9
2-DARS.
INFORMATIKA FANI HAQIDA
2-dars. INFORMATIKA FANI HAQIDA
Informatikaga fan sifatida XX asrning 50-yillarida Fransiyada asos solingan. “Informatika”
atamasi fransuzcha Informatique va Avtomatique so‘zlaridan tashkil topgan.
Bu davrda Amerika va Janubiy Yevropa mamlakatlariga inson imkoniyatlaridan bir necha
pog‘ona yuqori turgan, axborotni katta tezlikda qayta ishlay oladigan elektron hisoblash
mashinalari (EHM) kirib kelgan va inson kundalik faoliyatining ajralmas qismiga aylangan.
Yevropa mamlakatlarida bu fan “informatics” sifatida taqdim etilgan. Amerikada u
“computer science”, ya’ni kompyuter ilmi nomi bilan mashhur bo‘lgan.
XX asrning 70–80-yillariga kelib kompyuter ilmi faqat olimlarni
emas, balki butun jahon jamoatchiligini qamrab oldi. Ishlab chiqarish
korxonalari hamda jamiyat hayotining turli sohalarida faol qo‘llanila
boshlandi.
Chunki bu davrda rivojlanish murakkab bosqichga yetdi. Yig‘ilib
qolgan ulkan hajmdagi axborotni saqlash, qayta ishlash, uzatish va
tezkorlik bilan almashishda jiddiy muammolar yuzaga keldi.
O‘z davri ilm-u fanining yangi yo‘nalishi sanalgan “kompyuter ilmi”
bu muammollarni o‘rgandi, ularni zamonaviy kompyuter va aloqa
texnologiyalari yordamida yechish imkoniyatini yaratdi.
ESLAB QOLING
INFORMATIKA – kompyuter va kommunikatsion texnologiyalar yordamida axborotni
katta tezlikda izlash, to‘plash, qayta ishlash va uzatish usullarini o‘rgatuvchi fan.