературная энциклопедия. Том 1. –М., 1962.


  2. Краткая литературная энциклопедия. Том 2. –М., 1964.


  3. Каратаев М. Казахская литература.- Алма-Ата, 1960.


  4. Каратаев М. Казахская литература на современном этапе.- Алма-Ата, 1979.





10-mavzu: XX asr qozoq adabiyoti.
Reja:
  1. Muxtor Avezov ijodi. “Abay”, “Abay yo`li” romanlari. “Qarash-qarash”, “Ko`kyol” asarlari.


  2. Sobit Muqonov ijodi. G`abit Musrepov asarlari.


  3. Anvar Olimjonovning “O`tror tanganasi”, “Mahambet nayzasi asarlari”.


  4. Abdujamil Nurpeisovning “Qon va ter” trilogiyasi. O`ljas Sulaymanov ijodi. Muxtor SHaxanov ijodi.


  5. Zamonaviy qozoq adabiyoti.




Tayanch so’z va iboralar: “Alash o’rda” tashkiloti. J.Jaboyev ijodi. Qozoq prozasi. Roman va qissalar. Dramatik asarlar. Qozoq prozasi an’analari. M.Avezov, S.Muqonov, M.Shaxanov.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Qozog’istonda sanoat va savdo kapitali rivojlanishi natijasida mahalliy burjuaziya shakllandi. Bu esa adabiyotda ham burjuaziya mafkurasiga mos asarlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Oktyabr inqilobi, grajdanlar urushi, yer islohoti kabi o’zgarishlar, bolsheviklarning hokimiyat tepasiga kelib yurgizgan siyosatlari uzoq vaqtlar XX asr qozoq adabiyotining asosiy mavzulariga aylanib qoldi. Lekin qozoq ijodkorlari doimo adolat uchun, haqiqatning g’alaba qilishi uchun asarlar yozishdan chekinmadilar. Asr boshida qozoq adabiyoti rivojiga yozuvchilardan I.Kubeyev, S.Turaygurov, S.Donitayev, I.Jonsugurov, S.Sayfullinlarning ijodi katta hissa bo’lib qo’shildi.
XX asr boshlarida qozoq adabiyotida jadidchilikning roli katta bo’ldi. Ayniqsa, tatarlarda chiqadigan gazeta va jurnallar, tatar tilida nashr qilingan kitoblar qozoq adabiyotining rivojlanishiga ta’sir qildi. Qozoqlarda ham “Oyqon” nomli jurnal va bir qancha gazetalar tashkil etildi. “Alash o’rda” tashkiloti tuzilib, bu tashkilot a’zolari Qozog’iston mustaqilligi uchun kurash olib bordi. Bu davr qozoq adabiyotida turkiy xalqlarni birlashtirish, dunyoda yagona “Buyuk turon” davlatini tuzish g’oyalari ham keng yoritildi. Ozodlikka erishish uchun dastlab xalq ongli, savodli bo’lishi kerak, ongsiz, sovodsiz xalq bilan hyech narsa qilib bo’lmasligini bilgan ilg’or qozoq ziyolilari, avval maktablarni isloh qilish kerak, degan takliflar bilan chiqdi. Shuning uchun bu davr qozoq adabiyotida ma’rifatni targ’ib qilish yetakchi o’rinda turdi. Isfandiyor Ko’bayev, Turayg’urov, Donentoyev, Muxtor Mag’ovin, Mustafa Cho’qayev kabi ma’rifatparvar qozoq vatanparvarlari o’z asarlarida erk, ozodlik uchun kurashayotgan qahramonlar obrazini yaratdi. Ular taraqqiyot uchun to’siq bo’layotgan turli illatlarga, jaholatga qarshi kurash olib bordi.
