1-MA’RUZA. TILSHUNOSLIKDA TADQIQOT METODLARI HAQIDA TUSHUNCHA. METOD, METODIKA VA METODOLOGIYA TUSHUNCHALARI TAVSIFI
Reja: «Lingvistik tahlil metodlari» fanining asosiy maqsad va vazifalari.
Metod, metodika va metodologiya tushunchalari.
Metodologiyaning muhim vazifalari.
Bilishning asosiy vositalari.
1. «Lingvistik tahlil metodlari» fanining asosiy maqsad va vazifalari. Fan – bilimlar to‘plami va u uzluksiz boyib, kengayib, taraqqiy etib boradi. Biror bir fan sohasi mustaqil yo‘nalish olishi uchun o‘z tadqiq metodlari majmuasiga ega bo‘lmog‘i lozim. Tilshunoslik fani ham bundan mustasno emas. Til tizimiga oid hodisalarning u yoki bu tomoni, ma’lum xususiyatlarini o‘rganish imkoniyatlarini beradigan usullar (metodlar) majmuasi lisoniy tahlilning asosi, tilshunoslikning fan sifatida shakllanishi uchun xizmat qilgan vositalar to‘plamidir. Biroq metodlar turli-tumanligi sababli ularni qo‘llashda ma’lum tamoyillarga tayanmoq darkor. Aksincha, tahlil ob’ektiga qanday nuqtai nazardan, qaysi dunyoqarash asosida va qay yo‘sinda yondashish aniq bo‘lmagan holda tadqiqot natijasi noaniq, samarasiz bo‘lishi tabiiy.
«Metod» va «metodologiya» tushunchalari umumiy o‘zakka ega: yunoncha methodos «biror narsaga yo‘l». Darxaqiqat, biror harakat, amaliy va aqliy faoliyat ma’lum usulda bajariladi. Ammo bunday harakat vositasida biror narsa, hodisaning tub mohiyatini bilish uchun avval nimani izlash va qanday izlashni belgilab olish talab qilinadi. SHu sababli methodos «biror narsaga yo‘l» logos «ta’limot, nazariya» so‘zi bilan boyitilgan. Lingvistik tahlil metodologiyasi – lisoniy voqelikni bilishning asosiy yo‘llari, usullarini belgilab beruvchi ta’limot nazariyadir.
Ko‘p asrlar davomida taraqqiy etib kelayotgan tilshunoslik fanida keng miqyosdagi metodlar majmuasi shakllangan. Til qurilishi tahlili ham turli nuqtai nazardan, turli maqsad va vazifalarni ko‘zlagan holda bajarilib kelinmoqda. Bu esa metodologik yondashuvlardagi har xillik, noaniqliklarga va ilmiy xulosalardagi qator qarama-qarshiliklarga sabab bo‘lmokda. Ana shu noxush holatlar so‘zsiz yosh tilshunos-tadqiqotchilar faoliyatida katta to‘sqinliklar tug‘diradi. Eng achinarlisi, lisoniy tahlil metodologiyasiga oid adabiyotlar hanuz etarli emas va til ummonini bilish, uning mukammal xususiyatlarini o‘rganish hamda cheksiz muammolar echimini izlashga bel bog‘lagan yosh tadqiqotchilar ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelmokdalar. Hatto ba’zan ularda biror bir muammoning echimiga doir ikkilanish holatlari ham paydo bo‘lmokda.
«Lingvistik tahlil metodlari» fanining asosiy maqsadi bo‘lg‘usi tilshunoslarni til qurilishi tadqiqining keng tarqalgan usullari va lisoniy tahlil metodologiyasining nazariy asoslari bilan tanishtirish, ularga ma’lum ko‘rsatmalar berishdir.