2-§. Tilning tarixiy taraqqiyoti va o‘zgaruvchanligi Ma’lumki, tilning tarixiy taraqqiyoti va o‘zgaruvchanligini uning qonuniyatlarini insoniyat taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari sifatida o‘rganamiz. Yaqinlargacha tilga tarixiy yondashish muammosi XVIII asr faylasuflarining ishlarida o‘z aksini topdi degan yanglish fikrlar mavjud edi.
Xolbuki, bobokalon tilshunos olimimiz Mahmud Koshg‘ariy yaratgan “Devonu lug‘atit turk” asarida tilning tarixiy taraqqiyoti va o‘zgaruvchanligi haqida yetarlicha ma’lumotlar bor. S.Mutallibov ta’kidlaganidek, Mahmud Koshg‘ariy yaratgan “Devonu lug‘atit turk” asari faqat o‘sha davr uchungina katta voqea bo‘lib qolmay, bugungi turkologiya uchun ham o‘z qimmatini saqlab kelmoqda. U haqli ravishda turkologiya fanining asoschisi hisoblanadi.Mahmud Koshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk”dan tashqari turkiy tillar sintaksisiga doir “Javohirun nahv fil lug‘atit turk” (“Turkiy tillarning nahv (sintaksis) javohirlari”) asarini ham yozgani haqida ma’lumot beradi. Afsuski, bunday nodir asar hanuzgacha topilgani yo‘q.
“Devonu lug‘atit turk” (qisqacha “Devon”) asarining faqat bitta nusxasi 1914-yilda Turkiyada topildi. U kotib Muhammad bin Abu Bakir Damashqiy tomonidan 1265-1266-yillar orasida Koshg‘ariyning o‘z qo‘li bilan yozilgan nusxadan ko‘chirilgan. Shu nusxa asosida 1915-1917-yillarda Turkiyada “Devon”ning uch tomi nashr qilindi, 1928-yilda Vengriyada K.Brokkelman tarjimasida nemis tilida bosildi, 1939-yilda Turkiyada Basim Atalay tarjimasida turk tilida, 1960-1963-yillar orasida esa Toshkentda o‘zbek tilshunosi Solih Mutallibov tarjimasida o‘zbek tilida nashr qilindi.
Professor B.O‘rinboyev M.Koshg‘ariyni qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning asoschisi deb hisoblaydi va bu haqda shunday yozadi: “M.Koshg‘ariy turkiy tillar qurilishini tasvirlashda qiyosiy usuldan foydalanib, tilshunoslikda qiyosiy – tarixiy metodning asoschilaridan biri bo‘lib qoldi [B.O‘rinboyev, 1999: 19].
B.O‘rinboyevning bu fikriga o‘xshash fikrni professor A.Nurmonov ham aytadi:“Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik XIX asrdan paydo bo‘ldi deyiladi va uning asoschilari sifatida Frans Bopp, Rasmus Rask hamda Yakob Grimmlar e’tirof etiladi.
Buning sababi shundaki, G‘arb olimlari Mahmud Koshg‘ariyning “Devon”i bilan XX asrning birinchi choragiga qadar tanish bo‘lmagan. Agar tanish bo‘lganlarida, uning tilshunoslikdagi xizmatlari oldida tiz cho‘kkan va qiyosiytarixiy tilshunoslik, lingvogeografiya singari yo‘nalishlarning otasi sifatida Mahmud Koshg‘ariyni e’tirof etgan bo‘lardilar [A.Nurmonov, 2012: 188].
Mahmud Koshg‘ariy Xalil, uning shogirdi Sibavayxi kabi mashhur arab tilshunoslarining asarlarini qunt bilan o‘rganadi, turkiy tillardan tashqari arab, fors tillari va ularning shevalarini ham o‘rganadi.
Mahmud Koshg‘ariy tilning ijtimoiy mohiyatini, til taqdiri jamiyat taqdiri bilan uzviy bog‘liq ekanini, xalqlar o‘rtasidagi turli munosabatlar ularning tillarida ham o‘z aksini topishini to‘g‘ri tushungan.
