2-bob. IJTIMOIY ISHDA ETIK PRINSIPLAR VA QADRIYATLAR
Reja:
1. Ijtimoiy ishda qadriyatlar tipologiyasi
2. Zamonaviy professional ijtimoiy ishda qadriyatlar iyerarxiyasi
3. Asosiy axloqiy kategoriyalar
4. Ijtimoiy ishda ideal va uning vazifasi
Tayanch so‘z va iboralar: qadriyat, aksiologiya, shaxsiy qadriyat, kasbiy qadriyat, etnik qadriyat, milliy qadriyat, umuminsoniy qadriyat, axloq normalari, ijtimoiy ish prinsiplari, axloq kodeksi, institutsional, funksional, etik-aksiologik, mafkuraviy; konsultativ, vital-mo‘ljallash, sinergetik.
1. Ijtimoiy ishda qadriyatlar tipologiyasi
“Qadriyat” tushunchasini XIX asrning 60-yillarida G.Kogen54 va R. Lotse55 muomalaga kiritdi. R.Lotse olamni uch sohaga bo‘ldi:
a) yalpi qonunlar ‒ zaruriy ahamiyatli haqiqat sohasi;
b) dalillar, narsalar va voqelik obrazlari sohasi;
d) qadriyatlar, ya’ni ezgulik, go‘zallik va muqaddaslik g‘oyalari sohasi.
Shu asosda nemis falsafasida aksiologiya masalalari maxsus o‘rganila boshlandi. XX asrning boshlarida fransuz faylasufi P.Lapi56 qadriyatlar nazariyasini ifodalash uchun “aksiologiya” atamasini muomalaga kiritdi. (“axios” ‒ “fan”, “logos” ‒ “ta’limot”) va bugungi kunda qadriyatlar to‘g‘risida ta’limot beruvchi maxsus aksiologiya fani vujudga keldi.
Qadriyat – inson va jamiyat ma’naviyatining tarkibiy qismi, olamdagi voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab va tartiblarning qadrini ifodalash uchun ishlatiladigan tushunchadir57. Shuningdek, qadriyat voqea-hodisa-larning, ijtimoiy munosabatlarning, urflarning, ma’naviy va moddiy boyliklarning qadr-qiymati, ahamiyatini ham ifodalaydi.
Ammo qadriyatlar mavzusi ko‘hna va navqiron Sharq, uning tarkibiy qismi bo‘lgan Markaziy Osiyo va O‘zbekiston mutafakkirlari va olimlari uchun ham begona emas! Qadriyatshunoslik tarixining eng teran jihatlarini faqat G‘arbdan emas, balki Sharqdan qidirish ham foydadan xoli bo‘lmasa kerak. Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Najmiddin Kubro, al-Buxoriy, at-Termiziy, Yassaviy, Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy, Mashrab, Bedil, Maxtumquli, Abay, Behbudiy, A.Avloniy kabi mutafakkir va olimlarning ijodida ham bu mavzuning izlari bor. Gap ana shu izlarni izlab topishda, ularni unutmaslikda, yangilab turishda, zamona realliklari nuqtayi nazaridan xolisona talqin qilishdadir58. Bu borada Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev 2020-yil 30-sentabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlaganidek: “Tarixga nazar solsak, Buyuk Ipak Yo‘lining chorrahasida joylashgan ona zaminimiz azaldan yuksak sivilizatsiya va madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lganini ko‘ramiz. Xalqimizning boy ilmiy-madaniy merosi, toshga muhrlangan qadimiy yozuvlar, bebaho me’moriy obidalar, nodir qo‘lyozmalar, turli osori-atiqalar davlatchilik tariximizning uch ming yillik teran ildizlaridan dalolat beradi”59.
