LSQni o‘qish va yozish qoidalari. Lisoniy birlik bevosita kuzatishda berilmagan bo‘lib, ular yozish yoki aytish uchun ham shartli belgidir.
Lisoniy birlik bo‘lgan LSQ yozuvda turli shartli belgi vositasida beriladi. Biroq bu shartli belgini o‘qishning o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. Ma’lumki, ximiyada moddalar turli shartli belgilar vositasida ifodalansa-da, ular aynan o‘qilmaydi. Masalan, H2SO4 ni «Ash ikki S O to‘rt» deb o‘qish to‘g‘ri emas. LSQga ham shunday munosabatda bo‘lish lozim. Deylik, [W morfologik vosita →W morfologik vosita] qolipini o‘qish buyurilgan. Uni «W morfologik vosita va W morfologik vosita», deb emas, balki, «ikki uzvi morfologik shakllangan atov birligi» deb o‘qish tavsiya etiladi. Agar LSQ [ism kelishik qo‘shimchasi → ism egalik qo‘shimchasi] ko‘rinishida bo‘lsa, u «ikki uzvi ismli qaratuvchili birikma» tarzida o‘qilishi maqsadga muvofiq.
Ma’lum bo‘ldiki, LSQning shakliy tomonigina yoziladi va o‘qiladi. Zero, ikki yoqlamali birlik bo‘lgan leksema va morfemaning ham shakliy tomoni shartli ravishda yoziladi va o‘qiladi: kitob leksemasi, -ni morfemasi kabi. Ularning mazmuniy tomoni bo‘lgan semema yoki grammatik ma’no birliklarning shakliy tomoni bilan yaxlit idrok etiladi va yozuvda uni alohida berish uchun zarurat bo‘lmaydi.
Demak, LSQ ifodasida ham qulaylik uchun ularning shakliy tomoni bilangina cheklanish ma’qul.
Turg‘un SB va frazemalarning LSQdagi o‘rni.Turg‘un SB va frazemalar ham mohiyatan o‘zida tayyorlik, majburiylik, ijtimoiylik belgilarini mujassamlashtirganligi bois, bir atov birligi, bir leksemaga teng birlik sifatida qaralib, yaxlit holda LSQning bir uzvini to‘ldiradi. Masalan, Halimning tepa sochi tikka bo‘lishi [W qaratqich kelishigi → W egalik qo‘shimchasi], qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan bola ([ism→ ot]) kabi.