“Boshqa tillardan so‘z olish masalasidagi pozitsiyasi uni bizning davrimizga yaqinlashtiradi. Chunki Mahmud Koshg‘ariy turmushda ishlatiladigan asbob va boshqa narsalar, kiyimlar, ovqatlar, dorilar nomlari sifatida kirgan chet so‘zlarni zarur va foydali deb hisoblagan va bunday so‘zlarni o‘z asariga kiritgan. Ammo ona tilida mavjud bo‘lgan so‘zlar o‘rnida chet so‘zlardan foydalanishni zararli deb hisoblagan. Masalan, o‘g‘izlarning qumg‘on so‘zi o‘rnida forscha oftova so‘zini ishlatishlarini u tanqid qildi”[S.Usmonov, 1972: 52].
Tilning tarixiy taraqqiyoti va o‘zgaruvchanligi ham “Devon”da tadqiq qilingan. Masalan, ma’noning kengayishi (tug‘moq ilgari faqat odamga nisbatan qo‘llangan bo‘lsa, keyinchalik hayvonlarga nisbatan ham qo‘llanadigan bo‘lgan; o‘pka asli odam organini anglatgan bo‘lsa, keyinchalik “achchiq”, “g‘azab” ma’nolarini ham ham ifodalaydigan bo‘lgan), torayishi (sobon so‘zi ilgari qo‘sh va omochlarning hammasi ma’nosida qo‘llangan bo‘lsa, keyinchalik faqat “omoch” ma’nosidagina qo‘llanadigan), metafora usulida ma’no ko‘chishi (yuqorida keltirilgan tug‘moq so‘zining ma’nosi kengashiga sabab metaforadir), metonimiya usulida ma’no ko‘chishi (bulut, omion so‘zlarini “yomg‘ir” ma’nosida, og‘il so‘zini “qiy”, “go‘ng” ma’nosida qo‘llash), sinekdoxa usulida ko‘chishi (soch so‘znini “qiy”, “go‘ng” ma’nosida qo‘llash), sinekdoxa usulida ko‘chishi (soch so‘zini “bosh” ma’nosida qo‘llash) kabi semantik jarayonlar Mahmud Koshg‘ariyning nazaridan chetda qolmagan. Bulardan tashqari, so‘zlardagi omoniya va sinonimiya hodisalari ham asarda tilga olinadi. [S.Usmonov, 1972: 52].
“Devon”da so‘zning ma’no va fonetik tuzilishini tahlil qilish asosida ko‘pgina etimologik izohlar ham beriladi. Masalan, o‘ylamoq so‘zining o‘zagi o‘y - (hozirgi adabiy tilda uy-) “qazilgan yer”, “yer uy”, “turar joy” ma’nolarini ifodalab, “fikr,” “xayol” ma’nolaridagi so‘z esa aslida o‘y bo‘lmay, o‘g bo‘lgani ko‘rsatilga.
“Devon” ayrim noto‘g‘ri talqinlarga barham berishda ham muhim ahamiyatga ega. Masalan: “Shu vaqtgacha, Qarshi nomi mo‘g‘ullar kelgandan so‘ng berilgan, bu-mo‘g‘ulcha so‘z deb yuriladi. Holbuki, “Devon”da “Qarshoq qasri” [H.Hasanov, 1963: 399] deb izohlangan. Bu qaysi tildan olinganligidan qat’i nazar, O‘rta Osiyo xalqlariga mo‘g‘ullardan ancha oldin ma’lum va tushunarli bo‘lgan. Demak, Qarshi-o‘zbekcha so‘z, qasr, qo‘rg‘on degan ma’noda deyaveramiz [H.Hasanov 1963: 35].
“Devon”ning geografiya fani uchun ahamiyati beqiyosdir. “M.Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk”ini, – deydi taniqli geograf Hamidullo Hasanov, – ayni vaqtda “Joy nomlarining lug‘ati” desak mubolag‘a bo‘lmas. Uning dunyo kartasida yozilgan yirik nomlaridan tashqari juda ko‘p mayda nomlar tilga olingan, ularga geografik va etimologik izohlar berilgan” [H.Hasanov, 1963: 74].
U arab yozuvi sistemasidagi harflarning turkiy tillardagi mavjud tovushlarni ifodalash uchun yetarli emasligini aytib, arab yozuviga yangi belgilar kiritadi. Aniqrog‘i, arab yozuvidagi 18 harfni – shu harflardan yettitasi ustiga maxsus qo‘shimcha belgi qo‘yish orqali 25 taga yetkazadi. Natijada 25 ta tovush o‘zining yozma – harf shakliga, ifodasiga ega bo‘ladi [R.Rasulov, 2017: 44].
