Grammatika va imlo qoidalarini o‘rgatish bo‘limi takrorlash, tovush va harflar, so‘z, gap, bog‘langan nutq kabi qismlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Aqli zaif o‘quvchilarda bilish faoliyatida hamda nutqning rivojlanishida kuzatiladigan nuqsonlar grammatika va imloning o‘zlashtirilishini ancha qiyinlashtiradi. Shuni hisobga olib, yordamchi maktablar uchun “Ona tili, yozuv, o‘qish va nutq o‘stirish” dasturida barcha sinflarda tovush-harflarni tahlil qilish, lug‘at ustidagi ishlarga juda katta e’tibor berilgan. O‘quvchilar tovushlarni idrok etish va talaffuz qilishga, bir-biridan ajratish, analiz va sintez qilishga, ovozning kuchayishi va pasayishini nazorat qilishga, pauza qilishga, unli va undosh, jarangli va jarangsiz tovushlarni farqlashga o‘rganadilar.
“Tovush va harflar” bo‘limida o‘quvchilar nutq tovushlarini eshitib va talaffuz qilib, ularni bir-biridan farq qiladigan holatlarni, adabiy til talaffuzi qoidalarini o‘rganadilar. So‘zni fonetik va morfologik tahlil qilishga asoslanuvchi imlo qoidalarini o‘zlashtirgan holda xatosiz yozish ko‘nikma va malakalarini hosil qilish ishlariga ham dasturda alohida o‘rin ajratilgan.
Amaliy mashqlar asosida o‘quvchilar buyum va narsalarning nomi, harakati, sifatini bildiradigan so‘zlarni o‘zlashtirib oladilar. So‘z voqelikdagi buyum yoki hodisani ifodalab, ma‘no bildirishini, gap tarkibida, ayniqsa, bog‘lanishli matnlarda yangi-yangi ma‘no kasb etilishi mumkinligini, shakl jihatdan turlicha bo‘lgan so‘zlar bir xil yoki yaqin ma‘no bildirishini, shuningdek, ba‘zi so‘zlarning ma‘no jihatidan bir-biriga qarama-qarshi bo‘lishini o‘rganadilar.
Fikrni aniq ifodalash uchun ma‘no jihatidan mos so‘zni tanlash zarurligini anglab oladilar. Leksik mashqlar birinchi sinfdanoq boshlanib, muntazam ravishda izchillik bilan mantiqiy mashqlar bilan qo‘shib olib boriladi. Dasturning “So‘z tarkibi” bo‘limida o‘quvchilarga asos va asosdosh so‘zlar haqida tushuncha beriladi, so‘zlarning o‘zgarishi va yasalishi haqidagi tasavvurlari kengaytiriladi.
Ular asos, so‘z yasovchi va so‘zlarni o‘zaro bog‘lovchi qo‘shimchalarni ajratish, asoslarni bir-biri bilan qiyoslash, tarkibi bilan o‘xshash asoslarni og‘zaki va yozma nutqda to‘g‘ri ishlata olish ko‘nikmalarini egallab olishlari lozim.
“So‘z turkumlari” bo‘limida mavzular aqli zaif o‘quvchilarning og‘zaki hamda yozma nutqini rivojlantirib, kelajakda mustaqil hayot kechirishda zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga mo‘ljallangan hajmda berilgan.
“Gap” nomli bo‘limda nutqni gaplarga bo‘lish, ifoda maqsadiga ko‘ra darak, so‘roq, undov gaplar tuza bilish, gap oxirida tinish belgilarining ishlatilishini o‘rganish kabi talablar qo‘yilgan. O‘quvchilar gapning bosh bo‘laklari, ega va kesim, ikkinchi darajali bo‘laklari haqidagi tushunchalarga ega bo‘lib, gapning uyushiq bo‘laklari, sodda va qo‘shma gaplarni og‘zaki va yozma nutqida to‘g‘ri ishlata bilishlari lozim. Dasturda gap haqida mustaqil hayotda zarur bo‘lgan barcha ma‘lumotlarni egallashi talab etiladi.
“Bog‘lanishli nutq”. O‘quvchilarining bog‘lanishli og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish ishlarini bolaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi belgilangan. Tovush va so‘zlarni aniq, to‘g‘ri talaffuz etishga va yozishga, lug‘atni boyitish, nutqni grammatik tomondan to‘g‘ri ifodalash, o‘z fikrlarini og‘zaki va yozma shaklda bayon etishga o‘rgatishga alohida e’tibor berilgan.
Buning uchun savolga javob qaytarish, rasmlar ustida ishlash, berilgan so‘zlardan gap tuzish kabi va boshqa turdagi ishlar bajarilishi tavsiya etilgan. 5-8-sinflarda qisqa bayon va diktantlar, ish qog‘ozlarini yozishga o‘rgatish mashg‘ulotlari amalga oshiriladi. Yozma ish haqida tushuncha berish va uni to‘g‘ri bajarishga o‘rgatish hamda o‘z fikrlarini yozma ravishda aniq, to‘g‘ri bayon etishga o‘rgatish. Ayniqsa ariza, tarjimayi hol, ma‘lumotnoma, tilxat va boshqalar.
Dostları ilə paylaş: |