Foydalanish uchun adabiyotlar:
1. Umarxo‘jaev M.E. Umumiy tilshunoslik. – Andijon, 2007.
2. Sodiqov A., Xolmurodov A. Umumiy tilshunoslik. – Toshkent, 2014.
3. Kondrashov N.A. Istoriya lingvisticheskix ucheniy.– M., 2009.
4. Rasulov R. Umumiy tilshunoslik. – T, 2010.
14-MA’RUZA. MATNNI TAHLIL QILISHDA TURLI YONDASHUVLAR VA METODLAR
Reja:
1. Matn va diskurs tushunchalari va ularning o‘zaro farqlari.
2. Matn tahlili metodlari.
3. Matn tahlillarining qo‘llanilish prinsiplari.
1. Matn va diskurs tushunchalari va ularning o‘zaro farqlari.
Tilshunoslikning matn lingvistikasi va diskurs tahlil kabi yo‘nalishlarida ma’lum til birliklari o‘rganish ob’ekti sifatida tadqiqot maydoniga olib chiqilar ekan, ob’ektning mohiyatini ishonarli va muvaffaqiyatli yoritishda tadqiqotchidan munosib tadqiqot usulini tanlash va undan samarali foydalanish zarurati talab etiladi.
Avvalambor, matn va diskurs tushunchalarini o‘zaro farqlash lozim. Mazkur ikki tushuncha qator olimlar tomonidan ta’riflangan va o‘zaro farqlari tushuntirilgan. Ba’zi manbalarda matn asosan yozma nutq, diskurs esa og‘zaki nutq shakli sifatida ta’riflansa-da, ularning farqini to‘la ochib berishda ushbu fikr etarli emas, albatta. Ilmiy adabiyotlarda ularning farqi atroflicha yoritilgan.
Matnga berilgan umumiy ta’riflardan biri shuki, u kommunikativ nutqning har qanday ko‘rinishi hisoblanadi va hajm jihatdan ancha yirik bo‘ladi. O‘zbek tilshunos olimasi D.Xudoyberganova o‘z ishida matnga jahon ilmiy hamjamiyatida quyidagicha ta’rif berilayotganini qayd etadi: matn faqat til tizimi unsurlarining nutqqa ko‘chirilishi jarayoni mahsuli sifatida emas, balki ijtimoiy qimmatga ega bo‘lgan muloqot shakli, o‘zida muayyan intellekt egasining bilimlarini, lisoniy tafakkurini aks ettiruvchi mental qurilma. D.U. Ashurova va M.R. Galievalarning ta’kidlashicha, matn, avvalambor, uni tadqiq etish maqsadi va yo‘nalishidan kelib chiqib ta’riflanishi zarur, zero, matn mohiyatiga ko‘ra juda murakkab va ko‘p aspektli hodisadir. Ularning fikricha, matnning asosiy xususiyatlari quyidagicha: formal bog‘liqlik, semantik bog‘liqlik, axborotga boylik, intensionallik (kommunikativ maqsad va pragmatik intensiya), situatsionallik, tekstual modallik.
S. Ticher va boshq. e’tirof etishicha, diskurs og‘zaki va yozma nutqda qo‘llanilgan til bo‘lib, ijtimoiy faoliyatning bir shaklidir. Ishtimoiy faoliyat sifatida u ma’lum ijtimoiy tuzilma, institut, voqea-hodisa yoki vaziyat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni voqelantiradi. Diskurs ma’lum ijtimoiy qatlam, ularning o‘ziga xosligini, ijtimoiy holat va bilimlar ob’ektini shakllantiradi. Muxtasar qilib aytganda, diskurs ma’lum real voqelikni gavdalantiradi.
Demak, ta’kidlash joizki, matn va diskurs o‘zaro farqli tushunchalar bo‘lib, o‘z xususiyatlariga ega. Har ikkisi ham, og‘zaki yoki yozma bo‘lishi mumkin, ikkisi ham nutq ko‘rinishi, ammo qayd etish joizki, matn kommunikativ nutqning har qanday ko‘rinishiga ishora qilsa, diskurs kommunikativ nutqning ishtimoiy xoslangan shakli bo‘lib, harakatdagi matn, faoliyatdagi yoki amaliyotdagi matnga ishora qiladi. Matn tahlili uning mohiyatini yoritish imkonini beradi. Bunda tahlilga tortilgan til birligining mohiyatini atroflicha yoritish va izohlashda tahlil usullaridan samarali foydalanish zarur. Matn tahlilini amalga oshirish uchun qator tadqiqot usullari mavjud bo‘lib, ular matn turi, tahlil etilayotgan til birligining xususiyati, tadqiqot vazifalaridan kelib chiqib tanlanadi.
Dostları ilə paylaş: |