Namoyish metodi – o‘rganilayotgan ob’ekt harakat dinamikasini ochib berishda qo‘l keladigan, predmetning tashqi ko‘rinishi va ichki tuzilishi haqida to‘laqonli ma’lumot beradigan metod
Tabiiy ob’yektlarni namoyish qilishda odatda uning tashqi ko‘rinishi (shakli, hajmi, miqdori, rangi, qismlari, ularning o‘zaro munosabatlari)ga e’tibor qaratiladi, so‘ngra ichki tuzilishi yoki alohida xususiyatlarini o‘rganishga o‘tiladi. Ko‘rsatish ko‘p holatlarda o‘rganilayotgan ob’yektlarning sub’ekti yoki chizmasi yordamida kuzatiladi. Tajribalar namoyishi esa sinf taxtasiga chizish yoki o‘qituvchining maxsus jihozlar yordamida ko‘rsatib berishi hisobiga amalga oshadi, bunda ushbu tajriba asosida yotuvchi tamoyillarni tushunish osonlashadi.
Predmetlar, hodisa yoki jarayonlarni tabiiy holatda namoyish qilish yanada ko‘proq didaktik samara beradi, biroq, bunday namoyishni amalga oshirish har doim ham mumkin bo‘lavermaydi. Shu bois o‘qituvchilar tabiiy predmetlarni namoyish qilishda sun’iy muhitga murojaat qilishadi (masalan, hayvonlar bilan hayvonot bog‘ida, turli o‘simliklar bilan esa issiqxonalarda tanishish) yoki sun’iy ravishda yaratilgan ob’yektlar (maket, model, mulyaj, skelet va boshqalar)dan foydalaniladi.
Bu metod yordamida o‘qituvchi o‘quvchilarni mustaqil ravishda ob’yektlarni o‘rganish, zaruriy o‘lchov ishlarini olib borish, aloqadorlikni o‘rnatish, shuningdek, hodisalarning mohiyatini anglab yetishga bir so‘z bilan aytganda faol bilish jarayoniga yo‘naltirishi lozim. Namoyish samarasi ko‘p jihatdan o‘qituvchining bilish jarayoni mohiyatan o‘quvchilarning yoshiga mos holda to‘g‘ri tanlanishi hamda mumkin qadar ularning diqqatini namoyish etilayotgan predmetning muhim jihatlariga yo‘naltirishiga bog‘liqdir.
Tasvirlash (illyustratsiya) metodi namoyish metodiga chambarchas bog‘liq bo‘lsada, didaktikada alohida o‘rganiladi.
Tasvirlash – narsa, hodisalar va jarayonlarni ularning ramziy ko‘rinishlari – chizma, portret, rasm, fotosurat, yassi modellar va boshqalar yordamida ko‘rsatishni taqozo etadigan metod
Namoyish va tasvir metodlari o‘zaro bog‘liqlikda bir-birini to‘ldirgan holda qo‘llaniladi. Agar hodisa va jarayonni o‘quvchi yaxlit holda qabul qilishi zarur bo‘lsa namoyishdan foydalanish, agar hodisa mohiyati hamda uning unsurlari o‘rtasidagi bog‘lanishlarni anglash talab etilsa illyustratsiyaga murojaat qilinadi.
Tasvirning samarasi ko‘pincha o‘qituvchi tomonidan ko‘rsatuv texnologiyasi qay darajada o‘zlashtirilganligiga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘rsatmalardan foydalanishning bilish jarayonidagi didaktik ahamiyati o‘rganilayotgan ob’yekt mohiyatini to‘laqonli yorita olishi bilan belgilanadi. Aslida illyustratsiyalar oldindan tayyorlanib, dars jarayonida zarur o‘rinlarda kerakli hajmda ko‘rsatiladi, aks holda ular sonining oshib ketishi o‘quvchilarni hodisa mohiyatini anglashda chalg‘itadi. Ayrim hollarda tarqatma materiallar (fotosurat, jadval, tabiiy ob’yektlar va boshqalar) yoki texnik vositalar xizmatidan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
O‘rganilayotgan mavzuning mazmuniga bog‘liq bo‘lgan narsa, hodisa va voqealarni hamma vaqt sinf sharoitida namoyish qilish mumkin bo‘lmaydi. Shuning uchun ham o‘tilayotgan mavzuning xarakteriga qarab, ekskursiya metodidan ham foydalaniladi. Mazkur metod sinf sharoitida – dars jarayonida qo‘llaniladigan ta’lim metodlaridan iubdan farq qiladi.
Ekskursiya – narsa va hodisalar mohiyatini tabiiy sharoitlar (ishlab chiqarish muassasalari, fermer va jamoa xo‘jaliklari, tabiat) yoki maxsus muassasalar (muzey, ko‘rgazma zallari va h.o.)da bevosita o‘rganilishini tashkil etishgaxizmat qiladigan metod
Ekskursiya bir vaqtning o‘zida mustaqil ta’lim turi ham sanaladi.
Dostları ilə paylaş: |