Qo‘shtirnoq quyidagi o‘rinlarda qo‘llanadi:
ko‘chirma gaplarni ajratib ko‘rsatish uchun qo‘yiladi;
kinoya bilan aytilgan so‘z yoki so‘z birikmalari qo‘shtirnoqqa olinadi: - Rahmat, “juda xursand qildingiz…” .
Badiiy asarlar, ayrim uyushma, korxonalar nomi, orden va medall nomlari qo‘shtirnoqqa olinadi: «Layli va Majnun» dostoni, «Mustaqillik ordeni», «Yulduz» ishlab chiqarish birlashmasi. Qo‘shtirnoqqa olingan so‘z turlovchi qo‘shimcha bilan kelsa, bu qo‘shimcha qo‘shtirnoqdan keyin qo‘yiladi:... erining «kirdikori»dan xabardor bo‘lganday o‘smoqchiladi Shakarxon. (H.N)
Gaplar qo‘shtirnoqqa olinganda so‘roq, undov belgilari qo‘shtirnoq ichida, nuqta, vergul qo‘shtirnoqdan tashqarida qo‘yiladi.
So‘roq va undov belgilari, so‘roq belgisi va ko‘p nuqta, undov belgisi va ko‘p nuqta birikkan holda qo‘llanadi: Ayb kimda?... Uyatni bilasizmi!...3 Ikki nuqta bilan tire ayrim hollarda bir xil vaziyat hosil qiladi. Masalan, bir o‘rinda ham ikki nuqta, ham tire qo‘yish mumkin bo‘ladi: To‘rt mashina sement yubordik: guruhlarga teng taqsimlansin. To‘rt mashina sement yubordik – guruhlarga teng taqsimlansin. Bunday holda mazmun o‘zgarmasa ham, uslubiyatda farq seziladi: ikki nuqta qo‘yilganda izoh, tire qo‘yilganda ta’kid ifodalanadi. Bunday holat boshqa tinish belgilari bilan bo‘lgan munosabatda ham namoyon bo‘ladi. Ya’ni bir gap mazmunidagi qaysi uslubiy jihat ustunligiga qarab, vergul, ikki nuqta, tire qo‘yiladi: Suv keldi, qaqragan cho‘llar obod bo‘ldi. Suv keldi: qaqragan cho‘llar obod bo‘ldi. Suv keldi – qaqragan cho‘llar obod bo‘ldi. Vergul qo‘yilganda ketma-ketlik, ikki nuqta qo‘yilganda natija, tire qo‘yilganda ta’kid ma’nolari ifodalanadi. Shu bois bunday o‘rinlarda qaysi tinish belgisi qo‘yilishini qat’iy tarzda qoidalashtirib bo‘lmaydi. Tinish belgisi maqsad va nutqiy vaziyatdan kelib chiqqan holda qo‘yiladi.
Uslubiy xatolar – so‘z tanlash, sinonim, paronimlarni, qo‘shimchalarni noto‘g‘ri qo‘llash bilan bog‘liq xatolar.
Adabiy nutq – muayyan tarixiy bosqichlarda ishlangan, qat’iy me’yorlarga ega bo‘lgan nutq ko‘rinishidir. Adabiy nutqning muayyan sohadagi muloqot uchun moslashtirilgan, bir qator o‘ziga xos xususiyatlari bilan farqlanib turadigan ko‘rinishlari – uslublari mavjud.
Nutqning ijtimoiy vazifasiga qarab uslub turlari har xil bo‘ladi: har bir ijtimoiy qatlam, toifaning o‘z nutq uslubi bo‘ladi. Shunga ko‘ra, uslub, avvalo, so‘zlashuv va yozma nutq uslublariga bo‘linadi. Jamiyat vakillarining o‘zaro og‘zaki muloqot jarayoni, sheva ko‘rinishlari so‘zlashuv uslubini tashkil etadi. Og‘zaki nutq keng imkoniyatlarga ega. Og‘zaki muloqot jarayonida fonetik, paralingvistik vositalardan unumli foydalanish mumkin. Og‘zaki nutq so‘zlovchining maqsadi, ruhiyati, suhbatdoshga munosabatini ifodalash xususiyatiga ega. Og‘zaki nutqqa o‘zgaruvchanlik, yozma nutqqa esa turg‘unlik xos. Yozma nutq ma’lum bir fonetik, leksik, grammatik qonuniyatlarga asoslanadi. Yozma nutq fikrning adabiy til me’yorlari asosidagi ifodasidir. O‘z navbatida, yozma nutq ruhiyatni, hissiyotlarni, orzu-umidlarni to‘laroq aks ettirish imkoniyatiga ega. Ba’zan so‘zlovchi og‘zaki muloqotda ayta olmagan fikrlarini, orzu-o‘ylarini yozma nutq orqali ta’sirchan, obrazli tarzda ifoda etadi.