Faylasuf olim Q.Nazarovning yozishicha, “Qadriyat” kategoriyasi buyum va narsalarning iqtisodiy qiymatini ifodalaydigan “qimmatdorlik” tushunchasidan farq qiladi. Shu bilan birga, qadriyat buyumlarning faqat qimmatiga nisbatan qo‘llanil-masdan, balki inson uchun qadri bo‘lgan narsalar, voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab, tartiblar va boshqalarning ijtimoiy ahamiyatini ifodalash uchun ishlatiladigan falsafiy-aksiologik tushunchadir. Bu tushunchada qadriyat obyektining nafaqat qiymati, balki ijtimoiy ahamiyati, falsafiy-aksiologik mazmuni, jamiyat va inson uchun qadri ham o‘z ifodasini topadi.”60
Qadriyatlarning qadr-qimmati insonlarning ularga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. Ammo, kishilik jamiyati ravnaqi va dunyoqarashning o‘sib-o‘zgarishi bilan bu munosabatlarning darajasi ham o‘zgarib borishi mumkin. Qadriyatlar kishilarning moddiy va ma’naviy turmush darajasi, mavjud sharoitlar va imkoniyatlar asosida shakllanadi. Bu borada Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev “Eng asosiy ustuvor vazifa “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan olijanob g‘oyani izchillik bilan hayotga tatbiq etishdan iborat”61ligiga e’tibor qaratgan holda qadriyatlarning shakllanishiga kuchli ta’sir etuvchi omillardan biri sanalmish ta’lim-tarbiya masalasiga alohida to‘xtalib, “Hammamizga ayonki, bugungi murakkab globallashuv davrida jamiyatimizda milliy g‘oya va mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, yoshlarimizni turli zararli g‘oya va tahdidlardan asrash, ularni o‘z mustaqil fikriga ega, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda”62 – deya ta’kidladi.
Inson hayot kechirishi jarayonida qadriyatlar muhim omil bo‘lib amal qiladi. Qadriyatlar inson qo‘li bilan yaratilishi (moddiy qadriyatlar), insonning ong va tafakkuri orqali anglanib, ma’naviy-ruhiy manba sifatida yuzaga chiqishi, (ma’naviy qadriyatlar) hamda inson ishtirokisiz ham mavjud bo‘lishi (tabiiy qadriyatlar) mumkin. Qadriyatlar ma’lum ma’noda insonning hayot kechirishi, turmush tarzi, yondashuvi, tabiat va jamiyatga munosabatlari va qarashlari shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda bu tizimni, qadriyatlar tizimini nafaqat nazariy jihatdan, balki amaliy faoliyatga ta’siri nuqtayi nazaridan o‘rganish, tahlil qilish, o‘z navbatida, qadriyatlarning inson va insoniyat hayotiga ta’siridan to‘g‘ri foydalanish muhim ahamiyatga ega.
Qadriyatlarga nisbatan subyektning munosabatini majburan shakllantirib yoki o‘zgartirib bo‘lmaydi. Buning uchun subyektning o‘zi qadrlash lozim bo‘lgan obyektni, u predmetmi, mavjudotmi, voqelikmi, qat’iy nazar, baholashi, bu obyektning o‘zi uchun muhim va ahamiyatli tomonini ko‘rishi, moddiy, yoki ma’naviy, ruhiy, yoki hissiy ehtiyojlari qoniqishidagi qadrini va zaruriyatini anglashi lozim bo‘ladi. Anglash darajasi esa dunyoqarashga bog‘liq. Shu o‘rinda e’tirof etish lozimki, har qanday fikr g‘oya bo‘lmagani kabi, har qanday anglangan zaruriyat qadriyat bo‘lavermaydi. Umr davomiyligi hamisha zaruriyatlarni taqozo etadi. Bu zaruriyatlar o‘z funksiyasini bajargach, o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Qadriyatlarga esa subyekt qadrlash orqali mehr va ishonchini ifoda etadi. Bu qadriyatlar o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan taqdirda ham, subyekt uchun, uning kechagi kuni uchun ahamiyat kasb etgan obyekt sifatida qadrlanib qolaveradi, bugungi va ertangi kuni uchun tarbiyaviy ahamiyatini saqlab qoladi.
