Xorijda bu qanday yo‘lga qo‘yilgan? Bugungi kunda elektron hukumat tizimi Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Norvegiya, Kanada, Niderlandiya, Daniya hamda Germaniya singari mamlakatlarda samaradorligini ko‘rsatmoqda. Ushbu mamlakatlarda juda ko‘plab davlat xizmatlaridan uydan chiqmagan holda, onlayn rejimida foydalanish mumkin. Davlat organlariga so‘rovlarga javoblar, turli to‘lovlar, rasmiy hujjatlarning namunasini olish, ularni to‘ldirish, elektron imzo bilan yuborish, oliy o‘quv yurtlarida masofadan turib tahsil olish, ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat etish va boshqalar shular jumlasidandir. Masalan, Janubiy Koreyada shaxslar rasmiy sayt orqali o‘zining murojaati ko‘rib chiqilishi qaysi bosqichda ekanligini kuzatib borishi mumkin.
Hukumat — harakatda Har qanday mamlakatda milliy ma’lumotlar bazasi hamda elektron reyestrlar elektron hukumat faoliyatining asosiy jihatlari hisoblanadi. Bu mexanizmlar jismoniy va yuridik shaxslar, avtomobil transporti, ko‘chmas mulk, davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish imkonini beradi. Shuni bildirib o‘tish kerakki, yurtimizda mazkur ma’lumotlarning markazlashgan holda saqlanishini ta’minlash “O‘zinfokom” zimmasiga yuklatilgan.
Mamlakatimizda milliy axborot tizimlarini rivojlantirish doirasida oltita ma’lumot bazasi hamda 12 ta axborot tizimlari majmui yaratilmoqda. Deylik, “Soliq” axborot tizimlari majmui 10 ta dasturiy mahsulot va 31 avtomatlashtirilgan tizimdan iborat. Uning ishga tushirilishi natijasida Davlat soliq qo‘mitasining 31 xizmatini elektronlashtirish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, “Kliring”, “Xarid”, “Byudjet”, “Bojxona”, “Litsenziya” hamda “Adliya” singari axborot tizimlari majmui ham mavjud bo‘lib, ular muayyan sohada ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash hamda xizmatlarning bir qismini elektronlashtirishga sharoit yaratmoqda. Qolaversa, “Sog‘liqni saqlash”, “Ta’lim”, “Kommunal” tizimlarini hayotga tatbiq etish arafasida turilibdi. Yaqin yillarda esa “Adliya-2”, “Nafaqa” va “Davlat boshqaruvi” tizimlarini ishlab chiqish rejalashtirilayapti. 2016 yilda tegishli ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha ishlar yakuniga yetkazildi. “Kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish” hamda Milliy geoaxborot tizimlari borasida hali nuqta qo‘yilmadi.
Bugun O‘zbekistonda xo‘jalik sub’ektlarining barcha turdagi soliq va statistika hisobotlari elektron shaklda topshirilmoqda, tovarlarni deklaratsiyalash hamda eksport-import shartnomalarini ro‘yxatga olish ham elektron shaklga o‘tkazilgan.
Sohadagi yana bir muhim yangilik. 2015 yilda Ochiq ma’lumotlar portali ishga tushirildi. Dastlabki bosqichda unda 8 ta tashkilotdan 80 turdagi ma’lumot joylashtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda mazkur portalda 120 ta tashkilotning 2216 xildagi axboroti o‘rin olgan. Bu axborotlar iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va boshqa dolzarb sohalarga taalluqlidir.
Qolaversa, 2013 — 2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturiga muvofiq, elektron hukumatning samarali faoliyat yuritishi uchun yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 2020 yilga qadar internet kanallarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yanada kengaytirish, keng polosali tarmoqlarni, ayniqsa, olis tumanlarda rivojlantirish bo‘yicha 17 ta yirik loyihaning amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, 2020 yilgacha fuqarolarning davlat organlari bilan elektron muloqotini ta’minlash hamda rivojlantirish bo‘yicha 22 ta loyiha ro‘yobga chiqariladi.