XX asr boshida Turkistonda eng ilg’or ziyolilardan biri Mustafo Cho’kayev (1890 - 1942) edi. U Oqmachit shaxrida tug’ilgan. Turkistonning eng savodli, fikri teran kishisi sifatida Rossiya Davlat Dumasining deputati bo’lib, mahalliy xalq haq huquqlarini ana shu yuqori minbarda turib himoya qilgan. 1917 yilda Orenburgda Umumqozoq Kongressini tuzishda ishtirok etdi. Shu yili dekabr oyida esa Turkiston Muxtoriyatini tashkil qildi. Dastlab Muxtoriyatning raisi qilib “Alash o’rda” partiyasi raxbarilaridan biri Tinishboyev saylandi. Bir xaftadan keyin uning o’rniga Mustafo Cho’kayev tayinlanadi. Bu Muxtoriyat uch oylar chamasi faoliyat ko’rsatdi. Bolsheviklar turli nayranglar bilan uni tarqatib yubordi. Muxtoriyat Qo’qon shahrida demokratik asosda qurilgan edi. Unda 54 kishilik xalq kengashining 36 tasi maxalliy millat, 18 tasi yevropalik edi. Lekin bu Muxtoriyatni uzoq vaqtlar “Millatchi va panturkistlar to’dasi” deb ayb qo’yib qoralab keldi. Qo’qon milisiyasi boshlig’i Ergash kichik otryad bilan Muxtoriyatni himoya qildi. Lekin Qizil Armiya shafqatsiz terrorni amalga oshirdi, arman dashnoqlariga erk berib, tinch axolini talash uchun tashladi. Bu armanilar guyoki, turklar va ozorbayjonlardan azob chekkanligi uchun boshqa turk qavmlaridan o’ch oldi. “O’shanda Qo’qonning o’zida o’n mingdan ortiq odam o’ldirildi. Qirg’in shu bilan tugagani yo’q. 1918 yilning birinchi yarmida Marg’ilonda 7000, namanganda 2000, Andijonda 6000, Bo’z qo’rg’onda 4500 odam o’ldirildi. Shu jarayonda 180 qishloqqa o’t qo’yildi. Minglab oilalar xonavayron bo’lib, boshponasiz qoldi.
Mustafa Cho’qay bu xunrezliklarning barchasining aybdori deb bolsheviklarni bildi va chet elga chiqib ketdi. U 20 yildan ko’proq Parij, Berlin, Turkiya kabi joylarda yashadi. Lekin doimo Turkiston ozodligi uchun kurash olib bordi. U chet ellarda “Ulug’ Turkiston”, “Svobodnыy Turkiston”, “Birlik tuvi” kabi gazetalarini chiqardi. Bu gazetalarda Turkiston xalqining ozodligiga bag’ishlangan maqolalar bosilib chiqib turdi. Bulardan tashqari, M.Cho’qayev ingliz, fransuz, nemis, polyak tillarida Turkiston ozodligiga bagishlangan ko’plab risolalar chiqargan. Ayniqsa uning “Turkiston sho’rolar hukumati davrida” nomli kitobi juda mashhur bo’lgan. Ikkinchi jahon urushi davrida M.Cho’qayev nemislarga asir tushgan Turkistonliklarni o’limdan saqlab qolish maqsadida “Turkiston legioni”ni tuzdi. Nemis konslagerlarida azob chekayotgan yurtdoshlarini bir joyga to’pladi. Ana shu davrda sil kasalligini yuktirib, o’zi ham 1942 yil Berlinda vafot etdi.
Iskandar Kubayev qozoq ma’rifatparvari I.Oltinsarin ochgan maktabda o’qib savodini chiqardi. Keyin ko’proq mustaqil bilim olishga intilib, nihoyat o’z davrining yetuk ziyolilaridan biri bo’ldi. U o’z ijodini badiiy tarjimalardan boshlagan. 1910 yilda rus masalchisi I.Krilovninng ko’pgina asarlarini qozoq tiliga o’girdi. 1912 yilda I.Ko’bayev “Namunali o’quvchi” nomli majmuasini nashr ettirdi. Bunga folklordan olingan va o’zining ijodidan ko’plab asarlarni kiritdi.
Yozuvchining mashhur asarlaridan biri “Qolin” romanidir. Bunda eski, yaramas urf-odatlar tanqid qilingan. Romanda Turlig’ul nomli oltmish yoshar chol yosh qiz Gayshaga uylanmoqchi bo’ladi. Bu nikohga qizning otasi xasis, ochko’z Itboy ham rozi. Lekin qizning sevgan yigiti Kojas qizni nikoh kechasi olib qochib ketadi. Keyin ko’p janjallar, urushlardan keyin qiz o’z sevgan yigiti Kojas bilan turmush qurishga muvaffaq bo’ladi. Adibning «Ushalgan orzu» nomli qissasi avtobiografik janrda yozilgan. U o’zining pedagogik va yozuvchilik faoliyati haqida hikoya qiladi. Bu kitobning ham o’quvchilar uchun ibratli tomonlari juda ko’p.
