Pantoten kislota (B3 vitamini) Bu vitamin 1933-yilda R. Uilyams va hammualliflar tomonidan ochilgan. 1940-yilda strukturasi aniqlangan va kimyoviy sintez yo’li bilan tasdiqlangan. Alanin va 2,4-dioksin-3,3-dimetil moy kislotaning kompleks birikmasi hisoblanadi.
Pantotenat kislota ingichka ichakda oddiy diffuziya yo’li bilan so’riladi va qon bilan to’qimalarga o’tadi. Hujayrada undan koferment -4-fosfopantotein, defosfo-KoA va KoA sintezlanadi. Pantotenat kislotaning ahamiyati uning kofermentlarini biokimyoviy jarayonlardagi o’rni bilan belgilanadi. 4-fosfopantotein yog’ kislotalar sintezida ishtirok etuvchi atsil tashuvchi oqsil tarkibiga kiradi. Defosfo-KoA sitratliaza almashinuvi reaktsiyalarining kofermenti hisoblanadi. Uning ishtirokida atsetat va yog’ kislotalarining faollashuvi, yog’ kislotalarining oksidlanishi, xolesterin va boshqa steroid moddalarning, keton tanachalar sintezlari yuz beradi. Bu jarayonda sitratning hosil bo’lishi va suktsinil-KoA ni subsratli fosforillanishi, suktsinil-KoA ishtirokida kechadigan sintetik reaktsiyalar, atsetilxolin, atsetilglyukozaminlar sintezi, biogen aminlar va ksenobiotiklarni zararsizlantirilishi, piruvat hamda ketoglutaratni oksidlanishi kechadi.
B3 avitaminozi belgilari: dermatit, shilliq qavatlarning jarohatlanishi, ichki sekretsiya bezlarida (buyrak usti bezi) va nerv sistemasida (nevrit, paralich) distrofik o’zgarishlar, yurak va buyrakda o’zgarishlar, sochlarning oqarishi, o’sishdan to’xtashi, ishtaha yo’qolishi kuzatiladi.
Jigar, tuxum sarig’i, xamirturush va o’simliklar yashil qismi iste’mol uchun asosiy manba hisoblanadi. Sutkalik me’yori – 3-5 mg.
Folat kislota Folat (pteroilglutamin) kislota 1941-yilda o’simliklarning yashil bargidan ajratilgan. U uchta strukturali birlikdan tuzilgan: pteridin, paraaminobenzoat va glutamat kislotalar. Ovqat tarkibidagi folat kislota ichaklarda so’riladi.
Shilliq qavatda tetragidrofolat kislotasi (TGFK) va N5-metil-TGFK hosil bo’ladi. Qonda folat kislotasining asosiy 87% eritrotsitlarda, qolganlari plazmada bo’ladi. U jigar, buyrak, shilliq qavatlarda saqlanadi. Tanadan ter va siydik orqali chiqariladi. Folat kislotasining biokimyoviy funktsiyalari uning koferment shakllari: N5-formil-TGFK, N10-formil-TGFK, N5,Nl0-metenil-TGFK, N5,N10-metilen-TGFK va N5-metil-TGFK bilan bog’liq. Barcha kofermentlar bir-biriga o’tib turishadi. TGFK shaklida bir uglerodli guruhlarni tashishda qatnashadi. Bir uglerodli guruhlar kofermentning bir shaklidan ikkinchi shakliga ko’chiriladi hamda purin va pirimidin asoslari sintezida, yoki ba’zi aminokislotalarni (serindan glitsin, gomotsisteindan metionin) hosil bo’lishida qatnashadi. Kofermentlar dUMF dan dTMF hosil bo’lishini ta’minlaydi. Shuning uchun, nukiein kislotalar sintezida va hujayra bo’linishida muhim rol o’ynaydi.
Kalamushlarda folat kislota yetishmaganida avval leykopeniya, keyin esa anemiya rivojlanadi. Folat kislota tanqisligi natijasida eritropoez sodir bo’ladigan suyak ko’migi hujayralarida DNK sintezi buziladi va periferik qonda DNKni kam saqlovchi yosh hujayralar -megaloblastlar paydo bo’ladi, leykopeniya kuzatiladi.
O’simliklar yashil bargi va xamirturush folat kislotaga boy hisoblanadi. Shuningdek u jigar, buyrak, go’sht va boshqa mahsulotlarda bo’ladi. Ichak mikroflorasi uni yetarli miqdorda sintezlaydi. Sutkalik me’yori-1-2 mg.