2.4. Maktab yoshidagi o’quvchilarda imlo savodxonligini va xatosiz o’qish ko’nikmalarini rivojlantirish
Psixologiya fanidan ma‘lumki,shaxsning bilish jarayonlariga diqqat, xotira, tafakkur va xayol kiradi. Bularning barchasi mehnat va o’quv faoliyati samaradorligining muhim va zarur shartlaridandir. Ular orasida xotira insonga butun umr xizmat qiladigan bilimlar majmuasi desak mubolag’a bo’lmaydi. Esda saqlangan ma‘lumotni xotiradan chiqarib olib qayta tiklash ham muhim.
Biz o’zimiz to’la anglagan, tushungan narsalarni oson eslaymiz. Demak, materiallarni xotirada saqlash uchun ularni tushunish va anglash kerak. Tushunish va anglash uchun esa ayni jarayonni o’z ko’zimiz bilan ko’rishimiz zarur. Chunki, insonda ko’z xotirasi boshqa a‘zolar xotirasiga qaraganda kuchli rivojlangan bo’ladi. Pedagogik faoliyatimizda esa biz ona tili va adabiyot o’qituvchilari aynan o’sha xotira turidan unumli foydalanishimiz maqsadga muvofiq. Buning uchun boshlangich sinf o’quvchilarida asta-sekinlik bilan kitobxonlik madaniyatini shakllantirib borishimiz lozim.
Badiiy adabiyotlarda so’zlar imlo qoidalariga ko’ra yozilishini inobatga olgan holda, bu metod orqali kichik yoshdagi bolalarda imlo savodxonligi va xatosiz o’qish ko’nikmalarini rivojlantirishni to’g’ri tashkil etish mumkin. Buning uchun turli badiiy adabiyotlardan foydalanish yaxshi samara beradi. Bunda o’qituvchi bolalarning qiziqishlarini inobatga olishi, pedagogning o’zi ham kitobxon bo’lishi maqsadga muvofiq. Masalan, boshlang’ich sinflarda ― O’zbek xalq ertaklari‖dan foydalanish mumkin. Bunda sinfda birorta ertak tanlab olinib ifodali o’qitiladi va shu asosda kichik diktant olinadi. Diktant uchun h va x tovushi qatnashgan so’zlar olinishi yoki talaffuzi qiyin bo’lgan ko’p bo’g’inli so’zlar tanlanishi maqsadga muvofiq. Yoki og’zaki nutqda so’zlarni to’g’ri talaffuz etishga o’rgatish uchun she‘riy adabiyotlardan ham foydalanish mumkin.
Bunda albatta auditoriyaning qiziqishlari va yosh xususiyatlari inobatga olinishi shart. Masalan, E.Vohidovning ― “Nido” to’plamiga kiritilgan ― Matmusaning sarguzashtlari‖ bilan bog’liq she‘riy parchalar shular jumlasidan. Chunki bu to’plam aynan kichik yoshdagi bolalarga mo’ljallangan bo’lib qiziqarli va kulguli syujetga egaligi bilan ajralib turadi. Shunday qilib bolalarda kitobsevarlik xususiyatlarini rivojlantirish orqali quyidagi natijalarga erishish mumkin:
badiiy adabiyotga oshnolik
so’zlarning to’g’ri yozilishini eslab qolish
ayrim qiyin so’zlar imlosini yodda saqlash
talaffuzi qiyin bo’lgan jumlalarni tez va ravon o’qishga o’rgatish
insho va bayon yozishda chiroyli jumlalar tuzishga yo’naltirish
chiroyli husnixatga o’rgatish
Umuman olganda bularni yana davom qildirish mumkin. Birgina kitobxonlik madaniyatini to’g’ri shakllantirish orqali esa insho va diktant yozishdagi bir qancha muammolarni bartaraf qilish mumkin. Imlo savodxonligi to’g’ri shakllangan o’quvchilar yuqori sinfga ko’chganda ona tili adabiyot fanidan insho va diktant yozganda kamroq xatoga yo’l qo’yishi yillar davomida sinalgan. Shuningdek bu jarayonni yuqori sinflarda ham davom qildirish mumkin. Ya‘ni har bir adabiyot darsida o’quvchilar uchun bitta asar tanlab beriladi va ma‘lum muddatdan so’ng shu asar ichidan o’quchilar talaffuzida qiynaladigan so’zlar asosida ― “Kim to’g’ri yozadi?” o’yinlari tashkil qilinadi. (Bu albatta ona tili darslarida qo’llaniladi).