Qadriyatlarning barcha shakllari, tarkibiy qismlari o‘zaro uyg‘unlikda yaxlit bir tizimni tashkil etadi. Aslida jamiyatda qadriyatlarning ma’lum bir qismi alohida emas, balki ularning yaxlit, uzluksiz va barqaror tizimi namoyon bo‘ladi. Zanjir halqalari misol jamiyatda har bir tuzilmaning o‘z vazifasi va o‘rni bo‘lgani kabi, qadriyatlar tizimi barcha qismlarining ham o‘z mazmuni va mohiyati, qadr darajasi, subyektning reaksiyasi orqali o‘z o‘rni va ahamiyatiga ega. Qadriyatlar tizimining namoyon bo‘lishida zamon va makonning ta’siri bo‘ladi. Ya’ni, eng qadimgi davrlarda ilk odam yashagan, ilk jamoalar vujudga kela boshlagan vaqtdan boshlab hozirgi globallashgan, yetuk jamiyatlar tashkil topgan vaqtga qadar ma’lum bir qadriyatlar tizimi amal qilib kelgan. Bu tizimni bir zanjir deb oladigan bo‘lsak, zanjir har bir halqasining o‘rni va ahamiyati turli davrlarda va turli jamiyatlarda subyekt (shaxs, urug‘, qabila, elat, millat, jamiyat, insoniyat) uchun turli darajada namoyon bo‘ladi. Ma’lum hududdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatga qarab, qayerdadir tinchlik, qayerdadir erkinlik, qayerda esa salomatlik zanjirdagi eng asosiy halqalardan biriga aylanishi mumkin. Qadriyatlar tizimining amal qilish davri, bu tizimdagi har bir tarkibiy qismning o‘rni va ketma-ketligi vaqt va zamon, taraqqiyot darajasi hamda mazkur tizim amal qilayotgan jamiyatning yashash davri bilan bog‘liq.
Qadriyatlar zaruriylik darajasi va yondashuv nuqtayi nazaridan yiriklashib borishi mumkin va natijada shaxsiy qadriyatlardan oilaviy, jamoaviy, milliy, ma’lum jamiyatga xos ijtimoiy va dunyoviy yoxud umuminsoniy qadriyatlar vujudga keladi. Ayrim qadriyatlarni insonning o‘zi qadriyat sifatida anglashi yetarli emas. Individ qadrlaydigan obyektining o‘zi uchun muhim jihatlarini his etish barobarida uning ijtimoiy ahamiyatini ham anglashi lozim.
Suqrotning fikricha, ijtimoiy qadriyat hisoblangan baxt-saodatga erishishning muhim sharti – bilim, lekin bu yagona shart emas. Tabiat va jamiyat, predmet va hodisalarning o‘z maqsadlarini amalga oshirish yo‘lidagi o‘rni va bahosiga, ruhiy-hissiy ehtiyojlar qondirilishi uchun muhim bo‘lgan voqelikka nisbatan yondashuv, o‘z tabiatiga ko‘ra takrorlanmas bo‘lgan insonning dunyoqarashiga bog‘liq. Bir subyektning baxti, (subyekt yakka shaxs ham, jamoa ham, millat ham bo‘lishi mumkin) ikkinchi subyekt uchun baxtsizlik keltirishi mumkin. Demak, bu qadriyatga nisbatan yondashuv ham nisbiydir.
Ma’lumki, bir tizim, tizimlilik hamisha o‘zaro aloqadorlik, bir-birini to‘ldiradigan yaxlit, nisbiy barqaror tarkibiy qismlar jamlanmasini anglatadi. Nisbiy deganimizning boisi, aslida mutlaq to‘xtab turgan voqea, hodisa, jarayon, munosabat va qarashlarning o‘zi yo‘q. Hayotning o‘zi butun voqeligi bilan muntazam o‘zgarishda va harakatdadir. Qadriyatlar tizimidagi barqarorlik ham shu kabi. U jamiyatga parallel ravishda mudom o‘zgarishda va rivojlanishda bo‘ladi. Jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy o‘zgarishlar va yuksalishlar qadriyatlar tizimining tegishli tarkibiy qismlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ayni paytda muayyan qadriyatlarning amal qilishi jamiyat strukturasiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mana shu ma’noda ijtimoiy tuzum va qadriyatlar tizimi o‘zgarishi va rivojlanishida mutanosiblik bor. Qadriyatlar tizimining shunday tarkibiy qismlari ham borki, ular mutloq o‘zgarmas, o‘z qadri va mohiyatiga ko‘ra hamisha umuminsoniy ahamiyatga ega. Bunday qadriyatlar inson doimo qadrlaydigan, intiladigan ideallaridir. Faqat bu ideallarga, maqsad va orzularga intilish va erishish yo‘lidagi faoliyat, harakat turli yurt va turli jamiyatlarda, shuningdek, turli el va millatlarda o‘ziga xos yondashuvlar, xususiyatlar, taktik yo‘nalishlar mavjud. Bu esa umuminsoniy qadriyatlarda milliy elementlarning ham namoyon