UMUMIY VA O'RTA MAXSUS TA'LIM MAKTABLARIDA FIZIKA FANINI O'QITISHDA PISA TESTLARIDAN FOYDALANISHNING AHAMIYATI
Muratbaeva B.Y.
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Fizika va astronomiyani o’qitish metodikasi mutaxassisligi 4-bosqich talabasi
Annotatsiya: Maqolada fizika darslarida pisa testlaridan foydalanishning afzalligi haqida fikrlar bayon etilgan.
Kalit so’zlar: ta’lim jarayoni, fizika, pisa, savodxonlik, o’zlashtirish.
Hozirgi kunda ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalar, pedagogik va axborot texnologiyalarini o’quv jarayonida qo’llashga bo’lgan qiziqish, e’tibor kundan-kunga kuchayib bormoqda, bunday bo’lishining sabablaridan biri, shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda o’quvchilarni faqat tayyor bilimlarni egallashga o’rgatilgan bo’lsa, noa’anaviy ta’limda esa, mustaqil o’rganib, tahlil qilishlariga, xulosalarni o’zlari keltirib chiqarishlariga, hatto har qanday dunyo miqyosida o’tkaziladigan savodxonlik tanlovlarida ham davlatimiz sharafini himoya qila oladigan barkamol avlodlarni tarbiyalashdan iborat. O’qituvchi bu jarayonda shaxsni rivojlanishi, shakllanishi, bilim olishi, tarbiyalanishiga sharoit yaratadi. U o’quvchining dars davomida befarq bo’lmaslikka, mustaqil fikrlash, ijod etish va izlanishga majbur etilishi, o’quvchining bilimga bo’lgan qiziqishini mustaqil ravishda har bir masalaga ijodiy yondashgan holda kuchaytirishiga olib keladi.
Jamiyatimizning yuksak darajada rivojlanishi, ilmiy-texnik taraqqiyotini e’tiborga olgan holda ta’lim tizimini uzluksiz ravishda takomillashtirishni hamda mutaxassislarning umumta’lim darajasini keskin oshirishni taqozo etadi. Ta’limning mazmunini yangilash, ilmiylik darajasini oshirish, o‘qitish metodlarini uzluksiz takomillashtirish, o‘quvchilar bilimining oshirib borilishi – o‘qituvchidan o‘z bilimini uzluksiz ravishda to‘ldirib va yangilab borishni, malaka va metodik mahoratini yuksaltirishni taqozo qiladi. Mana shunday o’qituvchini ham, o’quvchini ham doimiy izlaninshini taqozo etuvchi savodxonlik tanlovi bu PISA testidir. PISA (inglizcha-Programme for International Student Assessment) – turli davlatlarda 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonligini (o‘qish, matematika, tabiiy fanlar) hamda bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini baholovchi dastur sanaladi. Bu dastur 3 yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Dastlab 1997-yilda ishlab chiqilgan va 2000-yilda birinchi marta qo‘llangan. Uning maqsadi dasturga a’zo mamlakatlarga ta’lim siyosatini va natijalarini yaxshilashga imkon berish maqsadida solishtirma ma’lumotlarni taqdim etishdan iborat bo‘lib, hozirda 78 ga yaqin davlat ta’lim tizimlari bilan birgalikda hamkorlik qilinmoqda. Bu dasturga ko‘ra, har uch yilda o‘quvchilarning bilimini baholash maqsadida sinov o‘tkaziladi. Hozirgi kungacha jami 7 marta (2000, 2003, 2006, 2009, 2012, 2015 va 2018-yillar) PISA dasturi bo‘yicha testlar o‘tkazilgan bo‘lib, keying sinovlar 2021-yilda bo‘lishi rejalashtirilgan. Mamlakatimiz ham 2021-yildan ushbu dasturga qo‘shilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu dasturda qatnashishdan maqsad testlarni o‘tkazish yoki o‘quvchilarni testga tayyorlash emas, o‘quvchilarimizda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish va raqobatbardosh xodimlarni tayyorlash uchun mustahkam zamin yaratish hisoblanadi. PISA savollari qanday tuziladi? PISA nimaga kerak? Nima uchun unga ehtiyoj tug’ildi?…
XXI asr – informatsion texnologiyalar asri. Bu asr o‘z mutaxassislaridan oldingilaridan tubdan farq qiluvchi kompetensiyalarni talab qiladi. XX asrda va undan oldin kuchli xotira, ensiklopedik bilim, o‘z sohasida iloji boricha ko‘proq ma’lumotni bilgan mutaxassislar yuqori qadrlangan bo‘lsa, endi bu bilimlar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmay qoldi. Qidiruv tizimlari, onlayn ensiklopediyalar, sohalar bo‘yicha mukammal onlayn ma’lumotlar bazalari yaratildiki, endi bu ma’lumotlarni eslab qolish zaruriyati ikkinchi o‘rindagi rejaga tushib qoldi.
PISA testlari xuddi shu o‘zgarishlarni ta’lim tizimida aks ettirish, maktab o‘quvchilarining real hayotida kerak bo‘ladigan hodisalarni tahlil qilish, ulardan xulosa chiqarish va muloqotga kiritish ko‘nikmalarini qay darajada egallayotganligini, ta’lim tizimining bu o‘zgarishlarga qanchalik moslashayotganini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. PISA testlari 5 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi. O‘qish, matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy fanlar, hamkorlikda muammolarni hal qilish va moliyaviy savodxonlik yo‘nalishlari. O‘zbekiston 2021-yilda uch yo‘nalish: o‘qish, matematik savodxonlik va tabiiy-ilmiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha testlarda qatnashishni rejalashtirgan. Fizika tabiiy-ilmiy fanlar yo‘nalishlari ichiga kiritilgan. Fizikadan testlarda asosiy e’tibor o‘quvchilarning mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha eng asosiy tushunchalarni bilishi, bazaviy bilim va ko‘nikmalarni egallagani, ulardan hayotiy real vaziyatlarda foydalana olishiga qaratiladi. Bu testlarda o‘quvchilarning dars davomida aniq mavzular bo‘yicha o‘rgangan bilimlarini sinovdan o‘tkazish nazarda tutilmaydi.
Dostları ilə paylaş: |