2.2 Topishmoq va tez aytishlarni o‘rganish metodlari. Topishmoqlar narsa yoki hodisalarning ataylab yashirilgan belgisi, shakli, xatti- harakati, holati va vazifasini boshqa narsa yoki hodisalarga qiyoslash asosida topishga asoslangan she'riy yoki nasriy tuzilishdagi savol va topshiriqlardir. Topishmoqlar xalq turmushi bilan chambarchas bog‘liq holda yaratiladi. Ularning zaminida kishilarning qadimiy e'tiqod va tasavvurlari, olamni bilish va idrok etishga bo‘lgan intilishlari yotadi.
Topishmoqda yashirilgan narsalar uning javobi hisoblanadi. To-pishmoqning javobini topish uchun topishmoq matnini e'tibor bilan o‘qish, nimaga ishora qilinayotganligini fahmlash, topishmoqning asosiy xususiyat va belgilari aynan nimaga qaratilganligini taxmin qi-lish bilan ham topishga harakat qilish kerak.
Topishmoq o‘quvchilarni topqirlik va hozirjavoblikka o‘rgatadi. Shu sababli xalq og‘zaki ijodining bu janridan darsliklafda ham keng qo‘llanilgan. 1—2-sinf „O‘qish kitobi" da topishmoqlar ko‘proq, har bir matn ostida keltirilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad matn mazmunini topishmoqlar asosida ham o‘zlashtirilishiga erishishdir. Masalan, 1-sinf „O‘qish kitobi" da „Kitobga mehr" matni ostida „Qat-qat qatlama, Aqling bo‘lsa tashlama" topishmog‘i keltirilgan va mavzuga juda mos tanlangan. Topishmoqlar bunday shaklda berilganda ularning javobi oson topiladi. 1-4-sinf o‘qish darsliklarida „Topishmoqlar" mavzusi ostida har xil topishmoqlar ham berilgan bo‘lib, ular o‘quvchilarning topqirligini yanada oshiradi, tafakkurini o‘stiradi. 2-sinf “O‘qish”darsligida topishmoq javoblari ularning ostiga yozib qo‘yilgan yoki rasmlar orqali berilgan.
Osti tosh, usti tosh
O‘rtasida jonli bosh. (Toshbaqa)
Zuv-zuv borar, zuv-zuv kelar,
Doston o‘qir, g‘alvir to‘qir. (O‘rgimchak)
To‘rttir uning oyog‘I,
Temir mixli tuyog‘i.
Manzilga yetishtirar,
Toshdan qattiq tuyog‘i. (ot)
Yorug‘i bor, dovrug‘i bor,
O‘zi yo‘q, ovozi bor. (Momaqaldiroq) 3-4-sinflarga o‘tgach esa javoblar qayd etilmagan. Buning sababi shuki, bu davrga kelib o‘quvchilar topishmoqlar ustida ishlash ko‘nikmalarini hosil qilgan bo‘ladi.
Topishmoqlar bolalar shoirlari tomonidan ham yaratilib kelinmoqda. Bunday topishmoqlar sho‘x, qiziqarli bo‘ladi. Masalan, 4-sinf „O‘qish kitobi" da „Buni toping, qizlarim" (G‘. G‘ulom) topishmoqlari keltirilgan.
O‘tda yonmaydi,
Suvda botmaydi.
Ayoz bobo novvot sotdi,
Olgan edim qo‘lim qotdi.
Osmondan par tushadi,
Par emas zar tushadi.
Eritadi muzni
Qamashtirar ko‘zni.
“Chiq-chiq” ishlab tolmaydi,
Tunda uxlab qolmaydi.
Pichoq kessa qon chiqar,
Po‘choq ketsa don chiqar.
Bolalarni nutqini o‘rgatishda topishmoqlar alohida o‘rin tutadi. Ma'lumki, topishmoqlar narsa yoki hodisalarning qisqacha ta'rifi bo‘lib hisoblanadi. "Topishmoq, — deb yozadi adabiyotshunos M. Abdurahmonov, — narsa yoki voqelik tushunchasini ongli ravishda yashirishga, sir tutishga asoslangan kichik poetik asardir."
Topishmoqlarda insonning turmushi bilan bog‘liq bo‘lgan, uning tevarak-atrofdagi narsa va hodisalar, buyumlar, o‘simlik va hayvonot dunyosi kabilar ta'riflanadi. Ko‘pincha topish - moqlarda narsa va hodisalarning hajmi, shakli, rangi, tovushi, mazasi, harakati kabi belgilari beriladi.