Yana bir qozoq ma’rifatparvari Sultonmaxmud Turayg’urov (1893-1920) qisqa umri davomida adabiyot tarixida o’chmas iz qoldirdi. U Semipalitinsk uyezdiga qarashli Bayanaul degan joyda tug’ilgan. Dastlab madrasada, keyin mustaqil o’qib bilim oldi. 1914 yilda “Oyqon” nomli jurnalda uning “O’quvchi o’ylari”, “Qo’msash” kabi she’rlari e’lon qilindi. Keyinchalik shoirning “Sarsonlikdagi hayot”, “Kambag’al” nomli dostonlari nashr etildi. Bu asarlarda shoir adolatli tuzum haqida e’tiborga loyiq fikrlar aytdi. Uning “Go’zal qiz Qamar” nomli romanida xotin-qizlar ozodligi, ularning haq-huquqlarining paymol qilingani to’g’risida yozdi. Bu kitob 20- yillar qozoq adabiyotining katta yutuqlaridan biri bo’lib qoldi. Asarda go’zal qiz Qamarni Nurum nomli cholga zo’rlik bilan turmushga chiqarmoqchi bo’ladi. Qizning otasi Umarni kaltaklab, qizni zo’rlik bilan Nurumning uyiga olib ketadi. Unga qizning sevgilisi Ahmad ham yordam berishdan ojiz. Qiz Nurumning uyida, o’zini zaharlab o’ldiradi.
Turayg’irov Abay poeziyasi an’analarini yangi davrda davom ettirdi. U Abay poeziyasini, xuddi payg’ambarning yurak qoni bilan yozilgan qur’on suralariga tenglashtirgan edi.
Qozoq ma’rifatparvar adiblaridan Sobit Donentayev (1894-1933). Povlodar uyezdida tug’ilgan. Eski maktab va madrasilarda o’qib savodini chiqargan. 1913 yilda “Oyqon” jurnalida birinchi she’ri chiqdi. 1915 yil Ufada birinchi to’plami “Mayda-chuyda” (“melochi”) nomi bilan e’lon qilindi. Bu ma’lum darajada hajviy she’rlardan tuzilgan bo’lib, bularda turli illatlarni tanqid qilgan. Uning “Oxirgi so’z”, “Davr kimniki” kabi she’rlarida ham ijtimoiy tengsizlik haqida gap boradi. “Bo’zto’rgay” nomli asarida shoir o’z xalqining milliy urf – odatlari haqida yozadi. Bo’zto’rg’ay haqiqat izlab turli vaxshiy kushlarga boradi. Burgut, kalxat, lochin kabi kushlar bilan uchrashadi. Bu qaysidir tarafi bilan buyuk Navoiyning “Lisonut tayr” nomli dostoni personajlariga o’xshab ketadi. Donentayevning “To’ng’iz va olibsotar”, “Baykenning ko’z yoshlari” nomli asarlarida ham jamiyatdagi turli illatlar ustida kulgan va o’quvchilarni ularga qarshi kurashga chorlagan.
Saken Sayfullin (1894-1934) Qozoqistonning Jezqazgan viloyatida tug’ilgan. Eski maktabda o’qib savodini chiqardi, keyin rus-tuzem maktablarida, seminariyalarda bilim oldi. S.Sayfullin yoshligida Qozog’istonda tuzilgan «Birlik» tashkilotining faol a’zosi edi. Bu tashkilotning oldiga qo’ygan asosiy vazifasi qozoq halqini asriy qullikdan ozod qilish edi. Ana shu tashkilot 1910 yilda S.Sayfullinning birinchi she’rlar to’plami, «O’tgan kunlar»ni Qozon shahrida chop etishga yordam qildi. Keyinchalik uning «Asov tulpor», «Do’mbira», «Turmush to’lqinlari» kabi she’riy to’plamlari; «Ko’kchatov», «Cho’loq oqquyruq», «Ayrilgan oqqushlar» kabi dostonlari bosilib chiqdi. Shoirning bu asarlarida mehnatkash xalq xayoti, uning ozodlik uchun olib borgan kurashlari ko’rsatilgan. Albatta shoir o’zi yashayotgan davrdagi tarixiy muxitni chuqur anglab ololmagan edi.