Umuman olganda, Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asari tilshunoslik taraqqiyoti uchungina emas, tarix adabiyotshunoslik, etnografiya, geografiya kabi ko‘plab fanlar uchun ham ilmiy va amaliy ahamiyati cheksiz bo‘lgan manbadir.
Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asari yanada atroflicha sinchiklab o‘rganilishi va unda yoritilgan har bir yirik soha bo‘yicha tadqiqot olib borilishi va natijalarni nashr qilish lozim. Toki Koshg‘ariyshunoslik mustaqillik yillarida mazmun jihatdan ham, mundarija jihatdan ham yangi bosqichga ko‘tarilishi kerak.
A.N.Kononov, H.Negmatov quyidagilarni yozadi: “Tilni kishilar o‘rtasidagi aloqa vositasi sifatida, jamiyat hayotini aks ettiruvchi ko‘zgu sifatida tushungan Mahmud Koshg‘ariy o‘zining mashhur “Devon”ida aynan bir davrga oid bo‘lgan turlicha turkiy tillar hodisalarini, faktlarini qiyosiy-tarixiy metod asosida solishtiradi, taqqoslaydi. Chunki o‘sha davrda aynan mana shu metod arab tilshunosligida juda keng tarqalgan bo‘lib, bu arab tilining ko‘p shevali til ekanligi xususiyatidan kelib chiqadi“[A.N.Kononov, X.Ne’matov, 1981: 131].
“Mahmud Koshg‘ariydan so‘nggi asrlarda O‘rta Osiyoda bir qancha filologik asarlar maydonga kelganligi fanga ma’lum. Masalan, XIII asrga oid “Tarjimoni turki va arabi”, Ibn Muhannaning “Kitobi tarjimoni forsi va turki va mo‘g‘uli”(XIII-XIV asrlar) asari shular jumlasidandir. Bu asarlar yetarlicha o‘rganilib, sharhlangan emas. Ammo ularning eski o‘zbek tili lug‘at tarkibini va grammatik xususiyatlarini yoritishda ma’lum ahamiyati borligi shubhasizdir” [S.Usmonov, 1972: 53].
Bulardan keyin esa Markaziy Osiyo tilshunosligida juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan asarlar maydonga keldi. Bu eng avvalo Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liqdir.Alisher Navoiy ikkita lingvistik asar yozgan. Ularning biri 1499-yilda yaratilgan “Muhokamatul lug‘atayn” (Ikki tilmuhokamasi) bo‘lib, shundan buyon Alisher Navoiy tilshunoslik tarixida tilshunos sifatida ham mashhur bo‘lib kelmoqda.
Unda turkiy tilning, ya’ni eski o‘zbek tilining badiiy adabiyot yaratishda fors tilidan tubdan farqlanmasligini, so‘z va uning ma’nosi til bilan tafakkur orasidagi munosabat, shakl bilan mazmun munosabati, tillarning kelib chiqishi, eski o‘zbek tilida so‘zlarning ma’no boyligi, omonimiya, so‘z boyligi va sinonimiya, so‘z yasash masalalari va boshqalar haqida fikr yuritiladi.
Alisher Navoiy qadimgi greklar logos so‘zini turlicha qo‘llaganlari kabi so‘z bilan uning ma’nosini ko‘pincha birga olgan, ajratmagan. U so‘z terminini “so‘z” ma’nosida ham, “ma’no”, “tushuncha” ma’nosida ham qo‘llay bergan.Alisher Navoiy “Muhokamatul lug‘atayn”da eski o‘zbek tilining ichki tuzilishini, ayniqsa morfologik tuzilishini ancha chuqur tahlil qilgan. Masalan, fe’lning o‘zlik, orttirma va birgalik nisbatlarini, ravishdosh shakllarini, ko‘makchilashuvchi fe’l yordamida tuzilgan murakkab fe’llarni, sifatning orttirma darajasini va kuchaytirma shakllarini, ayrim so‘z yasovchi qo‘shimchalarning ma’nolarini ko‘rsatib, ularni misollar bilan izohlab bergan.