bo‘lishi mumkinligini bildiradi. Masalan, har bir inson o‘zi uchun baxt deb hisoblaydigan ideallari bor. Kimgadir sihat-salomatlik, kimgadir tinchlik-xotirjamlik, kimga sevgi va oilaviy munosabatlar, yana kimga moddiy farovonlik, amal pog‘onasi, mavqe va hokazo. Aytaylik, “Baxt nima?”, degan savolga bir necha kishi bir xil javob berdi. Lekin bu baxtning talqini, unga erishish yo‘llariga munosabat bu kishilarda har xil bo‘ladi. Xuddi shuningdek, mazkur munosabatlarda ma’lum bir elga, hududga, millatga xoslik ham aks etishi mumkin. Bizning xalqimizda tinchlik-xotirjamlik qadriyatiga shunday yondashuv borkim, ular bu qadriyatlarning boshlanishini, eng avvalo, eng kichik yacheyka bo‘lgan oilada ko‘radilar. “Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ko‘tariladi”, “Qo‘shning tinch – sen tinch” kabi naqllarga, avvalo, shu kichik makonda amal qilinsa, undan so‘ng mana shu makonda tarbiya ko‘rgan inson katta maydon va sahnalarda, katta doira va munosabatlarda ham ularga amal qilishini ta’kidlaydilar. Ya’ni, “qush uyasida ko‘rganini qiladi”. Shuningdek, demokratiyaning amal qilishida ham shunday milliylik xususiyatlari taqozo etilishini unutmaslik lozim. Bizning xalqimizga xos shunday qadriyatlar borki, har qanday erkinlik, so‘z erkinligi, yashash erkinligi va boshqalar zamirida ham keng mulohazalilik, vazminlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, oila yoki jamoa boshiga nisbatan odob va muomala madaniyati doirasida munosabatda bo‘lish kabi milliy elementlar aks etib turadi. Demak, ma’lum bir jamiyatdagi qadriyatlar tizimida milliy, hududiy o‘ziga xoslikning amal qilishi tabiiy holdir.
Ijtimoiy rivojlanishning har bir yangi bosqichi jamiyatda shaxsning takomillashuvi, uning ijtimoiy munosabatlardagi oqilona va omilkorona faoliyati hamda insonning kamolotidan dalolatdir. Shaxs takomillashgan va inson komillashgan sari uning uchun o‘z hayoti mazmuni teranlashib boradi, ya’ni u kasbiy yuksalib boradi. Kasbiy yuksalish esa moddiy va boshqa ayrim qadriyatlar shaklining ma’naviy ahamiyatini oshirib boradi. Bu rivojlanish qadriyatlar tizimida ham ko‘rinadi.
Qadriyatlar tizimi – ma’lum bir subyekt (individ, shaxs, oila, jamoa, qabila, jamiyat, insoniyat) yashashi, amal qilishi, rivojlanishi uchun ahamiyatli bo‘lgan, voqelikning moddiy va ma’naviy qirralarini o‘zida aks ettirib, o‘zaro aloqa va munosabatlarda bo‘lgan qadriyatlar jamlamasidir. Yoki, “muayyan voqelik, obyekt yoki subyekt qadri va ahamiyatining in’ikosi bo‘lgan, obyektiv ravishda tasavvur qilinadigan va bilish jarayonida anglab olinadigan turli qadriyat shakllarining o‘ziga xos bog‘lanishini ifodalaydigan aksiologik tizimlar”63.
Shuningdek, kasbiy qadriyatlar tizimining qay darajada amal qilishi jamiyat-ning tarkibiy tuzilishiga, tizimning barqarorligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun, avvalo, har bir jamiyat ravnaq topishi yo‘lida bo‘ladigan sa’y-harakatlar, ilmiy izlanishlar chog‘ida mazkur qadriyatlar tizimini mukammallashtirish, uning o‘rni va ahamiyati, ijtimoiy voqelik jarayonidagi ta’siri va aksta’sirini o‘rganish, davlatni boshqarish, ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda bu omillarni, albatta, hisobga olish lozim bo‘ladi. Jamiyat singari, kasbiy qadriyatlar tizimi tarkibiy qismlari, shakllari o‘rtasida hamisha ham barqarorlik bo‘lavermasligi, hatto barqaror bo‘lib ko‘ringanda ham, kichik elementlar o‘rtasida tafovut va farqlar, qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar bo‘lishi mumkinligini nazardan qochirmaslik lozim. Chunki, har qanday jamiyat xilma-xil fikrlar, yondashuvlar asosiga quriladi va bu xilma-xillik jamiyatning mudom o‘zgarishda va rivojlanishda bo‘lishini ta’minlaydi. Demak, kasbiy qadriyatlar tizimi har bir tarkibiy qismining umuminsoniy xarakterga ega bo‘lishi jamiyatning barqarorligi va yashovchanligini ta’minlaydi.