Shuning uchun uning ayrim she’rlarida qozoq xalqiga yolg’on erk va mustaqillik va’da qilgan bolsheviklar madhiya qilingan. Uning «Baxt yo’lida» «Qizil shunqorlar» dramatik asarlari ham 1920 yillarda yozilgan. Bu asar qozoq adabiyotida dramatik janrning shakllanishiga katta ta’sir qildi. Asarda Terlikboy o’g’lini mardikorlikka yubormaslik uchun yosh qizi Muslimani Volost boshlig’i qari chol Nukerboyga xotinlikka bermoqchi bo’ladi. Lekin qizning akasi o’qimishli, ziyoli Yermek singlisini bu dahshatdan qutqaradi. Uni sevgan yigiti Birjon bilan qochirib yuboradi. Ana shunda fevral burjua revolyusiyasi bo’lib, podsho hukumati ag’darib tashlanadi. Asarda o’z manfaati uchun yosh qizini qari cholga bergan ota obrazi qoralanadi. Volost boshliqlarining haddan tashqari tovlamachi, poraxo’r bo’lganliklari tanqid qilinadi. Yozuvchining «Tor yo’l, tayg’oq kechuv» nomli memuar romani ham katta mahorat bilan yozilgan. Yozuvchining «Oysha», «Yer qazuvchilar», «Mevalar» nomli qissalarida ham asr boshidagi qozoq xalqining hayoti ko’rsatilgan. Yozuvchining «Qizil shunqorlar» dramasi o’zbek sahnalarida ham qo’yilgan.
Yozuvchining «Ko’kchatov» dostonida ko’plab afsona va rivoyatlar berilgan. «Buraboy» nomli rivoyatda ikki o’rkachli tuya hyech odamlarga tutqich bermaydi. Bu hayvon ozodlikni yaxshi ko’rib doim tog’larda yashirinib yuradi. Bu bizga Amerika yozuvchisi Ernest Seton-Tompsonning «Yovvoyi yo’rg’a» asarini eslatadi. Ablayxonning o’g’li katta otryad bilan tuyani tutib olmoqchi bo’ladi. Lekin u Tuyaning tiriklayin qo’lga tushmasligiga ko’zi yetib uni otib tashlaydi. Shundan keyin tuya katta ko’k toshga aylanib qoladi.
Yoki boshqa bir rivoyatda qolmoqlardan asir olingan go’zal qizni olmoqchi bo’lganlarga shart qo’yiladi. Bu shartga binoan qiz oq ro’molchasini uzoqqa ilib qo’yadi. Kim uni urib tushirsa, qiz unga turmushga chiqishga rozi bo’ladi. Lekin hyech kimning o’qi bu nishonga yetmaydi. Unga majbur qilib uylanmoqchi bo’lganda qiz rumolchasi bilan birga toshga aylanib qoladi. Bu joyni hozir ham «o’q yetmas» deb atashar ekan. Umuman, doston Ko’kchatov haqidagi ana shunday rivoyatlarning ko’pchiligini o’zida qamrab olgan. Bu rivoyatlarning axloqiy-tarbiyaviy ahamiyati juda kattadir.
Saken Sayfullin o’zining ijtimoiy faoliyati bilan ham qozoq xalqining madaniyati tarixiga katta hissa qo’shdi. U bir qancha gazeta va jurnallarda muxarrir bo’lib ishladi. Qozog’iston Maorif vazirligida faoliyat ko’rsatib, mamlakatda maorifni tashkillashtirishda katta ishlarni amalga oshirdi. Xullas, Sayfullin o’z ijodiy faoliyati bilan yangi qozoq adabiyoti asoschilaridan biri bo’lib tarixda qoldi.
Bu davrda poeziya yetakchi janr bo’lib, unda J.Jaboyev, Toir Sharoqov, Sobit Muqanov, Abdulla Tojiboyev, G’ali O’rmonovlarning yaratgan poetik asarlari katta ahamiyatga ega bo’ldi. 30-40 yillarga kelib esa qozoq adabiyotida dostonchilikning rivojlanganligi ko’zga tashlanadi.
S.Muqanovning “Oq ayiq”, “Kolxoz ovulining bir kuni”, Toir Sharokovning “Po’lat quyuvchi”, “Oqim”, “Cho’lda o’rmon shovullaydi”, Abdulla Tojiboyevning “Qurmong’ozi”, “Bolalik”, “Jambul” kabi dostonlarida o’z davrining muhim masalalari badiiy tahlil qilinadi. Bular ichida A.Tojiboyevning “Jambul” dostoni ayniqsa zo’r ilhom va mahorat bilan yozilgan. Bu biografik dostonda Jambul hayoti, u yashagan davr voqyealari bilan bog’lab berilgan. Ma’lumki, Jambul yuz yoshdan oshib vafot etgan. Ana shu davrda ko’plab tarixiy voqyealarning guvohi bo’ldi. Jambul doimo o’z xalqining ravnaqi uchun qayg’urgan san’atkor edi. U Rus imperiyasining bosqinchilik siyosatini qoraladi. Romanovlar dinastiyasining uch yuz yilligi nishonlanayotgan paytda, Jambulga bu voqyeaga bag’ishlab she’r yozish topshirilgan. Jambul esa bundan hazar qilishini aytib, u taklifni rad qiladi. Shundan keyin polisiya Jambulni qattiq jazolaydi. Asarda ana shu voqyealar mahorat bilan tasviralngan.