Topishmoq bolalarni obrazli va aniq so‘zlashga o‘rgatishni osonlashtiradi. Topqirlik, aqliy faollik kabi holatlarini rivojlantirish imkonini beradi.
Maktab yoshidagi bolalar uchun tanlangan topishmoqlar sodda, qisqa va tushunarli bo‘lishi kerak. Shu bois topishmoqlarni tanlashda o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini, ayniqsa, o‘zga tilni o‘zlashtirish imkonini hisobga olishi lozim.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun tanlangan topishmoqlarda narsa va hodisalarning eng muhim belgilari ifodalanishidan unumli foydalanish zarur. Masalan, hayvonlar haqidagi topishmoqlarda bunday belgi ularning ovozi hisoblanadi:
Vov-vov deydi, baqiradi,
Tug‘ishganin chaqiradi. (It)
Topishmoqlarni tanlashda, albatta, bolaning tarbiyasi va yoshi hisobga olinishi kerak. Chunki umrida eshitmagan yoki ko‘rmagan narsasi haqida aytilgan topishmoqni bola hech qachon topa olmaydi. Shuning uchun ham topishmoqlar asosan, nomi o‘zlashtirib olingan narsa va hodisalar haqida boradi. Topishmoqlar orqali bolalarning mavjud bilimlari mustahkamlanadi.
—Topishmoqlar o‘qish darsi mashg‘ulotida o‘tilayotgan mavzuga ham muvofiq bo‘lishi kerak. Aks holda bolaning diqqati chalg‘iydi va ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin kechadi. Topishmoqlar ustida quyidagi tarzda ish olib borgan ma'qul: topishmoqda ko‘rsatilgan narsa va hodisa belgilarini tushunib olish, ya'ni tahlil qilish;
—bu belgilarni bir-biriga taqqoslash va umumlashtirish;
- aniqlangan belgilar asosida xulosa chiqarish, ya'ni topishmoqning javobini topish.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari topishmoq matni ustida ishlashda quyidagilarga e'tibor berishi lozim:
Ko‘pincha bolalar javob berishga shoshilib, topishmoqni oxirigacha eshitmaydi, uni har tomonlama batafsil tushunib yetmaydi. Ularning diqqati matndagi birorta belgiga bog‘lanib qoladi. Xulosani ular faqat shu yagona belgi asosida, qolganlarini e'tiborga olmagan holda chiqaradilar. Topishmoqni topish uchun muhim bo‘lgan belgi esa e'tiborga olinmaydi. Bunday vaqtda topishmoqni topish qiyinlashadi.
Topishmoq yechishda uning ma'nosini bolalarning yaxshi tushunib olishiga, izchillik va tartib bilan fikr yuritishiga harakat qilish kerak. Bunda fikr yuritish tartibi quyidagicha bo‘lishi mumkin:
—umumiy ko‘rinishda nimani qidirishni aniqlash;
—qolgan hamma belgilarni aniqlash;
—taxmin qilinayotgan yechimni keltirish;
—aniqlangan belgilarni birlashtirish;
—xulosa chiqarish.
O‘qituvchi topishmoqlarni ifodali tarzda bayon etadi, bolalar aytilayotgan narsa- buyumning hamma belgilarini eslab qolishlari uchun matnni qaytaradi. Savollar yordamida bolalaming e'tiborini belgilarga va ular orasidagi aloqaga qaratish kerak.
Bir narsa haqida turli topishmoqlar aytilishi bolalar lug‘atini boyitish imkonini beradi.
Topishmoq topishni yengillashtirish uchun o‘qituvchi bolalarga topishmoq yuzasidan quyidagicha savoilar berishi mumkin:
"Topinglar-chi, bu mevami yoki sabzavotmi?
U qaerda o‘sadi?
Bu qanday faslda bo‘ladi?
Bu qaysi hayvon ekan?" kabi. So‘ng topishmoqni ifodali o‘qib, rasmga qarab uning javobini topishni taklif qiladi. Masalan, "Stolni bezatish" o‘yinida stol tasvirlangan rasm tanlab olinadi, idishlar hamda oziq-ovqat rasmlari va ular haqida topishmoqlar tayyorlanadi. Topishmoqqa javob bo‘lgan rasmni bolalarning o‘zlari tanlaydilar. Topishmoqni rasmga qarab topish uni topishda yordamchi savoilar berish yaxshi samara beradsh Ba'zan fasllarga bog‘liq she'rlar, tez aytishlar, topishmoqlarni ham o‘rgatib borish kerak. Yuqorida aytilganidek, bolalarni qiyin tovushlarni to‘g‘ri talafruz qilishga, topishmoqlar orqali ularning fikrlash qobiliyatini o‘stirishga erishiladi. O‘quvchilarga:
Qishin-yozin bir xil kiyimda (Archa);
U tushganda dala-qir,
Kuladi qiqir-qiqir (Yomg‘ir) — kabi kichik va qiziq topishmoqlarni o‘rgatish maqsadga muvofiqdir.
