6-Mavzu:Inshoning belgilangan maqsadga ko‘ra turlari.
Reja:
Insho haqida nazariy ma’lumot
Insho turlari va ularning o‘ziga xos jihatlari
Insho yozish uchun ko‘nikma va malakalarni shakllantirish yo‘llari
Tayanch so‘z va iboralar: insho, insho turlari, adabiy mavzudagi insho, ta’limiy insholar, reja, mavzu tanlash, ma’lumotnoma matni, ijodiy tavsifiy matn, nazoratga qaratilgan insholar, ko‘rik-tanlov insholari
O‘quvchini kasbga yo‘naltirish, muayyan sohalar haqida tasavvur va bilim hosil qilish har bir fan o‘qituvchisining burchi hisoblanadi. Yosh avlodni kasbga tayyorlovchi asosiy omil ona tili va adabiyot fanlaridagi matnlar, mashqlar va albatta, “Kim bo‘lsam ekan?”, “Men tanlagan kasb” kabi mavzulardagi dastlabki insholardir. Insho аrabcha so‘z bo‘lib, “tashkil etish”, “yaratish”, “qurish”, “barpo qilish”, “ijod”, “bayon” , “tahrir” ma’nolarini anglatadi. Insho muallifning ma’lum bir mavzudagi bilim va tasavvurlarini, voqelikka munosabatini, mustaqil fikrini bayon qilish natijasida shakllanadigan yozma ish turidir.
Insho muallif tomonidan ijod etiladi, yaratiladi. Insho yozishda muallifdan fikr-mulohazalarini faktik material asosida mantiqan izchil va badiiy jihatdan maqsadga muvofiq tarzda, adabiy til me’yorlariga amal qilgan holda bayon etish talab qilinadi.
Insho tez fursatda o‘rganiladigan yoki o‘zlashtiriladigan yozma ish turi emas. Insho yozish ko‘nikmalariga qisqa muddatda ega bo‘lish qiyin, albatta. Yaxshi, har tomonlama maqsadga muvofiq insho ko‘p yillik faoliyat mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi. Avvalo, ko‘p mutolaa qilish, imlo lug‘atlari, izohli lug‘atlardan boxabar bo‘lish, atroflicha bilimga ega bo‘lish talab darajasida yoziladigan insholarga zamin yaratadi.
Insho belgilangan maqsadga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: ta’limiy insholar va sinov insholari.
Ta’limiy insholar sinfda yoki uyda o‘quvchi tomonidan yozilib, ijodiy fikr yuritishga, mavzuni to‘g‘ri bayon qilishga qaratiladi. Bunday insholarda biror yozuvchi yoki shoir ijodi, asarlari mazmuni, mavzu doirasi, badiiy ahamiyatini o‘zlashtirish, o‘quvchida fikrlash ko‘nikmalari, qaror qabul qilish tezligi, voqelikka, shaxslarga, narsa-hodisaga baho berish malakasini shakllantirish maqsadi qo‘yiladi. Ta’limiy insholar ham baholanadi, lekin bunday insholar bilimni aniqlashga emas, bilim berishga yo‘naltiriladi.
Sinov insholari o‘rganilgan mavzularga doir bilimlarni, insho yozish ko‘nikma va malakalarini sinash hamda baholash uchun muayyan mavzular tugagandan so‘ng, choraklar yoki o‘quv yili oxirida nazorat ishi sifatida, davlat attestatsiyalarida, olimpiadalarda, ijtimoiy-gumanitar sohalarga doir tanlovlarda o‘tkaziladi. Sinov insholari olingan bilim, ko‘nikma va malakani baholashga xizmat qiladi.
