inqiroz, turg‘unlik, jonlanish, yuksalish fazalari ajratib
ko‘rsatiladi. Ana shu fazalarning har biri rivojlanishi jaryonida navbatdagi fazaga
o‘tish uchun sharoit yuzaga keladi.
Iqtisodiy siklning dastlabki fazasi
inqirozdan boshlanib, u ishlab
chiqarishning pasayishida ifodalanadi.
Inqirozdan keyin
turg‘unlik fazasi boshlanib, u nisbatan uzoqroq davom
etadi. Bu fazada ishlab chiqarish darajasining barqarorligi ta’minlansada, u inqiroz
boshlanishidan oldingi darajaga nisbatan ancha past bo‘ladi. Narxlarning pasayishi
to‘xtab, ssuda foizlari pasayadi, tovar zahiralari barqarorlashadi. Biroq
ishsizlikning yuqori darajasi saqlanib qoladi. Turg‘unlik fazasi davomida iqtisodiy
faollik jonlanishi uchun sharoitlar vujudga kelishi nihoyasiga etadi.
Jonlanish fazasida ishsizlik darajasi bir oz qisqarib, ishlab chiqarish darajasi
sekin-asta o‘sib boradi. Narxlar ham asta ko‘tarilib, ssuda foizi o‘sa boshlaydi.
Iqtisodiyotning bandlik darajasining ortishi va foyda hajmining tezlik bilan o‘sishi
jonlanish fazasining yuksalish bosqichiga o‘sib o‘tishiga imkoniyat yaratadi. Yangi
sikl yuksalishning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi.
Yuksalish fazasida ishchi kuchiga bo‘lgan talabning kengayishi ishsizlikning
birmuncha kamayishiga hamda ish haqining o‘sishiga olib keladiki, buning
oqibatida iste’mol tovarlariga to‘lovga qodir talab kengayadi. Pirovard talabning
oshishi, o‘z navbatida, iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi tarmoqlarga, bozorni
kengaytirishga jadal turtki beradi. Raqobat va foyda ketidan quvish oqibatida
nomutanosibliklarning to‘planib borishidan iborat zanjirli reaksiya tezlashadi. Bu
bilan yangi inqiroz muqarrar bo‘lib qoladi.
Alohida iqtisodiy sikllar bir-biridan davomiyligi va intensivligi bo‘yicha
keskin farqlanadi. Shunga qaramay, ularning hammasi bir xil fazalarga ega bo‘ladi.
Biroq bu fazalar turli tadqiqotchilar tomonidan turlicha nomlanadi. Masalan,
yuqorida ko‘rib chiqilgan iqtisodiy siklning fazalari klassik tavsifga ega bo‘lib,
ularni quyidagi 1-chizma orqali ifodalash mumkin.