2-§. Tildagi tarixiy-fonetik o‘zgarishlarni o‘rganuvchi soha qiyosiy -tarixiy tilshunoslik ekanligi Qiyosiy-tarixiy tilshunoslik shakllangandan so‘ng tildagi tarixiy-fonetik o‘zgarishlar ilmiy isbotini topdi. Til taraqqiyoti derivatsion qonuniyatlar asosida amalga oshadi. Til juda murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lib, undagi birliklar bir-biri bilan uzviy bog‘langan. Har bir til birligi o‘zidan katta birlik ichida faoliyat ko‘rsatadi. Fonema, morfema sathida, morfema esa leksema sathida va hakozo. Shunday ekan o‘z navbatida, ushbu birliklarga aloqador qonuniyatlar ham o‘zaro bog‘liq bo‘ladi.
Fonetik–fonologik o‘zgarishlar tilning ichki qonuniyatlari bilan bog‘liq hodisadir. Tildagi tarixiy-fonetik o‘zgarishlarni o‘rganuvchi qiyosiy-tarixiy tilshunoslik sohasi qiyosiy-tarixiy fonetika hamdir. Qardosh tillardagi (hind-yevropa tillari, turkiy tillar) tarixiy fonetik o‘zgarishlar natijasida so‘zlardagi etimologik va geneologik o‘xshashlik va farqli tomonlarini qiyosiy –fonetika o‘rganadi. Masalan: net, nes, ne, nou so‘zlari yoki mama, modar, maze bir til oilasiga kiruvchi rus, tojik, ingliz, nemis va boshqa tillarda bir-biriga juda yaqin talaffuz qilinadi. Qardosh va qardosh bo‘lmagan tillardagi tarixiyfonetik o‘zgarishlarni o‘rganish orqali tipologik, qiyosiytipologik fonetika, fonologiya sohalari paydo bo‘ldi.
Mahmud Koshg‘ariy turkiyshunoslikda ilk bor imlo talaffuzdagi tovushlarni ifodalashdan ojiz ekanini ochib berdi. Uning o‘zi birinchi bo‘lib yozuvdagi kamchilikni to‘ldirish maqsadida ayrim harflarni belgiladi. Mahmud Koshg‘ariy turkiyshunoslikda ilk bor tovushlarni maxsus kuzatdi, ularni ilmiy jihatdan o‘rgandi. Birinchilardan bo‘lib, qiyosiy–tipologik fonetika va qiyosiy-tarixiy tilshunoslikka hissa qo‘shdi. Tovushlarning kombinatsiya natijasidagi mavqelariniakustik va fiziologik holatlarini belgiladi. Olim fonetikaga doir juda ko‘p yangiliklarni ochdi, bu sohani yangi-yangi qoidalar bilan boyitdi. Olim ularning undosh tovushlardan farqini ajratar ekan, ulardagi kenglik va torlik, cho‘ziqlik va qisqalik holatlaridagi qoniniyatlarni ko‘rsatib bergan. Unli tovushlardagi ana shu xususiyatlarni asos qilib muallif turkiy tillardagi umumiylik va ular orasidagi xususiylikni belgilaydi.
Tilda fonema eng kichik birlik bo‘lishiga qaramay, eng kata vazifani bajaradi. Mahmud Koshg‘ariy e’tiroficha, fonetik jarayon g‘oyat ko‘p holatlar bilan bog‘liq. Shuning uchun uni izchil va to‘g‘ri talqin qilish ham unga katta imkoniyat yaratadi. Olim undan shu maqsadlarda foydalangan.
Chunonchi, u fonetik jarayonlarning ko‘p holatda so‘zlar etimologiyasini aniqlashga yordam berishini qayd etadi. “Devonu lug‘otit turk”da Mahmud Koshg‘ariy shu usul orqali juda ko‘p so‘zlarning etimologiyasini belgilaydi. Bu albatta, hozirgi umumturkologiya va o‘zbek tilshunosligi uchun so‘zlar etimologiyasini aniqlash, xususan, etimologik lug‘atlar tuzish yo‘lida g‘oyat ahamiyatlidir. Darhaqiqat, turkiy tillarda ko‘pgina so‘zlar bir bo‘g‘inli bo‘lgan. Turkiy tillarda undoshlar juftligi, undosh tovushlarning juft holda qator kelishi yoki kelmasligi haqida turkologiya va o‘zbek tilshunosligida xilma-xil fikrlar mavjud.
