Soliq yuki – mablag`larni boshqa foydalanish mumkin bo`lgan yo`nalishlardan olib,
soliqlarni to`lash uchun yo`naltirish orqali vujudga keladigan iqtisodiy cheklovlar darajasi bo`lib,
odatda soliq to`lovchining muayyan davrda byudjetga to`langan soliqlar va boshqa majburiy
to`lovlarning yig`indisi sifatida namoyon bo`ladi. Mamlakat miqyosida soliq yuki darajasini
soliqlarning yalpi ichki mahsulotdagi salmog`i orqali ifodalanadi.
Soliq yukini yengillashtirish – soliqlarning foiz stavkalari kamaytirish va imtiyozlar
yaratish.
Iqtisodiyotning real sektori – iqtisodiyotning bevosita moddiy ne`matlar ishlab chiqarish va
xizmatlar ko`rsatish bilan bog`liq sohasi bo`lib, u o`z ichiga sanoat, qishloq xo`jaligi, qurilish,
transport, aloqa va boshqa xizmat ko`rsatish tarmoqlarini oladi.
Ishlab chiqarishni modernizatsiyalash – ishlab chiqarishni zamonaviy texnologiyalar bilan
jihozlash, uni ma`naviy jihatdan yangilash, tarkibiy jihatdan texnik va texnologik qayta tuzish kabi
chora-tadbirlarni o`z ichiga oluvchi jarayon. Ishlab chiqarishni modernizatsiyalashning asosiy
yo`nalish va vositalari bo`lib quyidagilar hisoblanadi: korxonalardan eskirgan asbob-uskunalarni
chiqarish; ishlab chiqarishni zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlash; mahalliy
resurslar asosida ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni joriy etish; ishlab chiqarilayotgan
mahsulot assortimentini kengaytirish; ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish va resurslarni
tejash; sifatni boshqarish va sertifikatlash tizimini joriy etish; chiqitsiz va ekologik toza
texnologiyalarni joriy etish va boshqalar.
Inqirozga qarshi mo`ljallangan choralar dasturi – O`zbekiston Respublikasi hukumati
tomonidan 2009-2012 yillarga mo`ljallanib inqirozga qarshi ishlab chiqilgan choralar dasturi
bo`lib, mazkur dasturda talab va taklifni rag`batlantirishga yo`naltirilgan bir qator moliyaviy
imtiyozlar va barqaror iqtisodiy o`sish sur`atlarini ta`minlovchi chora-tabdirlar majmui o`z aksini
topgan.