Urush va undan keyingi davr qozoq adabiyotida yangi talantli yozuvchilar yetishib chiqdi. Bu davrda asosan, she’riyat yetakchilik qildi. Urushdan keyingi yillar qozoq adabiyotida bir qancha dostonlar yaratildi. Bu dostonlarning ko’pchiligi zamonaviy mavzuda bo’lib, zamondoshlar obrazi aks ettirilgan edi. J.Moldag’aliyevning “Musa Jalil” nomli dostoni buyuk tatar shoiri Musa Jalilning porloq xotirasiga bag’ishlangan bo’lsa, G.Qairbekovning “Ibray Oltinsarin” poemasi esa buyuk qozoq ma’rifatparvar shoiri hayotiga bag’ishlangan edi.
Urushdan keyingi yillar qozoq adabiyotida prozada asarlar yaratish yetakchi o’ringa ko’tarildi. Bu davrda yirik qozoq prozaik yozuvchilari yetishib chiqdi. I.Ko’beyev, M.Avezov, S.Muqanov, G’.Musrepov, G’.Mustafin singari yozuvchilar ijodi bunga misol bo’ladi. S.Muqanov o’z ijodini she’r bilan boshlagan bo’lsa-da, keyinchalik nasriy asarlar ham yoza boshladi. Uning “Temirtas”, “Bo’tako’z”, “Hayot maktabi” va “Polvon cho’loq” kabi povest va romanlari juda mashhur bo’ldi.
Yozuvchining “Temirtas” romani Qozog’istondagi yer islohoti voqyealariga bag’ishlangan. Bunda Sog’indiq, Qo’zibek, Murodbek va Temirtas kabi obrazlar qozoq ovulidagi yangi hayot tarafdorlari sifatida tasvirlangan. Lekin bosh qahramon asarda voqyealarga aktiv ishtirok etmay, ko’pincha kuzatuvchi sifatida tasvirlangan. Bu adibning birinchi romani bo’lganligi uchun bir qator kamchiliklarga yo’l qo’yilgan edi. Jumaladan, qahramonlar xarakterini tasvirlashda izchillikning yo’qligi, romanning tili g’aliz ishlanganligi kabi nuqsonlar bor edi.
Adib ikkinchi romani “Bo’tako’z” ustida o’n besh yil ishladi. Unda 1914-20 yillardagi tarixiy voqyealar tasvirlangan edi. Birinchi Jahon urushi Oktyabr inqilobi, Grajdanlar urushi, davridagi ijtimoiy-tarixiy voqialar tasviri Asqar, Bo’tako’z, Temirbek, Boltabek, Kuznesov, Bulatov kabi obrazlar vositasida berilgan. Oddiy qishloq qizi Bo’tako’z va maktab o’qituvchisi Asqar Do’sanov bu kitobning bosh qahramonlaridir. Bular Kulakov, Itboy, Koshkin singari salbiy qahramonlarga qarshi qo’yiladi. Asar finalida bu kurash ijobiy qahramonlar g’alabasi bilan tugaydi.
S.Muqanov ijodida turli mavzularga murojaat qilgan. “Polvon cho’loq” nomli povestida 1916 yilgi xalq qo’zg’alonlarini asosiy material qilib olgan. Qo’zg’alonchilar boshlig’i Nurmag’ambet (“Cho’loq polvon” laqabli) podshox hukumatiga qarshi xalqni kurashga boshlaydi. Lekin yozuvchi bu qahramonga ko’plab sifatlarni og’zaki ijod dostonlaridagi qahramonlarga o’xshatib bergani uchun ishonarsiz chiqqan. Bosh qahramon maishatparast, uzoqni ko’ra olmaydigan kishi sifatida taassurot tug’diradi.
S.Muqanovning eng yaxshi asarlarilan biri “Hayot maktabi” deb ataladi. Bu avtobiografik roman shaklida yozilgan asardir. Romanning kompozisiya tuzulishi ham o’ziga xos bo’lib, u kichik-kichik mustaqil hikoyatlardan iborat. Lekin bu hikoyatlar mazmunan bir-biri bilan uzviy bog’langan. Romanga asosiy material qilib XX asr boshlaridagi qozoq xalqining hayoti olingan. Podachi bola Sobit, batrak Muqan Sobitning akasi Mustafo, o’qituvchi Mullag’ozi G’aybulla oqinlar asarning asosiy obrazlaridir.