O‘zbek tilida quyidagi nutq uslublari mavjud: so‘zlashuv, ilmiy, rasmiy, ommabop, badiiy uslub. Insho badiiy uslubda yoziladi. Badiiy uslub badiiy asarlarning ifoda ko‘rinishi bo‘lib, unda badiiylik, obrazlilik, ta’sirchanlik kuchlidir. Badiiy uslub boshqa uslub xususiyatlarini ham namoyon etadi. Qahramonlar muloqoti so‘zlashuv uslubiga, ularning faoliyati bilan bog‘liq jarayonlar rasmiy va ilmiy uslubga, muallif nutqidagi ba’zi o‘rinlar ommabop uslubga mansub bo‘ladi. Badiiy asarlar tilida arxaizm, istorizm, neologizm, varvarizm, vulgarizm, argo, jargonlar ham uchraydi. Badiiy uslub o‘quvchida estetik zavq uyg‘otadi, voqea-hodisani obrazli ifodalarda, ta’sirchan vositalar orqali aks ettiradi. Obrazlilik va estetik ta’sir etish badiiy uslubning muhim belgisidir.
Risoladagidek insho yozish uchun o‘quvchi nutq uslublarini yaxshi o‘zlashtirishi kerak. Undan badiiy uslubning o‘ziga xos jihatlarini, boshqa uslublardan, jumladan, ilmiy uslubdan farqini yaxshi anglash talab etiladi. Uslub xususiyatlarini yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchi tushunchalarni ilmiy va badiiy uslubda ta’riflay bilishi lozim. Masalan, lola so‘zini ilmiy uslubda ta’riflaydi: Piyozguldoshlar oilasiga mansub bir yillik o‘simlik. Qir-adirlarda, tog‘larda o‘sadi. Qizil, sariq ranglarda bo‘ladi; badiiy uslubda ta’riflaydi: Ayni bahor fasli. Atrofni lolalarning alvon gilami qoplagan. Lolalar quyoshga tutilgan qadah singari yal-yal tovlanadi. Alvon gilamlarda quvnab, yayrab yugurging keladi kishi. Yoki lolaning shoir Furqat misralaridagi obrazli ifodasini anglash lozim: Yomg‘ir suvi to‘lganda tog‘ lolani jom etsin... Bunda o‘quvchi ilmiy uslubda terminlar, shartli belgilarning qo‘llanishi, so‘zlarning o‘z ma’nosida kelishi, ko‘chma ma’nodagi so‘zlarning qo‘llanmasligi haqidagi bilimlarini yanada boyitadi. Badiiy uslubda obrazli tasvirning, ta’sirchan ifodaning mavjud bo‘lishi, so‘zlarning ko‘chma ma’noda qo‘llanishi, emotsional-ekspressivlikning ustunligini anglaydi.
O‘quvchi leksikologiya sohasida muayyan darajada bilimga ega bo‘lishi zarur. So‘z ma’nosini, metafora, metonimiya, sinekdoxa kabi semantik ko‘chishlar mohiyatini yaxshi anglashi kerak. Metaforani o‘rganish jarayonida o‘quvchi o‘xshashlik haqida, metonimiyani o‘rganish jarayonida aloqadorlik, sinekdoxani o‘rganish jarayonida butun-qism munosabati haqida fikrlaydi. Semantik ko‘chish asoslari haqidagi ma’lumotlarni yodda saqlab qoladi. Natijada keltirilgan misollarga analogiya tarzida o‘zi ham yangi misollar topadi, o‘ziga xos ko‘chimlarni yuzaga keltiradi. Bu esa ijodiy matn yaratishda, fikrni ta’sirchan, obrazli ifodalashda muhimdir.