Masalan: chopishmoq, topishmoq, o‘pishmoq, yugurt, yashurt, chiqart, oppoq, qop-qora, qip-qizil, sap-sariq, yumyumoloq, yap-yassi, op-ochuq, chup-chuqur, ko‘m-ko‘k, bo‘mbo‘sh.
Alisher Navoiy ikki tilning ichki tuzilishini chog‘ishtirar ekan, o‘zbek tilining lug‘at tarkibi jihatidan ham, grammatik qurilishi jihatdan ham fors tilidan qolishmasligini aniq misollar tihlilida isbotlab berdi.
Ayni vaqtda Alisher Navoiy o‘sanmoq, aldamoq, ovunmoq, qistamoq, qiynamoq, qo‘zg‘almoq, sovrulmoq, chayqalmoq, qizg‘anmoq, siylanmoq, sig‘inmoq, yolinmoq, tergamoq, siypamoq, ingramoq, mung‘aymoq, sipramoq, o‘rtanmoq, gangiramoq, siypamoq, ingramoq, mung‘aymoq, sipqormoq, gangiramoq kabi 100 ta o‘zbekcha fe’lni tahlil qilib, ularning fors tilida muqobili yo‘qligini ta’kidlaydi. Bu bilan, ya’ni keltirilgan misollar bilan o‘zbek tili lug‘at tarkibining bir qismini ma’nodosh so‘zlar tashkil qilishini ham ta’kidlaydi.
Alisher Navoiy fors tilini biror daraja kamsitmaydi, balki forscha ijod qilayotgan o‘zbek shoirlarini o‘zbek tilida ham ijod qilishga chorlaydi.B.O‘rinboyevning ta’kidlashicha, Alisher Navoiy ikki tilni chog‘ishtirganda 100 fe’lni keltirib, ularni tahlil qiladi va o‘zbek tilini xazina deb biladi. Masalan, fors-tojik tilida “girya kardan” birikmasi o‘zbek tilida yig‘lamoq, ingramoq, singramoq, yig‘lamsinmoq, sixtamoq, o‘kurmoq, inchkiramoq, fe’llari bilan, “no‘shidan” so‘zi o‘zbek tilidagi ichmoq, sipqormoq, tamshimoq bilan berilishini izohlaydi [B.O‘rinboyev, 1999: 34].
Chunki Alisher Navoiyning “Majolis un - nafois” asarining ikkinchi majlisida tilga olingan 90 ta shoirdan 16 tasi turkiycha va forscha ijod qilgan. Asarning uchinchi majlisida tilga olingan 110 ta shoirdan esa atigi 3 tasigina turkiycha ijod qilgan.
Ko‘rinadiki, Alisher Navoiy XV asrda Xurosonda til bilan bog‘liq bo‘lgan vaziyatni aniq ko‘rsatib bergan. Ikkinchidan, Alisher Navoiy o‘zbekcha va forscha, ikki tillilikka alohida e’tibor bergan.
Alisher Navoiyning arab, fors va o‘zbek tillarining ijtimoiy mohiyati haqidagi qarashlari ham e’tiborga loyiqdir. Masalan, u arab tilini ilohiyat va fan tili sifatida, fors tilini davlat va adabiyot tili sifatida, o‘zbek tilini esa go‘zal va ifodali til sifatida baholagan.
Shunday qilib, Alisher Navoiy o‘zining jahonga mashhur badiiy asarlari bilan Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy kabi so‘z mulkining sultonlari tomonidan asos solingan o‘zbek adabiy tilini yuksak pog‘onaga ko‘targan bo‘lsa, “Muhokamatul lug‘atayn” asari bilan esa Mahmud Koshg‘ariy asos solgan umumiyturkiy tilshunoslikning o‘zbek tilshunosligi qismini o‘z davri e’tibori bilan yangi pog‘onaga ko‘tardi, o‘zbek tilshunosligida chog‘ishtirma grammatikaga asos soldi.
Xulosa qilib aytganda, o‘rta asrlarda Markaziy Osiyoda ko‘pchilik fanlar qatori tilshunoslik ham keyingi asrlar tilshunosligiga samarali ta’sir ko‘rsatish darajasida taraqqiy etgan.