V. PSIXOLOGIYA METODLARI Psixologiyada tekshiriladigan psixik hayot hodisalari juda xilma-xil va murakkab hodisalardir. Bu hodisalar qanday metodlar bilan, ya’ni qaysi yo‘llar bilan, qanday usullar bilan tekshiriladi, degan savol tug‘iladi. Psixologiyada chinakam ilmiy bilimga ega bo‘lmoq uchun psixikani tekshirish metodlarini bilish va shu metodlardan foydalana bilish kerak. Har bir pedagog kishilar psixikasini tekshirish uchun loaqal eng oddiy usullami bilishi lozim.
Наг bir fan kabi psixologiya ham psixik (ruhiy) hayot hodisalarini chinakamiga ilmiy asosda bilib olish uchun quyidagi talablarga amal qilish lozim: tekshiriladigan har bir psixik hodisaga boshqa hodisalar bilan bog‘langan deb qaralishi zarur. Masalan, psixik hodisani uning nerv-fiziologik asosdan ajratib o‘rganish yaramaydi, xotirani tafakkur, diqqat va umuman shaxsdan ajratib o‘rganish yaramaydi va hokazo. Har bir psixik hodisa va umuman shaxs vujudga kelish, taraqqiy etish va o‘zgarish jarayonida ko'zdan kechirilishi zarur. Shuning uchun, masalan, bolalar va o‘smirlar psixikasining taraqqiyot qonunlarini bilmasdan turib, voyaga yetgan odam psixikasini yetarlicha yaxshi bilib bo‘lmaydi. Psixik hayot hodisalarini ulami taraqqiyot jarayonidan o‘rganganda miqdor o'zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tishini va bir sifat holatining ikkinchi sifat holatiga o‘tishini ko‘zdan kechirmoq kerak. Masalan, odam psixikasining taraqqiy etishini o‘rgana turib, bilim olish va to‘plash jarayonida odamning bilish qobiliyatlari: xotirasi, tafakkuri va nutqi, mushohadakorligi sifat jihatidan o‘zgarishni ko‘rsatib bersa bo‘ladi. Odam ongi uning tarixiy taraqqiyotida shakllanadi. Hozirgi mustaqillik sharoitida milliy ongning shakllanishiga taalluqli umumiy ilmiy qonuniyatlarni izlash, yangicha tafakkur qilish va dunyoqarashni shakllantirish milliy mafkura va milliy g‘oyaning shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Odamning tevarak-atrofdagi voqelikni bilishi kuzatishdan, tajribadan boshlanadi. Shu sababli, ilmiy psixologiya ham o‘z mavzuini o‘rganishni tajribadan, psixik hayot faktlarini aniqlash, tasvir etish va tahlil qilishdan boshlashi lozim. So‘ngra, aniqlangan va tahlil qilingan faktlar asosida, psixik hayot qonuniyatlarini ochib, tegishli nazariy va amaliy xulosalar chiqarilishi lozim. Har bir fandagi kabi psixologiyada ham tajriba, kuzatish va eksperiment shaklida qo‘llaniladi. Kuzatish va eksperimentdan tashqari, ilmiy tekshirishning boshqa maxsus metodlari: suhbat metodi, biografiya metodi, solishtirma tarixiy metod va boshqa metodlar ham qo‘llaniladi.