3. Transformatsiya metodi. Transformatsiya metodi dastlab deskriptiv lingvistika nazariyotchilaridan biri Z.S.Xerris tomonidan tavsiya qilingan edi. Uning fikriga ko‘ra, transformatsion tahlil (TT) BI metodi duch kelgan murakkabliklarning bir qancha qismini bartaraf qilishga yordam beradi. TT ko‘p jihatdan til tuzilish tahlilining algebraik metodini namoyon qiladi.
Z.S.Xerris tomonidan tavsiya etilgan TM uning shogirdi N.Xomskiy tomonidan rivojlantirildi. L.S.Barxudarov transformatsion lingvistika (TL)ni ham o‘z ichiga olgan generativ lingvistikani (GL) struktur lingvistikadan farqlagan holda, uni tilshunoslikning struktur lingvistikadan keyingi bosqich deb hisoblaydi.
U tilshunoslik tarixini olamni bilishning dialektik nazariyasi belgilab bergan uch bosqichning qaysisiga tayanib ish ko‘rish belgisiga ko‘ra uch bosqichga - uch grammatik nazariyaga bo‘ladi: a) an’anaviy, b) struktur, v) generativ (tug‘diruvchi) lingvistika.
Hozirgi kunda empirizm nomi bilan yuritilayotgan tilshunoslik yo‘nalishi L.Blumfild nomi bilan bog‘lansa, unga qutbiy zidlanishda turuvchi ratsionalizm yo‘nalishidagi generativ lingvistika N.Xomskiy nomi bilan bog‘liqdir. Bu ikki yo‘nalish o‘rtasidagi muhim farqlovchi belgilar empirizm va ratsionalizm, mentalizm va antimentalizmdir. L.Blumfild ma’nodan holi bo‘lgan shaklni o‘rganishni targ‘ib qiladi. SHuning uchun uning g‘oyasi antimentalistik xarakterga ega.
TMga muvofiq, har qanday tilning sintaktik sistemasini yadro gaplar nomi bilan yuritiluvchi eng kichik (elementar) gaplar tiplari yig‘indisi sifatida gavdalantirish mumkin. Yadrogaplar deb sodda, yig‘iq, darak gap tushuniladi. Fe’l kesimli gap bo‘lsa, kesimi aniq nisbatda turadi. Bu eng kichik gaplar har bir tilning sintaktik sistemasining asosini tashkil etadi.
Yadro gaplardan turli shakliy o‘zgarishlar asosida asosiy ma’noni saqlagan holda ikkilamchi sintaktik qurilmalarning hosil qilinishi transformatsiya hisoblanadi. Bu metod gapning shakliy va mazmuniy tuzilishlarining o‘zaro munosabati zaminida vujudga keladi.
TM gapning ichki va tashqi strukturasi va bu struktura birliklarining o‘zaro munosabatiga tayanadi. Deskriptiv lingvistikada qo‘llanuvchi ichki struktura gapdan anglashilgan ma’no tuzilishini, tashqi struktura esa muayyan mazmuniy tuzilishining shakliy, ifoda tomonini bildiradi.
V.S.Xrakovskiy ta’kidlaganidek, matn tarkibidagi har qanday gap (jumla) nutqiy faoliyatning yakuniy hosilasi sanalib, murakkab, ko‘p qirrali xususiyatga ega bo‘ladi. SHuning uchun uni turli tomondan atroflicha o‘rganish mumkin.
Bir yo‘nalish doirasida nutqiy jarayonda gap hosil qilishga oid masalalar asosiy o‘rganish ob’ekti bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalish doirasida gap modellari ro‘yxatini, inventarini belgilash bilan bog‘liq sof lingvistik masalalar o‘rganiladi. A.V.Isachenkoning fikriga ko‘ra, sintaktik modellarning yakuniy modellarini izlash ilmiy sintaksisning birlamchi va asosiy vazifasidir. Lekin tadqiqot maqsadi faqat gap modellarining statistik tavsifi bilangina cheklanib qolmasligi lozim. Sistemaviy sintaksis uchun sinxroniyadagi u yoki bu sintaktik modellar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni yoritish, statistik tavsifni dinamik tavsif bilan to‘ldirish zarur bo‘ladi.
Transformatsion tahlil ana shunday zaruriyatni qoplash vazifasini bajaradi. TM uchun yadro gap, transformatsiya qoidasi vahosila gap tushunchalari muhim sanaladi.
YAdro gap, ya’ni transformatsiya uchun asos bo‘lgan gap operand, hosila gap transform yoki transformand, operanddan transformandni hosil qiluvchi vosita tansformatsiya operatori deb yuritiladi.
Z.Xerrisning fikriga ko‘ra, transformatsiya bir gapning ikkinchi gap shakliga shunday o‘zgarishiki, unda asos gap hosila gap o‘rtasida ham leksemalar tarkibi, ham ma’nosi nuqtai nazardan bir xillik mavjud bo‘ladi. Demak, mazmuniy mundarija transformandlar uchun invariant sanaladi. Operand bilan transformand o‘rtasida transformatsiya munosabati mavjud bo‘ladi. Ular ikkisi o‘zaro transformatsiya munosabati bilan bog‘langan bo‘ladi. SHunday qilib, o‘zaro transformatsiya munosabatida bo‘lgan gaplar bir xil leksik maqomga ega bo‘lib, bir xil elementar ma’nolar kombinatsiyasidan tashkil topgan holda, turli xil grammatik (shakliy) maqomga ega bo‘ladi.
Ko‘pchilik mualliflar tomonidan transformatsiyaning to‘rtta qoidasi qayd etiladi:
1) O‘rin almashtirish transformatsiyasi yoki permutatsiya transformatsiyasi. Bunda yadro gap tarkibidagi sintaktik birliklarning o‘rni almashtiriladi. Lekin bu qoida amalga oshirilganda, sintaktik birlikning mohiyati o‘zgarmasligi kerak.
2) Substitutsiya, ya’ni yadro gap tarkibidagi bir elementni o‘zaro substitutsiya munosabatida bo‘lgan boshqa element bilan almashtirish.
3) Ad’yunksiya, ya’ni yadro gap tarkibiga boshqa elementlarni qo‘shish.
4) Ellipsis, ya’ni yadro gap tarkibidan ayrim elementlarni soqit qilish.
TMning DMdan kuchli tomoni shundaki, DM 40-50-yillargacha faqat faktlarni tahlil qilish bilan cheklangan bo‘lsa, TM tahlil metodlarini ishlab chiqishga asosiy e’tiborni qaratdilar.
TMdagi ana shu cheklangan tomonni e’tiborga olgan holda, V.S.Xrakovskiy sintaktik transformatsiya bilan sintaktik derivatsiyani bir-biridan farqlash lozimligini ta’kidlaydi.
S.D.Katsnelson ham gaplar o‘zaro faqat transformatsiya munosabatida emas, balki derivatsiya munosabatida ham bo‘lishini bayon qilgan edi.40
SHuning uchun V.S.Xrakovskiy sintaktik derivatsiya deb hosila gapning asos gapdan grammatik maqomi va mazmuni jihatidan farq qiladigan shakliy o‘zgarishni tushunadi. U derivatsiyaning tarkibiy qismlarini ham transformatsiyaning tarkibiy qismlariga anologiya yo‘li bilan quyidagicha belgilaydi: asos gap uchun operand, hosila gap uchun derivat, yasovchi vosita uchun esa derivatsiya operatori atamalarini qo‘llaydi.