Atoqli qozoq adibi Muxtor Avezovning nomi ham juda mashhurdir. Uning ijodi ham asosan 20-yillarda boshlanib, dastlab dramatik asarlar yozgan. “Yenlik kebek”, “Qora ko’z”, “Xon kene” singari pyesalarida yozuvchi qozoq xalqi hayotining muhim qirralarini tanlab oldi.
Muxtor Avezov qozoq adabiyotining XX asrdagi eng yirik figurasi. Uning ijodi rang-barang bo’lib, turli janrlarda asar yaratgan. Dastlabki dramasi «Yenlik-kebek» 1917 yilda yozilgan. Bu asar qozoq teatrining shakllanishiga asos bo’ldi desak adashmaymiz. O’sha yili hali hayot bo’lgan Abayning xotini Aygirimning o’tovida bu asar birinchi marta sahnaga qo’yilgan. Asarda Yenlik nomli qiz bilan Kebek nomli yigitning otashin muhabbati kuylangan. Bu asarni qozoqlarning «Romeo va Juletta» si deb ataydi. Ikki yoshning bir-biriga yetishishi uchun chekkan iztiroblari, ularga to’sqinlik qilgan yaramas urf-odatlar juda ta’sirli ifodalangan. Asar voqialari bosh qahramonlarning fojiali o’limi bilan tugasa ham, unda qandaydir xayot baxsh umid hukmron.
Keyinchalik Avezov “Tungi sarin”, “Abay” nomli dramalar yozib, qozoq dramaturgiyasi va milliy teatrining rivojlanishiga muhim hissa qo’shdi. Urush davri va undan keyingi yillarda Muxtor Avezov “Sinov soatlarida”, “Yalang’och qilich”, “Nomus gvardiyasi”, “Olma bog’ida” singari o’nlab g’oyaviy-badiiy jihatdan yetuk dramatik asarlar yaratdi. M.Avezov prozaga dramaturgiya orqali kirib keldi. Uning “Izlar”, “Burgutli ovchi”, “Yelkama yelka” singari dastlabki nasriy asarlari ham ancha muvaffaqiyatli chiqqan.
M.Avezov to’rt tomdan iborat Abay to’g’risidagi roman-epopeya yaratdi. Bu nafaqat qozoq adabiyotida, balki jahon adabiyotidagi tarixiy-biografik romanlarning eng yaxshi namunalaridan sanaladi. Bu asarni yaratish jarayonida yozuvchi ko’plab tarixiy hujjatlarni ko’rib chiqdi. Abay nomi bilan bog’liq xalq orasidagi rivoyatlarni o’rgandi. Natijada dastlab “Abay” nomli pyesa yaratildi. Abay haqida ko’plab ilmiy-publisistik maqolalar e’lon qilindi. Keyinchalik “Abay” va “Abay yo’li” kabi romanlar vujudga keldi. “Abay” tarixiy-biografik romandir. Unda bir tomondan qozoq ma’rifatparvari Abayning hayoti tasvirlangan bo’lsa, ikkinchi tomondan XIX asrdagi qozoq xalqining ijtimoiy hayoti, o’sha davrdagi siyosiy tuzum, tarixiy voqyealar tasvirlangan. Asarda bir-biriga o’xshamaydigan har qaysisi alohida bir tabaqa va guruh vakili bo’lgan obrazlar berilgan. Abayning otasi Qunonboy, onasi Uljon, buvisi Zere kampir, akasi Takejon, turmush o’rtog’i Aygerim, do’sti Erbo’l, advokat Andreyev singarilarning har biri o’ziga xos xarakterlarga ega.
Qozoq adabiyotining yirik vakillaridan biri G’abiddin Mustafinning “Qarag’anda” romani ham katta shuhrat topgan asarlardan biridir. Bunda Qozoq ishchilar sinfining shakllanishi va rivojlanishi badiiy obrazlarda ishonarli qilib tasvirlangan. Qarag’andada ko’mir konining ochilishi, u yerda yashayotgan xalqning ongini o’zgartirib yubordi. Yangi shaharlar bunyod bo’la boshladi. Kechagi qozoq cho’pon yigitlarining ilg’or shaxtiyor bo’lib yetishgani tasvirlangan.
