Umumiy pedagogika fanidan 1-kurs sirtqi ta’lim talabasi Kenjaeva Zebo uchun 3-mustaqil ish topshirig’i 1-topshiriq: Ixtiyoriy maktab, kollej, MTT, yoki oliygohga borib siz uchun qadrli bo‘lgan pedagog bilan bir soatlik dars yoki mashg‘ulot taqdimnomasida ishtirok eting. Jarayonni rasm va izohlar bilan Power point dasturida yoritib bering.
V
2- topshiriq: Pedagogik tavsifiy belgilari aks ettirilgan “Mening ustozim” mavzusida esse yozing. “Mehribon ustoz, bag‘rikeng inson, farishtamonand ayol...” Bu so‘zlarni tilga olganimda, ko‘z o‘ngimda birinchi ustozimning samimiy chehrasi gavdalanadi. O‘ylab ko‘rsam, birinchi o‘qituvchim haqida juda oz narsa bilar ekanman. Bilganlarim ham mana shu soddagina tavsif-u, unga nisbatan qalbimda yillar osha ulg‘aygan, o‘z shaklini, rangini o‘zgartirib borgan tuyg‘ular, xolos.
Ilk qadam
Yetti yoshga to‘lmay opamga ergashib maktabga chiqdim. “Maktab”, “o‘qituvchi” degan so‘zlarning mohiyatini hali to‘la anglamagan, ruchka ushlashni ham eplolmaydigan bola edim. Ko‘nglimda ishonchning murg‘ak tomirlarini uyg‘otgan va uni kelajak orzulariga payvand aylagan birinchi ustozim!
Bu shunday ishonchki, mashaqqat onlarida toqat, baxtli lahzalarda shukronalik bo‘lib qalbimda ko‘z ochdi. U yashash uchun kuch berib, quloqlarim ostida “Sen hammasini uddalaysan”, degan sado bo‘lib jaranglayveradi.
Esimda, maktabga qatnay boshlaganimga bir hafta bo‘lmay topshiriqlaringizdan charchadim. Soatlab partada o‘tirishdan zerikdim. Bog‘chadagi kabi istagan paytimda do‘stlarim bilan o‘ynashni, o‘yinchoqlar talashishni qo‘msadim. Mendagi loqaydlik, dangasalikni ko‘rib qo‘limga rasmli kitob tutqazdingiz. Ertak qahramonlarini ranglarga ajratib bo‘yash, ular haqida bilganlarimni gapirib berishni vazifa qilib topshirdingiz. Sinfdoshlarim harf tanib, yozishni o‘rganayotganda, men topshirig‘ingizni bajarishga harakat qildim-u, uddalay olmadim. Sababi, yozishni ham eplolmaydigan, tengdoshiga umid bilan tikilgan qorako‘zlarga kitobdagi suratlarga qarab ertak aytish, voqealarni qiziqarliroq qilib yetkazish oson emasligini tushundim. Harf tanimasligim menga pand berganini angladim. Sinfdoshlarimdan ortda qolmaslik uchun hijjalab o‘qishni, harflarni chiroyli va bexato yozishni o‘rgandim. Dilga dalda bo‘lguvchi mehrli nigoh-la bergan saboqlaringiz bois, ko‘p o‘tmay, sinfning eng a’lochi o‘quvchilari safidan joy oldim. Nutqimning ravon bo‘lishida beminnat dastyor – kitob bilan do‘st bo‘ldim. Bu do‘stim yillar mobaynida yo‘limni ziyo nurlari bilan yoritdi. Osmon kabi yuksak orzularim tomon yetakladi.