Ayniqsa, yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bir qator islohotlar tufayli ijtimoiy ishning kasbiy qadriyatlari shakllanishi va mustahkamlanishida institutsional asos sifatida xizmat qilib kelmoqda. Jumladan, 2020-yil 22-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-6012-sonli qabul qilingan Farmonida belgilangan bir qator vazifalarda buning aksini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, “aholining imkoniyati cheklangan, kam ta’minlangan guruhlar huquqlarini BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “hech kimni orqada qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq himoya qilishni ta’minlash, davlat va jamiyatning alohida himoyasiga muhtoj bo‘lgan shaxslar, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda ularga xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish; din, so‘z va fikr erkinligi, ma’lumot olish, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, gender tenglikni ta’minlash, barchaning sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan teng foydalanishi, keksa odamlarning ijtimoiy integratsiyasi, bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va migrantlar huquqlarini himoya qilish sohalarida huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish; oila institutini, onalik, otalik va bolalikni himoya qilish, oilada zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashishni huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa jihatlardan qo‘llab-quvvatlash darajasini oshirish”64 kabi ustuvor vazifalar aholiga xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish va kasbiy qadriyatlarga amal qilish uchun muhim huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda. Bu borada Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O‘zbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi”65.
Inson uchun qadriyatlar eng muhim, ya’ni, oliy, ikkinchi, keyingi darajalarda amal qilib kelgan. Qadriyatning qaysi o‘rinda yoki darajada turishi nafaqat subyektning bahosi, balki mavjud sharoit va imkoniyatlardan ham kelib chiqadi. N.Shermuhamedova ta’rifiga ko‘ra, “qadriyat xuddi haqiqat kabi xossa emas, balki fikr va voqelik o‘rtasidagi munosabatdir”66. Munosabat darajasini fikr belgilaydi. Faylasuf olim V.P.Tugarinovning ta’rifiga ko‘ra: “Qadriyatlar muayyan jamiyat yoki sinfga mansub kishilar turmushi va madaniyatining haqiqiy yoki ideal ne’matlari bo‘lgan tabiat va jamiyat hodisalarining mohiyati (yoki hodisaning bir jihati)dir.
Bu ne’matlarning qadriyat deyilishiga sabab-kishilar ularni qadrlaydilar, chunki bu qadriyatlar ularning shaxsiy va ijtimoiy turmushini boyitadi. Shuning uchun ham kishilar o‘z tasarruflaridagi kasbiy qadriyatlarni himoya qiladilar va o‘zlari uchun maqsad yoki ideal bo‘lgan qadriyatlarni amalga oshirishga intiladilar. Qadriyatlar ichida eng birinchi va eng umumiysi hayotning o‘zidir, chunki hayotdan mahrum bo‘lish qolgan barcha qadriyatlardan foydalanishni yo‘qqa chiqaradi... qolgan qadriyatlar, aslini olganda hayot ne’matlarining mohiyatidir, madaniy qadriyatlardir”67. Ijtimoiy ishda qadriyatlar masalasiga munosabat bildirishda aynan yuqorida keltirilgan yondashuvlar asosida munosabat bildirish o‘rinlidir.
Ijtimoiy ishda qadriyatlar axloqiy qoida va me’yorlar, ideallar va maqsadlardagi baholash mezoni va usullarini ham o‘zida aks etdiradi. Ular kasbiy sifatlar tarzida halollik, poklik, o‘zaro yordam, adolatlilik, haqiqatgo‘ylik, ezgulik, tinchlik, shaxs erkinligi, mehr-muhabbat, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi fazilatlar, burch, vijdon, or-nomus, mas’uliyat kabi axloqiy tushunchalar, shuningdek, e’tiqod, urf, odat, an’ana, marosim va boshqa tadbirlar shaklida namoyon bo‘ladi. Bu kasbiy qadriyatlar ijtimoiy-tarixiy xususiyatlarga ega bo‘lib, ijtimoiy taraqqiyot va kishilarning intellektual va amaliy faoliyati jarayonida o‘zgarib, shakllanib, takomillashib boradi. Bunda etnik xosliklarni ham inobatga olish lozim.