Xulosa Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, dars jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish dars samaradorligini oshiradi. O‘quvchilarni darslarga bo‘lgan qiziqishini, o‘zlashtirish darajasini ko‘taradi.
Milliy istiqlol sharofati bilan ona tili ta'limini takomillashtirish davom etmoqda. Ona tili ta'limidan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarni nutqiy faoliyatga tayyorlash ekan, so‘z boyligini oshirish birinchi galdagi vazifa sanaladi. Shu maqsadda biz “Har xil janrdagi asarlarni yangi pedagogik texnologiyalar asosida o‘qitish” yo‘llarini ishlab chiqdik va dars o‘tish namunalarini keltirdik. Ishimiz davomida quyidagi to‘xtamlarga keldik:
Matn badiyatini tahlil etish asosida o‘quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyati o‘stiriladi.
Darsni yangi pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish o‘quvchilarning adabiyotga bo‘gan qiziqishini orttiradi.
O‘qish darslarida ta'limning interfaol usullaridan foydalanish o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatadi.
O‘quvchilar nutqini o‘stirishda ertaklar ustida ishlash yaxshi vosita bo‘la oladi. Chunki bola tabiatga yaqin, uni yangi olamga olib kiradi. Ertak tinglab, bolalar fikran undagi hamma voqea va hodisalarni chuqur his etadilar, ertak qahramonlari bilan harakat qiladilar. Ertaklar orqali bolalar o‘zbek xalqining an'analari, urf-odatlari bilan yaqindan tanishadilar.
Xalq yaratgan maqollarning ma'nosi, tuzilishi, vazifasini o‘quvchilarga tanishtirib borish ta'lim-tarbiyaning samaradorligini oshirish bilan birga, biror voqea-hodisa haqida tez hukm chiqara olishga va teran fikrlashga undaydi.
O‘quvchilarga zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida darslar tashkil etilsa, o‘quvchilarning darsni o‘zlashtirishlari osonlashadi, fikrlashi kengayadi, dunyoqarashi shakllanadi, o‘z fikrini, his-tuyg‘usini ona tilining imkoniyatlari doirasida ifodalash vazifalarini bajara oladigan darajadagi kelajak kishisi bo‘la oladi.
Bolalar lug‘atini boyitish, nutqining ravon, silliq va ta'sirchanligini ta'minlashda xalq og‘zaki ijodi ustida ishlash, shubhasiz, yaxshi natija beradi.
Har xil janrdagi asarlarni o‘rganishda undagi ayrim so‘z va iboralar bilan ishlash, bir tomondan, asar mazmunini oson hamda toliq o‘zlashtirishga yordam bersa, ikkinchi tomondan, bolalar lug‘atini boyitish, til hodisalarini anglash ko‘nikmalarini tarbiyalaydi, so‘zlarni fonetik jihatdan o‘zlashtirishga zamin bo‘ladi.
Ayni paytda, zamonaviy pedagogik texnologiya - tizimli yondashuvlar asosida o‘qitishning shakllarini qulaylashtirish, uning natijasini kafolatlash va obyektiv baholash uchun zarur bo‘lgan inson salohiyati hamda texnik vositalarning o‘zaro hamkorligini namoyish qiladi. Ta'lim maqsadlarini oydinlashtirish, o‘qitish va o‘zlashtirish jarayonlarida qo‘llaniladigan usul, metod va vositalarni xilma-xillash ta'lim va tarbiya jarayonlari mazmunini chuqurlashtirish-bular hammasi ta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish demakdir. Vaholanki, takomillashtirishning chegarasi, ya'ni oxiri yo‘q, deyiladi. Shunday bo‘lgach pedagogik texnologiyalar ham sarhadsiz tushunchalardir. Bu borada qancha ko‘p izlanilsa va qanchalik tashabbuskorlik bo‘lsa - shunchalik kamdek tuyulaveradi. O‘qitishning eng oddiy va bosh haqiqati ham ana shundadir.Tadqiqot ishimiz davomida biz metodist- olimlarning ta'lim vositalaridan foydalanish haqidagi barcha nazariy va amaliy qo‘llanmalarni o‘rganib chiqdik. ulardan ishimiz davomida foydalanishga harakat qildik.