4. Ishlab chiqarish jarayonida yaratilgan texnologik yangiliklar marketingi Bozor raqobati sharoitida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini samarali rivojlanishini ta’minlovchi innovatsion faoliyatni boshqarishga alohida e’tibor qaratishni talab qilmoqda. Innovatsion faoliyat bozor munosabatlari sharoitida tadbirkorlikning ilg‘or shakli bo‘lib hisoblanadi. Bozor iqtisodiyoti ilmiy-texnika taraqqiyotini rivojlanishi uchun real imkoniyatlar yaratadi. Mamlakatimizda iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili bo‘lgan innovatsiyalarga ustuvor yo‘nalish sifatida e’tibor qaratilmoqda. Raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirmasdan turib, raqobatbardosh mamlakatni barpo etish, tarmoqni, tovarni yaratish bir muncha mushkuldir. Innovatsion marketing bu – yangi tovarlar yoki xizmatlar yaratish, kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan marketing texnologiyalari majmuidir. Innovatsion marketing texnologiyalarining o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular jismoniy jihatdan mavjud bo‘lgan mahsulot bilan emas, balki uning ishlab chiqilayotgan konsepsiyasi bilan ishlaydilar. Bu esa an’anaviy marketingdan farqli ravishda, marketing tadqiqotlari o‘tkazishda katta qiyinchiliklar yuzaga keltiradi. Bulardan kelib chiqqan holda dunyo bozorlariga chiqishda innovatsion marketing texnologiyalaridan samarali foydalanish talab etiladi. Bozor sharoitida innovatsion faoliyatning tubdan farq qiluvchi tomoni, bu ishlab chiqaruvchilar ehtiyojlariga emas, balki iste’molchilar ehtiyojlariga yo‘naltirilganlik hisoblanadi.
Ko‘pchilik zamonaviy tadqiqotchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda ro‘y berayotgan innovatsion o‘zgarishlar nafaqat jamiyatning ishlab chiqarish kuchlarini o‘zgartiradi, balki ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar tizimidagi markaziy bo‘g‘inni ham ifodalaydi. Innovatsion rivojlanish konsepsiyasiga ko‘ra, texnika va texnologiyalardagi innovatsiyalarning har bir yangi avlodi o‘zining ijtimoiy hayotdagi ta’sir doirasini kengaytiradi. Mahsulotning hayotiylik davri nazariyasi ham, M.Porterning xalqaro raqobat nazariyasi ham jahon bozorida yangilik kiritishning yo‘li ichki bozorni o‘zlashtirishdan boshlanishini rad etmaydi, chunki yangiliklar kiritishning o‘zi avvalboshdan aynan ichki iste’molchilar tomonidan amalga oshiriladigan ehtiyojlariga bog‘lab qo‘yiladi.