Ssenariy va skript o‘rtasidagi farq nimadan iborat?
Freym bu nima?
Geshtalt bu nima?
Kategoriyalashda prototiplar qanday o‘rin iegallaydi?
Foydalanish uchun adabiyotlar: 1. Umarxo‘jaev M.E. Umumiy tilshunoslik. – Andijon, 2007.
2. Sodiqov A., Xolmurodov A. Umumiy tilshunoslik. – Toshkent, 2014.
3. Kondrashov N.A. Istoriya lingvisticheskix ucheniy.– M., 2009.
4. Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. – T, 2010.
9-MA’RUZA. XX-XXI ASRLAR TILSHUNOSLIGINING ASOSIY YO‘NALISHLARI VA ZAMONAVIY TAHLIL METODLARI. IJTIMOIY TILSHUNOSLIK
Reja: 1. Sotsiolingvistika va sotsiolingvistik tahlil prinsiplari.
2. Sotsiolingvistik tahlil.
3. Til ijtimoiy funksiyalarini ta’riflash va tasniflash.
1. Sotsiolingvistika va sotsiolingvistik tahlil prinsiplari Til va jamiyatning o‘zaro aloqadorlik masalalari va ularni tadqiq etish muammolari F.de Sossyurning lingvistik qarashlariga borib taqalishi ilmiy adabiyotlarda ta’kidlanadi.
F.de Sossyurning sotsiolingvistik qarashlarining asosini «til jamiyatning sotsial boyligi sifatida shu tilda gaplashuvchi barcha jamiyat a’zolari uchun xos bo‘lgan lingvistik belgilar sistemasi, “nutqiy qobiliyatning sotsial hosilasi” degan fikr tashkil etadi.
SHuningdek, A.Meye F.de Sossyurning izidan borar ekan, tilni ijtimoiy hodisa sifatida e’tirof etib, uni ijtimoiy fakt bo‘lib, til hodisalari ijtimoiy shart-sharoitlar tomonidan belgilanadi, tildagi o‘zgarishlarning zaminida jamiyatdagi o‘zgarishlar yotadi deya ta’kidlaydi. Bu g‘oyalar zamonaviy sotsiolingvistika yo‘nalishining asoslarini tashkil etdi. Tilning – ijtimoiy hodisa ekanligi xususidagi qarashlar o‘z kuchini yo‘qotmadi, aksincha zamonaviy tilshunoslikda ham asosiy lingvistik tarmoqlardan biri sifatida o‘z mavqeini saqlab qoldi.
Ta’kidlash joizki, tilshunos olim N.Turniyozovning ma’lumotlariga ko‘ra, tilning ijtimoiy tabiati uning jamiyatdagi kishilar o‘rtasida aloqa quroli sifatidagi ijtimoiy vazifasini bajarishida ifodalanadi. SHuningdek, A.Nurmonov va SH.Iskandarovalarning ma’lumotiga ko‘ra, sotsiolingvistika tilning ijtimoiy mohiyati, ijtimoiy vazifasi, unga ijtimoiy omillarning ta’siri, til taraqqiyotida til siyosatining roli kabi masalalar bilan shug‘ullanuvchi tilshunoslikning tarmog‘i sanaladi. Ularning fikricha, sotsiolingvistikaning eng asosiy vazifalaridan biri “jamiyat lisoniy hayotiga ilmiy texnika revolyusiyasi ta’sirining xarakteri, tempi, ko‘lami, sohalari va xususiyliklarini aniqlash” hisoblanadi. Sotsiolingvistik nuqtai nazardan, til hodisalari (barcha sathlarda) ijtimoiy shartlashgandir.
Tilni sotsiolingvistik aspektda tadqiq qilgan tilshunos olima B.Y. Qo‘shoqovaning e’tirof etishicha, tilning taraqqiy etishida jamiyatning roli, xususan, ijtimoiy omillarning ahamiyati katta bo‘lib, ular tilning ichki strukturasi va funksiyalaridagi o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Bunga ko‘ra tilning rivojlanishida ijtimoiy omillarning tutgan o‘rni katta bo‘lib, bu esa o‘z o‘rnida til va jamiyat o‘rtasidagi aloqadorlikni asoslaydi.