Buning uchun har bir darsda atigi 5 daqiqa vaqt ajratiladi. Qo’shimcha sifatida asar yuzasidan fikr mulohazalarni bayon qilish yoki biror parchani chiroyli qilib ko’chirib chiqish kabi usullarni ham qo’llash mumkin. Bunda esa o’qituvchidan yuqori didga ega kitobxon bo’lish o’z ustida muntazam ishlash talab etiladi.
So’zlarni imlo qoidalariga ko’ra yozishni ona tili darslarida qanchalik ko’rsatib bermaylik, bu juda katta samara bermasligi mumkin. Chunki turli mashqlar va topshiriqlardagi so’zlar tilimizdagi so’zlarning ma‘lum foizinigina tashkil qilishi hech kimga sir emas. Agar biz o’quvchilarda kitobxonlik madaniyatini ham shakllantirsak, nafaqat notanish so’zlarni to’g’ri yozishga o’rgatamiz , balki, dunyoqarashini shakllantiramiz, nutqini o’stiramiz, tez va ravon o’qishga yo’naltirib boramiz.
Ba‘zida eng a‘lochi o’quvchilar ham biror matnni o’qiyotganida yangi so’zga duch kelsa hijjalab o’qiganinini yoki o’qishga qiynalayotganini ish jarayonida ko’plab kuzatganmiz. Yoki tilimizdagi ba‘zi imlo qoidalaga ko’ra yoziladigan so’zlar (Masalan tutuq belgisi qatnashgan so’zlar imlosi, h va x harfi ishtirokidagi so’zlarni olaylik)ni noto’g’ri yozish holatlarini olaylik. Bu muammolar faqat maktab yoshidagi o’quvchilarni qiynamasdan katta yoshdagi shaxslar orasida ham uchrab turishi hech kimga sir emas. To’g’ri, bu muammolarni maxsus adabiyotlar yoki lug’atlar orqali hal qilish mumkin. Ammo maxsus lug’atlar va adabiyotlardan so’zni izlash ko’p vaqtni olishi mumkin. Bu masalaning bir tomoni. Agar pedagog test jarayonida yoki hech qanday ma‘lumot olish mumkin bo’lmagan vaziyatda bo’lsa-chi? Bunday holatlarda bizga xotira yordamga keladi. Agar o’sha insonda kitobxonlik madaniyati yuqori darajada shakllangan bo’lsa bu muammolarni osonlik bilan hal qilishi hayotiy tajribada isbotlangan. Bugungi kunda axborot oqimi hayotimizga shiddat bilan kirib kelmoqda. Bu birinchi navbatda, tilimizdagi so’zlarda o’z ifodasini topmoqda. Kundalik hayotda radio va televideniye, umuman ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda ko’plab yangi so’zlarga duch kelamiz. Yangi tushunchalarni ifodalovchi so’zlar esa talaffuz va imloda har qanday odamni ham o’ylantirishi tabiiy. Birgina kitob mutolaasi yoki yangiliklarni muntazam kuzatib borish orqali esa yuqoridagi muammolarni oson bartaraf qilish mumkin. Zero tilimiz, yozuvimizni asrab avaylash, uni kelgusi avlodga yetkazish har birimizning burchimizdir.
Qanday qilsak, kundalik muloqotlarimizdagi, internet orqali yozishmalarimizdagi qusurlardan, ko‘cha-ko‘ydagi bitik va peshlavhalardagi, oddiy diktant yozishdagi imloviy nuqsonlardan qutulamiz? Bu fikr har ikkala imloda — lotin va kirill alifbosidagi yozishmalarimizga ham bab-baravar taalluqli. Buni kitob va gazeta mutolaasiga e’tibor chorak asr mobaynida bir muncha susayib kelgani bilan izohlaymiz ham. Sinchiklab o‘qish, matn mazmunini uqish, so‘z va iboralarning to‘g‘ri yozilishiga e’tiborimiz pasayib ketganini bilamiz-u, unga chora izlashda esa o‘zimizni chekkaga olamiz.