Insho matni talab darajasida bo‘lishi uchun nutq uslublarini mukammal o‘zlashtirish talab etiladi. Uslub turlari yaxshi o‘zlashtirilmasa, insho matnida xatolarga yo‘l qo‘yiladi.
Uslubiy xatolar leksik, morfologik me’yorlarning buzilishi natijasida yuzaga keladi.
Uslubiy xatolar sinonimlarni qo‘llashda kuzatiladi: bashara-afti-angor. Uslubiy xatolarning ma’lum qismi so‘z tanlash bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, insonga nisbatan qulamoq, narsa-buyumga nisbatan yiqilmoq, ashulaga nisbatan chiroyli so‘zlarini qo‘llash noto‘g‘ri. Paxta gulladi birikuvi ham uslubiy jihatdan xatodir.
Paronimlarni noto‘g‘ri qo‘llash uslubiy xatolarni yuzaga keltiradi.
Paronimlar orfoepiya me’yorining buzilishi natijasida yuzaga keladi. Aytilishi (talaffuzi) jihatidan o‘xshash, ammo yozilishi va ma’nosi har xil bo‘lgan so‘zlar paronimlardir: yuvindi-yuvundi, kuyindi-kuyundi, fakt-pakt, abzal-afzal, yoriq-yorug‘, quyulmoq-quyilmoq, arch-art, otalik-otaliq, borlik-borliq, yonilg‘i-yoqilg‘i, matal-ma’tal (mahtal), jodi-jodu, yondosh-yondash, bob-bop, bod-bot, tub-tup, tanbur-tambur, daha-daho, sira-sara, xiyol-xayol, sada-sado, juda-judo, qism-qisim, adl-adil, ahl-ahil, asr-asir, azm-azim, tuyilmoq-tuyulmoq, kift-kaft, yod-yot, darz-dars, ramz-razm, qarz-qars, qayd-qayt, naq-naqd, o‘tkazmoq-o‘tqazmoq. Talaffuzi yaqin bo‘lganligi uchun bunday so‘zlarni bir-biri bilan almashtirib qo‘yish ehtimoli bor. Paronimlarbirining o‘rnida ikkinchisi qo‘llanib, bora-bora bir so‘z shakliga aylanib ketgan holatlar ham uchraydi. Masalan, tunamoq-to‘namoq paronimlarining har ikki o‘rinda ham, aksariyat hollarda, tunamoq shakli qo‘llanadi. Bir so‘zning ikki xil yozilishi paronim hisoblanmaydi: podsho-podshoh, gado-gadoy, kaptar-kabutar, nabira-nevara. Bunday so‘zlar dubletlar bo‘lib, har ikki shakl ham xato hisoblanmaydi. Dubletlarning yuzaga kelishiga o‘zlashgan so‘zlarning asl holatidagi imlosi va o‘zbek tili talaffuz me’yorlariga moslashgan ko‘rinishi sabab bo‘lgan. Keyingi paytda bunday so‘zlar ko‘paydi: darvesh-darvish, fojea-fojia. Bu imlo qoidalarini takomillashtirishga to‘sqinlik qiluvchi salbiy holatdir.
Paronimlar og‘zaki talaffuz me’yorlari bilan bo‘g‘liq bo‘lib, bir qator uslubiy xatolarga sabab bo‘ladi: Yaxshiga yondosh – yomondan qoch. Bu o‘rinda yondosh paronimi yondash o‘rnida qo‘llangan. Buning ikki sababi bor: birinchidan, yondosh (sifat) – yondash (fe’l) so‘zlarining talaffuzda o‘xshashligi, ikkinchidan, qoch so‘ziga qofiyadoshlik talabi.
Onangni boshda tutsang, singlingni kaftingda tut maqolida kift so‘zining paronimi noto‘g‘ri qo‘llangan. Shahrimiz ko‘chalaridagi poyafzal, yoqilg‘i quyish shahobchasi mazmunidagi birikmalar, Hush kelibsiz undovi ham paronim bilan bog‘liq xatolarga misol bo‘ladi (aslida: poyabzal, yonilg‘i quyish shahobchasi, Xush kelibsiz shaklida bo‘lishi kerak).
Uslubiy xatolar grammatik me’yorlarning buzilishi natijasida ham yuzaga keladi. Uslubiy xatolarning ma’lum qismi –li /-lik; -ni/-ning qo‘shimchalarini qo‘llash bilan bog‘liq.