Namangan Davlat Pedagogika Instituti Boshlang’ich ta’lim 1-kurs -kompy.info
Tarbiya - shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, ma’naviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon; insonning jamiyatda yashashi uchun zarur boʻlgan hissiyotlarga ega boʻlishini ta’minlash yoʻlida koʻriladigan chora-tadbirlar yigʻindisi [6]. Demak, tarbiya ijtimoiy hodisa boʻlib, insoning shaxs boʻlib shakllanishini ta’minlaydigan eng qadimiy va abadiy ma’naviy qadriyatdir. Tarbiya insoniyat paydo boʻlishi bilan birga paydo boʻlgan boʻlib, usiz alohida shaxs ham, kishilik jamiyati ham faoliyat koʻrsata olmaydi. Chunki, tarbiya inson va jamiyatning mavjudligini ta’minlaydigan qadriyat boʻlib, u avloddan, avlodga oʻtib boraveradi.
Tarbiya yordamida inson shaxsining ma’naviy jihatlarini qaror toptirish koʻzda tutiladi. Dunyoqarash, e’tiqod ezgulik, goʻzallik, yaxshilik, odatlilik va koʻnikmalarning shaxs sifatiga aylantirilishi tarbiya yordamida amalga oshiriladi. Tarbiya jarayoni oʻzaro bogʻliq boʻlgan ikki faoliyatni – oʻqituvchi va oʻquvchi faoliyatini oʻz ichiga oladi. Tarbiya jarayonida oʻquvchining ongi shakllanib boradi. His-tuygʻulari rivojlanadi, ijtimoiy hayot uchun zarur boʻlgan va ijtimoiy aloqalarni tashkil etishga xizmat qiladigan xulqiy odatlar hosil boʻladi.
Tarbiya jarayonida bolalarning hayoti va faoliyatini pedagogik jihatdan toʻgʻri uyushtirish gʻoyat muhimdir. Faoliyat jarayonida bola tashqaridan kelayotgan tarbiyaviy ta’sirlarga nisbatan ma’lum munosabatda boʻladi. Bu munosabat shaxsning ichki ehtiyoj va xohishlarini ifodalaydi. Psixolog va pedagoglarning tadqiqotlari shaxsga tashqi omillarning (xoh salbiy, xoh ijobiy) ta’siri bolaning ularga munosabati, bogʻliqligini koʻrsatadi. Bola faoliyatini uyushtirish emas, balki tarbiyalanuvchining bu faoliyatga nisbatan qanday anglashni baholashi, his qilishni anglashi e’tiborga molikdir.
Ulardan oʻzi uchun nimalarni maqsad qilib olayotganligini bilishi zarur. Bularning barchasi turli kishilar bilan aloqa qilish, jamoadagi munosabatlar jarayonida murakkablashib boradi. Tarbiya jarayoni oʻquvchining ongini emas, balki his-tuygʻularini ham oʻstirib borishi, unda jamiyatning shaxsga qoʻyadigan axloqiy talablariga muvofiq keladigan huquqiy malaka va odatlarni hosil qilishi lozim. Bunga erishish uchun oʻquvchining ongiga, hissiyotiga va irodasiga ta’sir etib boriladi. Agar bularning birortasi e’tibordan chetda qolsa, maqsadga erishish qiyinlashadi.