Yozuvchining “Shig’onak Bersiyev” nomli romanida qozoq intelligensiyasi obrazi yaratilgan bo’lsa, “Millioner” nomli romanida esa Qozog’istonda kolxoz tuzumining o’rnatilishi haqida gap boradi. Bu roman bizga Oybekning “Oltin vodiydan shabbodalar” romanini eslatadi. G’abiddin Mustafin keyingi yillarda Qozog’istondagi fuqorolar urushi yillarida bo’lgan voqyealar tasviriga bag’ishlangan “Dovuldan so’ng” nomli asarini yozib, anchagina maqtovlarga sazovar bo’ldi.
Yozuvchi G’abit Musrepov o’zinnig “Qozoq soldati” romani bilan juda mashhur bo’ldi. Bu Tvardovskiyninng mashhur “Vasiliy Tyorkin” asariga o’xshatma tarzda yozilgan. Bunda urushdan oldingi va urush davri qozoq qishloqlarida bo’lib o’tgan voqyealar, frontdagi dahshatli to’qnashuvlar oddiy qozoq yigiti hayotini tasvirash jarayonida ochila boradi. “Uyg’ongan o’lka” romanida esa Qozog’iston cho’llarining qazilma boyliklarga mo’l ekanligi va bu sohadagi o’zgarishlar tasvirlangan.
Yozuvchining «Kiron qush qo’shig’i» hikoyasi jahon hikoyachiligining eng yaxshi namunalari bilan yonma-yon turadi. Negaki, bunda ozodlikka, erkka intilgan burgut obrazi orqali insonning ozodlik haqidagi eng muqaddas tuyg’ulari ifodalangan.
Erjon ovchining Qiron qushi butun atrofga dongi ketgan. U ovga chiqqanda doim katta o’lja bilan qaytadi. Qanchadan-qancha kakliklar, quyonlar, tulkilarni ovlamadi, deysiz. Kunlardan bir kun tulkining terisini archiyotgan Erjonga qarab, qafasda turgan burgutning avzoyi buziladi, Buni tajribali ovchi Erjon darhol payqagan edi, lekin unchalik e’tibor qilmagan edi. Hikoyada burgutdagi o’zgarish qo’yidagicha tasvirlangan.
«Burgutda esa rostakam o’zgarish sodir bo’lgan edi. U uchishni istardi, u – bepoyon dalalarda kezishni istardi, u osmonni istardi. Burgut qanotlari bilan taxta qo’noqni shart-shurt urib, uni bu yerda ushlab turgan kayish bandlarni cho’yan tumshug’i bilan cho’qib, yulib-yulib tashlardi. Uning qalbidagi ozodlik sog’inchi, ozodlik qo’shig’i, osmon qo’shig’i butun jismini o’rtab, tobora ulg’ayib boraradi». Shundan ikki kun o’tgach, Erjon ovga chiqadi. Butalar orasidan sakrab chiqqan quyonga burgutni qo’yib yuboradi. Burgut esa quyonga e’tibor ham bermasdan tobora yuqorilab ketaverdi. Ovchi uni qancha chaqirmasin, u qayrilib ham qaramadi. Burgut ko’k uzra ko’zdan g’oyib bo’ldi. Hikoyaning ikkinchi qismida burgutning o’z qavmi orasidagi hayoti ham juda qiziqarli qilib tasvirlangan. Burgutlarning nasl qoldirish haqidagi hikoyalari va asar yakunida keksa burgutning yosh burgutchalarga bergan o’git-nasihatlari barchasi falsafiy teran ma’nolarda ifodalangan.
«O’zlaringiz osmonda, o’ylaringiz tubanda yurgandan, o’zlaringiz tubanda o’ylaringiz osmonda yursin, chirog’im. Yuksaklik nima-yu, tubanlik degan nima? Shunda tushunasizlar». Ana shu parchaning o’zida qanchadan-qancha ma’no borligi ham bu hikoyaning katta mahorat bilan yozilganligidan darak beradi.
XX asr qozoq adabiyotining yirik vakillaridan Anvar Olimjonov «O’tror tangasi», «Yashil tog’lar», «Quyosh sari borayotgan karvon» kabi qissalarni yozib o’quvchilar orasida ancha mashhur bo’ldi. Ayniqsa uning «Mahambet nayzasi» nomli tarixiy romani qozoq adabiyotidagi eng yaxshi tarixiy romanlardan biri sifatida baholangan. Bu asarda tarixiy shaxs Mahambet oqinning xalq ozodligi uchun olib borgan kurashi tarixiy voqialar vositasida juda ishonarli tarzda tasvirlangan. 