Insholar mazmun-mohiyatiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi:
1. Adabiy mavzudagi insho ta’lim dasturida qayd qilingan, dars jarayonida o‘tilgan mavzular asosida yoziladigan, darslar va darsliklardagi ma’lumotlarga o‘quvchining munosabati, shaxsiy fikrlari ifodalanadigan, ijodiy yondashuv asosidagi yozma ishdir. Adabiy mavzudagi inshoda muayyan yozuvchi, shoirning hayoti va ijodi, qahramonlar xarakteri, fe’l-atvori, faoliyati, taqdiri tahlil qilinadi, ijodkor faoliyati, asarlariga doir umumiy ma’lumotlar bayon etiladi, badiiy asar mazmuni, g‘oyasi hamda undagi qahramonlar xarakterini, taqdirini yoritishda, tahlil qilishda o‘quvchining mustaqil yondashuvi aks etadi. Ijodiy yondashuv, mustaqil fikr inshoning zarur shartlaridan biridir. Ta’lim jarayonida adabiy mavzudagi insholar keng qo‘llanadi. Adabiy mavzudagi insholar matn asosidagi insholar, deb ham yuritiladi.
Adabiy mavzudagi insholardan ona tili va adabiyot darslarida keng foydalanish, reyting tizimining oraliq va yakuniy nazoratlarini insho ko‘rinishida o‘tkazish maqsadga muvofiqdir.
Adabiy mavzudagi insholar o‘quvchining badiiy nutqini rivojlantiradi, unga o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a singari adabiy tasvir vositalaridan foydalanishni, oddiy so‘zlar bilan ma’nosi kuchaytirilgan bo‘yoqdor so‘zlarni farqlash va qo‘llay bilishni o‘rgatadi. Shuningdek, yozuvchi uslubini tushunish, asar kulminatsiyasi va yechimidagi voqea-hodisalarni anglash, asar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini keng, aniq va izchil, erkin ravishda bayon qilish imkonini beradi.
Adabiy insholardan faqat adabiyot darslarida emas, balki ona tili mashg‘ulotlarida ham keng foydalaniladi. Bunday insholar yozuvchi mahoratini aniqlashga, asar qahramonlari olamiga kirishga, ularni bir-biri bilan taqqoslab, yaxshilik va yomonlikning tub mohiyatini anglashga yordam beradi. Shu bilan bir qatorda ona tili qoidalarini, badiiy uslub xususiyatlarini o‘zlashtirishda ahamiyatlidir. Adabiy insholar o‘quvchidan badiiy nutq ko‘nikmasini talab etadi. Masalan, “Ma’nodosh va qarama-qarshi ma’noli so‘zlar” mavzusi o‘rganilgandan so‘ng o‘quvchilarga yaxshilikni, insonning, ijobiy, ezgu fazilatlarini ifodalovchi so‘zlarning qarama-qarshi ma’nolilarini toptirish, ma’lum bir asar misolida “Yaxshi fazilatlar – inson ziynati” adabiy inshosini yozdirish mumkin bo‘ladi.
Adabiy insholar badiiy adabiyot namunalari asosida yaratiladi. O‘quvchilar o‘rganilayotgan til hodisalari bilan bog‘liq holda badiiy asarlar, ulardagi qahramonlar, bayon qilingan qiziqarli voqea-hodisalarni tahlil qiladilar, o‘z munosabatlarini bildiradilar.
2. Erkin mavzudagi insho adabiyot fani dasturida qayd etilmagan, ijtimoiy hayotning muhim masalalari, milliy qadriyatlar, urf-odat, an’analar, davr mafkurasi, yoshlar faoliyati bilan bog‘liq axloqiy, ma’naviy-ma’rifiy mavzularda yoziladi. O‘quvchining ma’lum bir mavzuga oid bilimlari, axloqiy-tarbiyaviy, ijtimoiy-siyosiy dunyoqarashi, fikr va mulohazalarini aks ettiruvchi, ijodkorlik qobiliyatini, his-tuyg‘ularini namoyon qilishga qaratilgan insholar erkin mavzudagi insholardir.1
Badiiy adabiyotdan yaxshi xabardor o‘quvchigina erkin mavzuda qiynalmay insho yozishi mumkin. Erkin mavzudagi insholar mavzusi va materiallari hayotning turli sohalariga oid bo‘lishi mumkin. Bunday nazorat turi o‘quvchidan hayotni yaxshi tushunish va bilishni, voqea-hodisalar haqida yetarli, ilmiy, aniq ma’lumotga ega bo‘lishni, o‘z fikr-mulohazasini bayon eta olishni, o‘qilgan badiiy asarlar, teleko‘rsatuvlarni, kinofilmlarni, teatr namoyishlarini muhokama qilib, mustaqil xulosa chiqarishni taqozo etadi. Shuning uchun erkin mavzudagi insholar adabiy insholarga qaraganda murakkabdir. Erkin mavzudagi insho o‘ziga xos kichik nasriy asar bo‘lib, unda o‘quvchining o‘zligi ko‘proq namoyon bo‘ladi.