Savodxonlikni rivojlantirish uchun imlo qoidalarini puxta o’rganib chiqish kerak. 1995-yil 24-avgustda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 339-sonli “O’zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida” qaror qabul qilingan. Bu qoidalar jami 82 banddan iborat bo’lib, 7 bo’limda jamlangan. Bular:
1-bo’lim. Harflar imlosi: a) Unlilar imlosi (1-7 bandlar) b) Undoshlar imlosi (8-32-bandlar)
2- bo’lim. Asos va qo’shimchalar imlosi (33-37 bandlar)
3-bo’lim. Qo’shib yozish (38-50-bandlar)
4-bo’lim. Chiziqcha bilan yozish (51-56-bandlar)
5- bo’lim. Ajratib yozish (57-65-bandlar)
6-bo’lim. Bosh harflar imlosi (66-74-bandlar)
7-bo’lim. Ko’chirish qoidalari(75-82-bandlar)
Har bir bo’limda to’g’ri va xatosiz yozish bo’yicha kerakli tavsiyalar berilgan. Xususan, birinchi bo’limda unli va undosh tovushlar talaffuzi va imlosi batafsil yoritilgan. Bu bo’limdagi ma’lumotlar bizga to’g’ri yozishimizda juda asqatadi. Chunki biz yozish uchun birinchi o’rinda harflardan foydalanamiz. Ularsiz yozishning esa iloji yo’q. unli va undosh harflarimizning o’ziga xos jihati shundaki, bu harflarimizning ayrimlari talaffuzi va imlosi bir xil kelmaydi.
Aynan shu narsa ko’pchilikda imloviy xatoliklarni keltirib chiqaradi. Bu xatoliklarni qilmaslik uchun esa, harfning talaffuzi va imlosida farqlarni eslab qolish kerak. Masalan, unli harflarga to’xtaladigan bo’lsak, a harfi hasharot, asqatmoq, varaq, naqarot, fuqaro kabi so’zlarda o kabi aytiladi, lekin a harfi yoziladi. Talaffuzdagi kabi yozilmaydi. Ayrim payt o harfi kompyuter, monitoring, kollej, pomidor, portret, abonent, notarius kabi so’zlarda a kabi talaffuz qilinadi, lekin o yoziladi yoki tort, boks, tonna, tok, rol kabi so’zlarda o’ kabi aytilsada, o yozilishi imloviy qoidalarga muvofiq bo’ladi.
Y uqoridagi fikrlardan ko’rib turibsizki o harfi, asosan, chetdan, ya’ni rus-yevropa tilidan kirgan so’zlarda boshqacha talaffuz qilinyapti, ammo o harfi yozilyapti. Shu qoidani eslab qolish kerak va chetdan kirgan so’zlarni yozishda o harfini yozilishiga alohida e’tibor berish kerak. Ayrim payt yonma-yon unlilar kelgan so’zlarda ular orasiga bir y harfini qo’shib qo’yishadi yoki unlining biri tushib qoladi. Bu ham imloviy xatoliklarning ko’p uchraydigan turidir. Masalan oila, biologiya, moil, shoir, doir, tabiat, shariat so’zlarda talaffuzda bir y tovushi ortsa ham, yozuvda yozilmasligi kerak. Tabiyat, shariyat deb yozib qo’yilsa, xato hisoblanadi. Ba’zan mutolaa, manfaat, murojaat, taassurot, taajjub, mudofaa, inshoot, tabiiy, badiiy kabi so’zlarda esa yonma-yon kelgan unlining biri talaffuzda tushib qoladi, ammo yozuvda, albatta, yozilishi kerak. Ayrim payt I harfi u tarzida talaffuz qilinishi ham mumkin. Misol uchun kulgi, qorong’i so’zlarda I harfi yozilishi kerak. Yuqoridagi kabi aytilganidek yozilmaydigan unli tovushlar va yozilganidek aytilmaydigan unli harflar „aldoqchi tovushlar“ ham deb yuritiladi. Chunki bunday tovushlar talaffuzi va imlosi bir xil bo’lmaganligi bois, yozishda insonlarni chalg’itadi.
Xulosa
Ona tili boshlang’ich sinflarda asosiy o’rinni egallar ekan, har bir o’quvchida ona tiliga qiziqish va muhabbatni tarbiyalab borish zarur.
Dostları ilə paylaş: |