Xususan, olima til funksional rivojlanishini sotsiolingvistik nuqtai nazardan tadqiq etar ekan, bunda aynan o‘zbek tilining funksional rivojlanishida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi (til siyosati), mustaqillik omili, ijtimoiy tizimning o‘zgarishi, ishlab chiqarish sohasidagi imkoniyatlarning kengayishi, ilm-fandagi o‘zgarishlar, adabiyotdagi yangiliklar, davlat boshqaruvidagi o‘zgarishlar, mavkuraviy jarayonlar kabi ijtimoiy omillarning ta’sirini alohida ta’kidlaydi.
Zamonaviy sotsiolingvistikaning maqbul ta’rifi quyidagi ikki aspekt bilan belgilanadi: tilning uning ijtimoiy kontekstidagi tadqiqi; ijtimoiy hayotning lingvistika orqali o‘rganilishi. Sotsiolingvistika quyidagi masalalarga javob topishga urinadi:
a) nutq shakllari va kommunikatsiya ko‘rinishlari makon va zamon aspektida qanday tarqalishi yoki xoslanishi;
b) individual shaxs va ijtimoiy guruh vakillari tilda va til orqali o‘zlarini qay holda tavsiflashi;
v) turli ijtimoiy hududlarda insonlar tomonidan qabul qilingan muloqot (so‘zlashuv) tarzi qay holda bir-biridan farqlanish masalalari;
g) ko‘p tilli insonlarning tildan foydalanishda qanday tipik qurilmalardan foydalanishi;
d) ijtimoiy konfliktlar va keskinliklarda til qay holda mujassamlashadi;
e) tilga bo‘lgan munosabatlarimiz ijtimoiy bo‘linish (diviziya) va ijtimoiy diskriminatsiya masalalarini aks ettiradimi, yoki tilni jamiyatda yaxshi tushunish ushbu muammolarni bartaraf etadimi kabi savollarga javob topish;
yo) til axborotini yig‘ishning eng qulay va samarali usulini izlash;
j) lingvistik tadqiqotlarning sifat va miqdor metodlarining natijalari;
p) tadqiqotchi, tadqiqot ishtirokchisi (informant) va lingvistik axborot o‘rtasidagi munosabatlar.
SHuningdek, o‘zbek tilshunos oimi M.T. Irisqulovning qayd etishicha, sotsiolingvistika zamonaviy tilshunoslikda ikki ma’noda ishlatiladi: a) til va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, ya’ni jamiyat hayoti va rivojlanishida tilning roli, va aksincha tilning rivojlanishida jamiyatning ahamiyati; b) tilda millatning ijtimoiy guruhlanishi munosabati bilan bo‘ladigan farqlar.
M.T. Irisqulovning qayd etishicha, hozirgi kunda sotsiolingvistika til va jamiyat o‘rtasidagi aloqadorlik yuzasidan quyidagi masalalarni aniqladi:
a) jamiyat tarakkiyoti tillarning ijtimoiy vazifalarini ortib borishiga olib keladi;
b) xamma adabiy tillarning lug‘at tarkibi kengayib, boyib boradi;
v) ijtimoiy tarakkiyot sur’atining jadallashib borishi adabiy tillarda o‘z aksini topib boradi;
g) qo‘shni xalqlar tillarining bir-biriga o‘zaro ta’siri ortib boradi; d) millatlararo aloqa vositasi vazifasini o‘tovchi tilning ijtimoiy roli oshib boradi va uning boshka tillarga ta’siri kuchayadi;
e) ikki tillilik rivojlanib boradi.
Sotsiolingvistika til va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yoritishni asosiy o‘rganish masalalaridan biri deb talqin etar ekan, bunda til va jamiyatning o‘zaro aloqadorlik tamoyili quyidagi fikrlarda ham aks etgan: til jamiyat faoliyatining barcha sohalariga xizmat qiladi. U kishilik jamiyatining tarixiy taraqqiyoti jarayonida yaratilgan konkret – tarixiy norma sifatida jamiyat a’zolarining hammasiga teng xizmat qiladigan asosiy vositadir.