Nazoratlarda “Mening sevimli qahramonim”, “Ommaviy axborot vositalariga munosabatim”, “Ustoz o‘gitlari”, “Vatanga sadoqat” va shu kabi erkin mavzularda insho yozish mumkin.
Adabiy va erkin mavzudagi insholar bir-biridan, avvalo, asoslaniladigan manbasi bilan farq qiladi. Adabiy insholarning manbai adabiy asarlar bo‘lsa, erkin insholarning manbai serqirra hayot, o‘quvchilarning kuzatishlari va taassurotlari bo‘lishi mumkin.
Umumta’lim jarayonida adabiy va erkin mavzudagi insho asosida davlat imtihoni o‘tkaziladi.
Har qanday matn, shu jumladan, insho ham muayyan janr xususiyatlarini namoyon qiladi. An’anaviy insho adabiy-tanqidiy maqolaning analogiyasini o‘zida aks ettiradi. Insho uchun eng maqbul janrlar sifatida adabiy-tanqidiy maqola, esse, ocherk, kundalik, maktubot janri, sayohatlar e’tirof etiladi. Bularning barchasini ham adabiy, ham ommabop mavzularda yozish mumkin. Turli janrdagi insholar ustida ishlash sermulohaza, savodli o‘quvchini tarbiyalaydi, tildagi ma’no nozikliklarini fahmlash, badiiy did, obrazli fikrlash va ijodiy tafakkurni rivojlantiradi. O‘quvchi ijodiy yondashuvi orqali yozma ishning o‘ziga xos xususiyatini yaxshiroq anglaydi. Bunday insholar nisbatan mustaqil va turli-tuman bo‘ladi. Ularning mohiyatini anglash uchun insho ta’limini muayyan tartibda olib borish kerak bo‘ladi. Janrning o‘ziga xosligini tushuntirish, nazariy bilish; turli janrdagi badiiy asar yoki adabiy tanqidchilik namunalarini o‘qish va tahlil qilish; turli mualliflarning bir asarga bag‘ishlangan maqolalarini taqqoslash; badiiy asar yoki adabiy tanqidning janr xususiyatlarini o‘zlashtirishga yordam beruvchi, o‘quvchilarning ma’lum bir janrda insho yozishiga ko‘maklashuvchi namunaviy savollar tuzish; yozma ishlarni bajarish va ularni tahlil qilish asosiy vazifalar hisoblanadi.
Adabiy-tanqidiy maqola, taqriz, esse badiiy asarlarni va ularda aks ettirilgan hayot hodisalarini baholash hamda izohlashga qaratilgan adabiy tanqid janrlari hisoblanadi. Adabiy tanqid ham zamonaviy, ham mumtoz adabiyotni o‘rganadi, u estetika, adabiyot nazariyasi va tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Adabiy tanqid xususiyatlari vaqt o‘tishi bilan yangilanib boradi, uning maqsad va vazifalari ham o‘zgaradi.
Adabiy turdagi janrlardan ayrimlari uslub xarakteriga ko‘ra inshoni eslatadi. Insho o‘quv jarayoni, ta’lim bosqichlari, o‘qitish, ta’lim berish, baholash tizimi bilan xarakterlanadi va shu jihatlari bilan yondosh adabiy janrlardan ajralib turadi. Inshoning insho-miniatyura, muhokama-insho (esse), kartina bo‘yicha insho, tavsifiy insho, mulohaza-insho, tasviriy insho, kundalik, maktub, rivoyat-insho, ertak- insho kabi ko‘rinishlari ham qayd etilgan.
Dostları ilə paylaş: |