Ayrim olimlar undosh tovushlarning takrorlanib kelganligini tan olmasalar, ayrimlar uni ch o‘ziq undoshlar deb ataganlar. Ba’zilar uni boshqa tillarning ta’siri sifatida ko‘rsatgan. Mahmud Koshg‘ariyning ushbu fonetik jarayon yuzasidan tahlili bu boradagi qarashlarga ham oydinlik kiritishi mumkin. Olimning qayd etishicha, tovushlardagi ikkilik turli maqsadda yuzaga keladi. Chunonchi, mubolag‘a, ta’kid, kuchaytiruv maqsadlari sabab bo‘lishi mumkin. Ba’zan bir tovushning ikkinchi tovushga singishi ham ushbu fonetik jarayonni yuzaga keltiradi. Tadqiqotchi undoshlardagi juftlik tilda keyin yuzaga kelgan fonetik jarayon ekanligi haqidagi g‘oyasini olg‘a surar ekan, ularning so‘z turkumlari bo‘yicha ham turlicha ekanligini qayd etadi. Mahmud Koshg‘ariy bu jarayonni qoidalashtirib, aslida bir harf ikki qayta takrorlangan so‘z turkiy tillarda sira yo‘qdir. U faqat oxirgi harfi “t” bo‘lgan fe’llardagina paydo bo‘ladi. Ismlarda esa bu holat juda ozdir, deydi. Xullas, Mahmud Koshg‘arining nafaqat o‘zbek tilshunosligida, balki umumturkologiya fonetikasiga doir nazariy fikrlari haligacha mukammal o‘rganilgan emas.
Til taraqqiyotidagi fonetik o‘zgarishlarni tahlil etuvchi fonetik-fonologik qonuniyatlar quyidagilar:
1. Barcha tillarga tegishli tartib va qoidalarni tilning boshqa qonuniyatlari bilan bog‘liqlikda aks ettirish umumiy fonetik qonuniyatdir. Masalan, singarmonizm (tovushlarning uyg‘unlashuvi) turkiy tillarga xos umumiy fonetik qonuniyatdir. Chunki singormanizmda tovushlar moslashadi. Shu sabab ham fonetik hodisa sanaladi. Bu hodisa boshqa til oilalarida uchramaydi.
2. Xususiy fonetik qonuniyatlar muayyan til uchun xos bo‘lgan qonuniyatlarni ifodalaydi. Masalan, turkiy ti llarga mansub o‘zbek tilining keyingi taraqqiyotidagi ichki o‘zgarishlar hamda yondosh tillar ta’sirida yuzaga kelgan
hodisalar shu tilning o‘ziga xos rivojlanish omillari bilan bog‘liqdir.
Fonetik qonuniyatlar davr nuqtayi nazaridan ikkiga bo‘linadi.
1. Til tarixining tarixiy tovush o‘zgarishlarini o‘rganuvchi bo‘limi tarixiy fonetika va fonologiya deb yuritiladi.
2. Zamonaviy tilshunoslik ma’lum bir til doirasida hozirgi paytda sodir bo‘layotgan fonetik o‘zgarishlarni o‘rganadi.
Tarixiy-fonetik va fonologik o‘zgarishlar turli murakkab jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Fonetik va fonologik o‘zgarishlar natijasida tildagi fonemalar soni kamayishi yoki ko‘payishi mumkin, bunda ikki hodisa ro‘y beradi.
1.Ikki fonemaning yaxlit bir fonema sifatida birlashishi konvergensiya deyiladi. O‘zbek tili tarixida ma’lum bo‘lgan til oldi va til orqa, qisqa va cho‘ziq fonemalar keyinchalik birlashib, o‘rta cho‘ziqlikka ega bo‘lgan 6 ta unli fonemani hosil qilgan.
2. Bir fonemaning ikki mustaqil fonemaga ajralishi divergensiya deyiladi. Masalan, qadimgi turkiy tilda bitta a fonemasi keyinchalik ikki fonemaga ajralgan: a va o. Fonetik qonuniyatlarga tovushlarning kombinator va pozitsion o‘zgarishlari ham kiradi.
Umuman, fonetik qonuniyatlarni boshqa yondosh hodisalar ta’sirida o‘rganish tilshunoslik fani uchun ilmiy qiymatga ega.