Etnik xoslik o‘zida etnomadaniy tarkiblarni mujassam etganligi sababli, uni ajratish yoki alohida guruh ko‘rinishida taqdim etish ancha murakkab bo‘lsa-da, uni quyidagicha izohlash mumkin:
- xalqning kelib chiqishi (etnogenezisi);
- xalqning antropologik tuzilishi va assimilyatsiya asosida unda kuzatiladigan o‘zgarishlar;
- migratsiyalar (turli tarixiy davrlarda urush, ocharchilik va boshqalar sababli xalqning geografik hududining o‘zgarishi, ko‘chishi);
- ichki oilaviy (ijtimoiy differensiatsiyani nazarda tutgan holda) munosabatlar;
- turli ijtimoiy guruhlarda milliy tilning saqlanishi va undan faol tarzda foydalanishga intilish;
- modernizatsiyalashtirilgan va an’anaviy madaniyatning o‘zaro nisbati ta’minlanganligi;
- etnik o‘zini anglashni ifodalanganligi;
- etnoslararo munosabat, ya’ni aloqadorlikning mavjudligi;
- kooperatsiya va raqobat jarayonlarining mavjudligi.
Etnik qadriyatlarga tizim sifatida quyidagi tarkiblardan tashkil topadi: til; hudud; ong; etnik mansublik; etnik psixologiya; vorislik.
Etnik qadriyatlar yaratiladigan (ishlab chiqiladigan) va foydalaniladigan (iste’mol qilinadigan) barcha madaniy tuzilmalarni qamrab olib, shu tariqa u etnodifferensiatsiya va etnointegratsiya kabi funksiyalarni bajaradi. Ijtimoiy xodim mijozlarga xizmat ko‘rsatishda quyidagi tarkiblarni e’tiborga olish lozim: etnoan’analar; etnik me’yorlar; urf-odatlar (taomillar); qadriyatlar; maishiy hayot tarzi; muloqot tili; etnik tasavvurlar; etnik stereotiplar; etnik his-tuyg‘ular; munosabatlar davomida ijtimoiy masofaning uzoq va yaqinligini saqlanishi kabilar68.
Ta’kidlash lozimki, “inson tug‘ilgandan etnomadaniy muhitga tushadi, etnomadaniy boyliklar ta’sirida o‘sadi, ulg‘ayadi, shakllanadi”69 va uning tashuv-chisi hisoblanib, bu o‘z navbatida ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda o‘z in’ikosini topadi.
Etnomadaniy xususiyatlar hududlar kesimida ham farqlanadi. Bu farqlanish geografik va ijtimoiy muhitning ta’siri natijasida shakllanib, o‘zgacha mazmun kasb etadi. “Geografik muhit nimalarga qodir ekanligini u yerda asrlar mobaynida yashab kelayotgan insonlarning dunyoqarashi orqali ko‘rish mumkin. Uning zamirida esa, avvalambor, hududiy omillar, qolaversa, shu asosda shakllangan ijtimoiy psixolo-giya va tafakkur, bir so‘z bilan aytganda, mentalitet yotadi”70. Ularning mohiyatini anglash esa mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
Milliy qadriyatlar bu, avvalo, millatning o‘zini, o‘zligini qadrlashi demakdir. Xalqimizda “Sen o‘zingni qadrlamasang, seni boshqalar ham qadrlamaydi”, degan naql bejizga aytilmaydi. Bu jahon sahnida millat bor ekan, u kattami-kichikmi, dunyoning u chetida yashaydimi, yoki bu chetidami, qat’iy nazar, uning O‘ZLIGI bo‘ladi, milliyligi, qadriyatlar tizimi bo‘ladi. Tokim, u qadrlagan tizim e’zozlanmas ekan, millatning o‘zi ham e’zoz topmaydi. Agar shaxs misolida oladigan bo‘lsak, uning qarashlarini, tabiatini, yurish-turishi-yu, odatlarini hurmat qilmagan odam, demak, bu insonni hurmat qilmaydi. Boshqalar oldida hurmat topish uchun esa, avvalo, inson o‘zligini, o‘z “men”ini namoyon qila bilishi kerak.
Dostları ilə paylaş: |