3-bob. Texnik reglamentlar 15-modda. Texnik reglamentlarning turlari O‘zbekiston Respublikasida texnik reglamentlarning quyidagi turlari qo‘llaniladi:
umumiy texnik reglamentlar;
maxsus texnik reglamentlar.
16-modda. Texnik reglamentlarda mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligini ta’minlashga doir talablar Texnik reglamentlarda mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligini ta’minlashga doir talablar quyidagilar bo‘yicha belgilanishi mumkin:
biologik xavfsizlik;
mexanik xavfsizlik;
kimyoviy xavfsizlik;
yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik;
yong‘in xavfsizligi;
elektr xavfsizligi;
mashina va uskunalarni ishlatish (ulardan foydalanish) hamda utilizatsiya qilish xavfsizligi;
elektromagnit mosligi;
qurilish ishlari xavfsizligi;
binolar, inshootlardan va ularga tutash hududdan foydalanish xavfsizligi;
ekologik xavfsizlik;
veterinariya xavfsizligi;
sanoat va ishlab chiqarish xavfsizligi;
portlash xavfsizligi;
axborot xavfsizligi;
o‘lchovlarning va sinovlar usullarining bir xilligini ta’minlash.
Texnik reglamentlarda mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligini ta’minlashga doir boshqa talablar ham belgilab qo‘yilishi mumkin.
17-modda. Texnik reglamentlarning mazmuni Texnik reglamentlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligi tavsiflari;
xavfsizlik talablari belgilanayotgan mahsulotlar va xizmatlarning to‘liq ro‘yxati;
atamalarga, o‘rov-idishga, tamg‘alarga yoki yorliqlarga hamda ularni aks ettirish qoidalariga va mahsulotni identifikatsiya qilishga doir talablar;
Oldingi tahrirga qarang. davlat nazoratini amalga oshirish tartibi;
mahsulotlar va xizmatlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun zarur bo‘lgan qoidalar.
Zararli mikroorganizmlar va qo‘shimchalar, kasalliklar, kasallik tarqatuvchilar, ifloslantiruvchi moddalar, toksinlar, zararkunandalar va begona o‘simliklar kirib kelishi yoki tarqalishi munosabati bilan yuzaga keladigan insonning hayoti va sog‘lig‘iga, atrof muhitga zarar yetkazilishi xavfi darajasi hamda zararni bartaraf etish hisobga olingan holda texnik reglamentlarda sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlari ham ko‘rsatilishi kerak.
Sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya va fitosanitariya qoidalari va normalarida quyidagilar belgilanadi:
mahsulotga, uni sinash, tekshirish tartib-taomiliga, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va fitosanitariya xulosasini berish tartibiga doir majburiy talablar;
karantin va veterinariya-sanitariya qoidalari, shu jumladan hayvonlar va o‘simliklarni tashish bilan bog‘liq talablar;
namunalar olish usullari va tartib-taomili, insonning hayoti va sog‘lig‘iga, atrof muhitga zarar yetkazilishi xavfini tadqiq etish hamda baholash usullari, shuningdek texnik reglamentlarda ko‘rsatilgan boshqa talablar.
Texnik reglamentlarda mahsulotning konstruksiyasiga va bajarilishiga doir talablar bo‘lmasligi lozim, insonning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi xavfi darajasi hisobga olingan holda mahsulotning konstruksiyasiga va bajarilishiga doir talablar yo‘qligi sababli mahsulot xavfsizligi ta’minlanmasligi hollari bundan mustasno.
Mahsulotlar va xizmatlardan uzoq muddat foydalanilishi oqibatida va (yoki) yo‘l qo‘yiladigan xavf darajasini aniqlash imkoniyatini bermaydigan boshqa omillar ta’siri sababli insonning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlatning mol-mulkiga zarar yetkazadigan mahsulotlar va xizmatlarga doir talablar texnik reglamentlarda bo‘lmasligi kerak. Bunda texnik reglamentlarda ehtimol tutilgan zarar to‘g‘risida hamda insonning hayoti va sog‘lig‘iga, atrof muhitga zarar yetkazilishi xavfi qaysi omillarga bog‘liq bo‘lsa, shu omillar haqida iste’molchilarni xabardor qilishga doir talablar bo‘lishi mumkin.
Texnik reglamentlarda mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligiga doir quyidagi maxsus talablar bo‘lishi mumkin:
qonunchilikda belgilangan ayrim toifadagi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i muhofaza qilinishini ta’minlaydigan maxsus talablar;
texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda insonning hayoti va sog‘lig‘iga, atrof muhitga, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlatning mol-mulkiga tahdid soluvchi transchegaraviy xavfli ishlab chiqarish obyektlariga oid maxsus talablar.
Davlat sirlaridan va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirdan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan texnik reglamentlar qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.
Texnik reglamentlar tugal bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi hamda ularga faqat belgilangan tartibda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan o‘zgartirilishi mumkin.