Mahambetning Xiva xoni bilan olib borgan muzokoralari, uning nihoyatda aqlli, sermulahoza kishi ekanligini ko’rsatadi. Bundan tashqari kitobda qozoqlarda o’rta juz xonligining tashkil topishidagi tarixiy voqialar ham qiziqarli tarzda aks ettirilgan. Pavel – 1-ning qozoq xalqiga nisbatan olib borgan siyosati, uning urug’lar o’rtasida kelishmovchilikdan foydalanib qozoq yerlarini asta-sekinlik bilan egallab borishi, xon Bekey, Xon Jangir kabilarning o’z xalqiga o’tkazgan zolimliklari bu asarda haqqoniy tasvirlab berilgan.
XX asr taniqli qozoq yozuvchisi Dukenboy Do’sjanovning ijodi hikoyalar yozish bilan boshlangan. Adibning «O’tror», «Forobiy» nomli tarixiy qissalari ancha muvaffaqiyat qozongan.
Uning «Ipak yo’li» romanida qozoq xalqining tarixiga murojaat qilingan. Mug’ul bosqinchilarining dashti qipchoqni zabt etishi, ularga qarshi kurishgan qozoq vatanparvarlarining obrazi berilgan.Qadimgi Ipak yo’lidagi savdo karvonlari va turli xalqlarning vakillari obrazlari juda yaxshi berilgan.
O’tror hokimi Ilonchiq Qodirjon obrazi aqlli, tadbirkor davlat arbobi sifatida gavdalanadi. U oxirgi nafasigacha qalani himoya qilib mug’ul bosqinchilariga qarshi kurashdi. Juda ko’p sonli mug’ul lashkarlariga uzoq vaqt qarshilik ko’rsatdi. Oshaqboy, Qipchoqboy, Barchinoy kabilarning mug’ul bosqinchilariga qarshi kurashi ham juda ishonarli berilgan kitobda xalq xayotidan olingan lavhalar juda yaxshi chiqqan. Xalqning turli urf–odatlari, bayramlari, milliy sport o’yinlari, tabobati kabilar haqida ham ma’lumot olamiz. Qipchoqlarning qadimgi davlatining bosh shaharlaridan biri O’trorning chingiziylar tomonidan qamal qilinishi, shahar himoyasidagi xalqning jasorat va qahramonliklari turli xarakterlar orqali berilgan.
Xorazmshohning xotasi, Temur Malikning elchini o’ldirishi, 450 ga yaqin sovdogarlarning qatl etilishi, keyin mug’ullarning urush e’lon qilishi tarixiy faktdir. Yozuvchi ana shu tarixiy voqialarni badiiy haqiqatga aylantira olgan.
O’tror kutubxonasi tasviri, Hisomitdin, Pirmuxammad, Ismoil kabi olimlar obrazi ham durust berilgan. Kitob sho’rolar davrida yozilganligi uchun bo’lsa kerak, avtorning Rus davlatiga xayrixohligi sezilib turadi. Rus sovdagarlarining bilimdon, adolatparvar qilib tasvirlanishi, Ilonchiq Qodirxonning rus davlati bilan aloqa bog’lash uchun harakatlari bunga misol bo’la oladi. Kitob qozoq xalqining qadimda chet el bosqinchilariga qarshi kurashini, qahramonliklarini aks ettirib bergan.
Ilyos Yesenberlinning «Ko’chmanchilar» nomli roman- epopeyasi ham tarixiy asar bo’lib, u uch katta qismdan iborat. Asarda Chingizxon davridan tortib to X1Xasrgacha bo’lgan tarixiy voqialarga munosabat bildirilgan.
Albatta asarda tarixiy faktlarni ba’zan buzib ko’rsatilgan joylariga ham duch kelamiz. Masalan, Abulxayron va uning nevaralari Shayboniyxonga nisbatan qo’yilgan ayblarning ko’pchiligi asossizdir. Bularga qaramasdan adib juda ko’plab tarixiy shaxslar haqida to’g’ri fikrlar aytgan. Qo’qon xonlari bilan Qozoq xonlari o’rtasidagi munosabatlar to’g’ri yoritilgan. Xalq oqinlaridan Hasan Qayg’u, Buxor Jirovlarning obrazlari ham durust chiqqan.
Keyingi yillarda qozoq adabiyotida Jadid yozuvchilarining asarlari ham qayta nashr qilinmoqda. Ana shulardan biri Muxtor Mag’avin bo’lib, u o’z asarlarida turkiy xalqlarni birlashtirishga harakat qilgan. So’ngi yillarda qozoq adabiyotiga bir qator talantli yozuvchilar ijod qilmoqda.



Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   34




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin