4. Evtanaziya, o‘lim jazosi: tarafdorlar va qarshilar. Zo‘ravonlik muammosi Evtanaziya (yunoncha: ευ – “yaxshi” + θάνατος “o‘lim”) ‒ har xil harakatlar yoki qurollar bilan uning ichida hayotini sun’iy yo‘l bilan ushlab turgan asboblarni ishini to‘xtatish yo‘li bilan bemorning o‘z o‘limini tezlatish haqidagi iltimosini qanoatlantirish277. Evtanaziyaning ikki xil: faol va sust turlari farqlanadi
Sust evtanaziya ‒ davoni to‘xtatish orqali o‘limni tezlatish. Masalan sun’iy nafasni o‘tkazmaslik.
Faol evtanaziya ‒ ahvoli og‘ir, uzoq vaqt surunkali kasallik bilan og‘rib kelayotgan bemorlarga, masalan, MNS shikastlangan, tug‘ma majruh va xavfli o‘sma kasalligi bo‘lgan bemorlarga ma’lum vosita va harakatlar orqali o‘limni tezlatish. Bundan tashqari, ixtiyoriy va majburiy evtanaziya ham mavjud. Ixtiyoriy evtanaziya bemorning talabi va roziligi bilan bajariladi. Binobarin, o‘lim muqarrar va undan qochib bo‘lmaydi, u hayotning so‘nggi bosqichi hisoblanadi. Majburiy evtanaziyada bemorning fikri e’tiborga olinmaydi. Yana “antievtanaziya” atamasi ham mavjud. Bu holatda barcha vositalardan foydalanib, qanday bo‘lmasin bemorning hayotini saqlab qolish nazarda tutiladi.
Tasavvur qilaylik, ertaga evtanaziyani tan olishni ruxsat etuvchi qonun chiqdi. Shu zahoti qator muammolar paydo bo‘la boshlaydi. Ya’ni:
Evtanaziyani kim o‘tkazadi? Bu ish uni amalga oshirishni istamaydigan shifokor zimmasiga yuklatilsa-chi?
Kasallikning erta bosqichlarida, uni davolash uchun kurash va bemorning hayotini saqlab qoluvchi faol izlanishlar susayib ketish holatlari ko‘rina boshlaydi.
Shu bilan birga, qarindoshlarning befarqligi, bemorga uy sharoitida qaray olmasliklari sababli yoki har qanday to‘lovga rozi bo‘luvchi, uning o‘limidan manfaat topuvchilar uchun yo‘l ochiladi. Tibbiyot xodimlarining evtanaziyadan o‘z manfaatlari uchun foydalanish holatlari paydo bo‘la boshlaydi. Evtanaziya yorda-mida ba’zi jinoyatchi guruhlar o‘zlariga xalaqit berayotgan odamdan qutulish imkoniyatini qo‘lga kiritadilar. Shuningdek, transplantatsiya maqsadida (organlar kerak bo‘lib qolganda) evtanaziya yordamida odamdan qutulishning qo‘shimcha imkoniyatlari paydo bo‘ladi.
Qiziq, hozirgi sharoitda evtanaziya muammosini qanday yechish mumkin? Qachonki, bemorlar dori vositalari va davolash asboblari yo‘qligi natijasida o‘lib ketayotgan bo‘lsa. Aftidan shu sabab bo‘yicha ham evtanaziyani tez-tez qo‘llashga imkoniyat yaratilganga o‘xshaydi. Natijada quyidagi ikki savol paydo bo‘ladi:
Lekin bunga shifokorlar-hamshiralar ma’naviy jihatdan haqlimi? Bungungi kunda evtanaziyani amaliy tibbiyotga kiritish lozimmi?
Bu savollarga javob bermoq uchun boshqa mamlakatlarning tajribalarini o‘rganish, tibbiyot an’analarini ko‘zda tutish, tibbiyot bioetikasi masalasini, deontologiya, yuridik huquqlar, psixologiya va nihoyat, bemorlar, ularning qarindoshlari va jamoat fikrlarini bilish, ularni izchil o‘rganish zarur. Shulardan keyingina ehtiyotkorlik, sinchkovlik bilan evtanaziya muammosini baholash mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham, shifokor qasamiga sodiq qolishi va bemorning hayotini saqlashga, uning ahvolini yengillashtirishga harakat qilishi kerak.
Bemorning hayotdan ongli ravishda ko‘z yumishi hech qachon rahm-shafqat yuzasidan qilingan ish deb baholanmaydi. 1950-yilda AQShda: “Bemorning xohishi va qarindoshlari ruxsatiga ko‘ra og‘riqsiz vositalar bilan o‘limni tezlatish kerakmi?”-degan savolga 36%, 1973-yilda esa 50% ijobiy javob olingan. Bugun Gollandiya dunyo bo‘yicha “evtanaziya muolajasini” qonunlashtirgan birinchi mamlakat hisoblanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, har yili 4 mingga yaqin bemor evtanaziyani tanlar ekan.
Bizningcha, qaltis va nozik masalaga shifokorlik deonotologiyasi nuqtayi nazaridan rad javobini berish kerak. Buqrot (Gippokrat-Hippokrates) asarlaridan biriga “O‘ldirma” degan naqlni epigraf qilib olgan. U: “Men shifokorlik faoliyatimda bemorning o‘limiga sabab bo‘ladigan biron bir dorini ishlatmaslikka qasam ichaman”,‒ degan. Xuddi shu o‘rinda hazrat Alisher Navoiyning “Tabib jallod emas”, degan iborasini eslash kifoyadir278.
Belgiyada 9 va 11 yoshli bolalar evtanaziya qilindi. Ular evtanaziya qilingan eng yosh insonlardir, deb yozadi TJournal. Voqea aynan qachon bo‘lgani aniq emas, The Telegraph bu haqda 2016-2017-yillarga doir hisobot asosida axborot bergan. To‘qqiz yoshli bola miya o‘smasi, 11 yoshli bola esa mukovissidozdan aziyat chekkan. Evtanaziyadan avval bolalar o‘z qarorini anglayotganligini tushunish uchun ular ruhshunoslar ko‘rigidan o‘tgan.
“Shu darajadagi ruhiy va jismoniy azobni ko‘rdimki, qilgan ishlarimizning bari to‘g‘ri deb o‘ylayman”,‒ deydi Belgiyadagi evtanaziyalarni tartibga soluvchi komissiya ‒ CFCEE a’zosi Lyuk Proot.
Belgiyada 2014-yili evtanaziya uchun yosh bo‘yicha cheklov olib tashlangan edi. Mamlakatda 2016-2017-yillarda evtanaziyadan 4 337 kishi foydalangan279.
Ma’lumot uchun, evtanaziya har xil harakatlar yoki qurollar bilan, uning ichida hayotini sun’iy yo‘l bilan ushlab turgan asboblarning ishini to‘xtatish yo‘li bilan bemorning o‘z o‘limini tezlatish haqidagi iltimosini qanoatlantirishdir. Odatda bedavo kasallikka chalingan va buning natijasida chidab bo‘lmas azob chekayotgan insonlarning iltimosiga amalga oshiriladi. Uning ikki turi bor ‒ faol va passiv, ayni vaqtda passivini yana ikki turga ‒ ixtiyoriy va majburiyga ajratish mumkin. Jahonning bir qator davlatlarida evtanaziyaga rasman ruxsat berilgan; O‘zbekis-tonda huquqiy maqomi noma’lum.
Kanada parlamenti evtanaziya masalasida qonun qabul qildi. 2016-yil 17-iyul kuni ushbu qonun loyihasini mamlakat parlamentining yuqori palatasi – senat tas-diqlab bergan. Avvalroq qonun loyihasi jamoatchilik palatasi tomonidan ma’qul-langan edi. Endi ushbu qonunning kuchga kirishi uchun Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchining mamlakatdagi rasmiy vakili, general-gubernator Devid Jonston imzolagan280.
Ayni damda evtanaziya borasidagi yangi qonun faqat Kanada fuqarolari uchun amal qiladi. Undan ruhan sog‘lom va 18 yoshdan yuqori bo‘lgan Kanada fuqarosi foydalana oladi.
Ma’lumot uchun: evtanaziya – bu og‘ir va tuzalmas darddan azob chekayotgan insonning ixtiyoriy ravishda hayotini to‘xtatishlariga rozi bo‘lishi.
Yonlama amiotrofik skleroz kasaliga uchrab, harakatlana va gapira olmay qolgan, odamlar bilan nutq sintezatori yordamida muloqot qiladigan mashhur britaniyalik olim Stiven Xoking hayotdan ketish uchun evtanaziyaga murojaat qilishi mumkinligini haqida quyidagicha munosabat bildirib o‘tgan: “Agar kuchli og‘riq sezsam, fanga boshqa yangilik kirita olmasam yoki atrofdagilarga ortiqcha yuk bo‘la boshlasam, evtanaziya yo‘lini qo‘llashim mumkin”. Olimning fikricha, “har bir inson o‘z hayotini istaganday va istagan paytida yakunlash huquqiga ega”281.
Xalq hokimiyati, huquqiy tizim o‘rnatilgan deyarli barcha davlatlarda muhim qarorlar qabul qilinishidan avval referendumlar o‘tkaziladi, ijtimoiy fikr o‘rganiladi, masalaga fuqarolarning munosabati tahlil qilinadi.
Lekin shunday savollar borki, ularni omma e’tiboriga havola qilib bo‘lmaydi. Masalan, “Maoshlar oshirilishi kerakmi?”, “Soliqlar kamaytirilishi lozim deb o‘ylaysizmi?” degan savollarni o‘rtaga tashlashdan mantiq yo‘q. Chunki javob tayin, garchi ko‘pchilikning bu boradagi fikri bir joydan chiqsa-da, baribir, hukumat imkoniyatlariga ko‘ra va vaziyatdan kelib chiqib ish ko‘radi.
Ana shunday, ijtimoiy fikr o‘rganilganda so‘ralmaydigan savollardan, refe-rendumda kun tartibiga qo‘yilmaydigan masalalardan biri bu “O‘lim jazosini yoq-laysizmi, yoki og‘ir jinoyat qilganlar oliy jazo sifatida qatl etish qo‘llanilishi tarafdorimisiz?” ‒ degan savolni qo‘yishdir. Chunki mutlaq aksariyat odamlar mud-hish jinoyat qilganlar o‘lim jazosiga hukm qilinishini yoqlab chiqishlari aniq.
Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham oliy jazo sifatida o‘lim jazosi butun umrlik yoki katta muddatlarga ozodlikdan mah-rum qilish jazosiga almashtirilgan. Umuman olganda, o‘lim jazosi insoniyat abadiy tortishib o‘tadigan, aniq to‘xtamga kelish qiyin bo‘lgan bahslardan biridir.
O‘lim jazosi ‒ qonun tomonidan yo‘l qo‘yiladigan oliy jazo turi bo‘lib, og‘ir jinoyatlari uchun insonning qatl etilishi. O‘lim jazosi ijro etilayotgan vaqtda davlat tomonidan belgilangan vakillar ishtirok etishi va aynan ular qatlni amalga oshirish-lari shart, aks holda bu jarayon qotillik deya baholanadi.
Hozirda dunyoning 130dan ortiq davlatida o‘lim jazosi qo‘llanilmaydi. Lekin insoniyat borki, bu jazo turi ham mavjud. Butun dunyo huquqshunoslari baravar bu jazoga qarshi chiqqanlarida ham uning yo‘qolib ketishiga ishonish qiyin. Yildan-yilga kamayib borayotgan bo‘lsa-da, hali-hanuz ko‘pchilik davlatlarda o‘lim jazosi muntazam qo‘llanilib kelinadi. Bu davlatlar qatorida o‘zining huquqiy tizimi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishga harakat qiladigan AQSh ham bor. Yevropada esa, aksin-cha, deyarli barcha davlatlar bu jazo turidan voz kechishgan. Lekin tarix nuqtayi nazaridan bu jazoni eng ko‘p qo‘llagan va takomillashtirib, o‘ziga xos san’at dara-jasiga olib chiqqanlar ham aynan ko‘hna qit’a davlatlaridir.
Kamdan-kam tarixiy filmlar o‘lim jazosi sahnasisiz kechadi. Albatta, ko‘rgan-siz, baland sahn ko‘rinishida tiklangan qurilma (eshafot), unga o‘rnatilgan dor, bir chetda turgan kunda, niqob kiygan jallod va qo‘li bog‘lanib cho‘kkalab turgan mahkum. Pastda esa son-sanoqsiz olomon....
Bu anchayin insonparvar sahna ko‘rinishi. Film ijodkorlari ham tomoshabinda noxush hislar qoldirmaslik uchun ko‘proq shu ko‘rinishdan foydalanadilar. Lekin u davrlarda o‘lim jazosining usullari shu qadar ko‘p bo‘lganki, ularning nomini eshitiboq kishining eti junjikadi. Mahkumlar dorga osilgan, o‘tda yoqilgan, parcha-lab tashlangan, boshlari olingan, past olovda qaynatilgan, toshbo‘ron qilingan, tirik-lay ko‘milgan, yirtqich hayvonlarga yem qilingan, qoziqqa o‘tqazilgan… Bular ham hammasi emas, mahkumning aybiga ko‘ra yanayam shafqatsiz usullar o‘ylab topil-gan yoki uning joni uzilgunga qadar bir necha usullar qo‘llanilgan.
U davrlarning o‘ziga xosligi shundaki, bizning nazdimizda og‘ir jinoyatlar deya baholanadigan qotillik, davlatga xiyonat qilish kabi qilmishlar uchungina emas, aksildiniy qarashlar, g‘alayon qilish, o‘g‘irlik, turmush o‘rtog‘iga xiyonat, harbiy xizmatdan qochish, shohni yoki tuzumni yomonlash, fohishalik va hatto arzimagan hazillar uchun ham o‘limga mahkum qilinib, hukm ham darhol ijro etilgan. Mahkum shaharlarning markazlarida, bozorlarda, umuman, odamlar gavjum joylarda qatl qilingan va jazo har doim ham ming-minglab odamlar ko‘z o‘ngida amalga oshiril-gan. Qatl jarayoni ommaviy yig‘inlarga, xalq tantanasiga aylanib ketgan. Televizor, gazetalar kabi ommaviy axborot vositalari yo‘q davrlarda bu olomon uchun o‘ziga xos tomosha vazifasini o‘tash bilan birga boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan juda kuchli targ‘ibot vazifasini ham bajargan.
Zamonamizda bu jazo quyidagi ko‘rinishlarda mavjud: bekor qilingan; oddiy sud amaliyotida bekor qilingan, lekin maxsus sud amaliyotlarida (masalan urush holatida) qo‘llanilishi mumkin; Qonun tomonidan bekor qilinmagan bo‘lsa-da, qo‘llanilmaydi; oliy jazo sifatida o‘lim jazosi qo‘llaniladi. Hozirda o‘lim jazosi belgilanganidan so‘ng ham, hukm ijro qilingunga qadar ham ko‘p yillar o‘tib ketadi va ko‘pincha mahkumlar tabiiy o‘limdan vafot etishadi. O‘sha vaqt mobaynida mahkumga apellyatsiya berish imkoniyati beriladi va sud jarayoni bir necha marta qaytalanishi mumkin. Masalan, AQShning Jorjiya shtatida yashovchi Jek Oldermen xotinini o‘ldirgani uchun 1975 yilning 14 iyunida o‘lim jazosiga hukm qilingan, lekin oradan 33 yil o‘tibgina, 2008 yilning 16 sentabrida qatl etilgan282.
Bu jazo vositalari asrlar osha takomillashtirib kelingan. Hozirda rivojlangan va bu jazo bekor qilinmagan davlatlarda ko‘proq to‘pponchadan otish, gaz kamerasi, elektr stullar, o‘lim in’yeksiyasi qo‘llaniladi. Aksariyat davlatlarda bu jazo qamoqxonalarda va maxsus belgilangan joylarda ijro etilsa Eron, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda hozir ham bu jazo ko‘pincha omma oldida amalga oshiriladi. Mahkumlar dorga osiladi, xaloyiq tomonidan toshbo‘ron qilinadi. Saudiya Arabistonida ko‘pincha jallod mahkumni cho‘kkalatib qo‘yib, qatl oldidan qilich bilan o‘lim raqsini ijro etadi. Eronda bu jazoga, ayniqsa, e’tibor beriladi. Xalq yaxshi tomosha qilishi uchun dorlar avtokranlarga baland qilib yasaladi va hatto toshbo‘ronda mahkumning joni tez uzilmasligi uchun olomonga o‘rtacha kattalikdagi toshlar otish tavsiya qilinadi. Iroq va Afg‘onistonning ayrim hududlarida osish usuli ko‘p qo‘llaniladi. O‘z davrida bu davlatlarning rahbarlari bo‘lgan Saddam Husayn, Najibullo kabi arboblar ham dorga osilgan.
Ko‘pchilik davlatlar amaliyotida davlat rahbarlari (prezident, podshoh yo qirol, bosh vazir) tomonidan o‘limga mahkum etilgan inson afv etilishi mumkin.
So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra quyidagi davlatlarda o‘lim jazosi eng ko‘p qo‘llanilgan: 1. Xitoy; 2. Eron; 3. Saudiya Arabistoni; 4. AQSh; 5. Pokiston.
O‘lim jazosi Angliyada 1969-yildan, Fransiyada 1981-yildan, G‘arbiy Germaniyada 1949-yildan, GDRda 1987-yildan, Ispaniyada 1975-yildan, Rossiyada 1996-yildan buyon qo‘llanilmaydi. Portugaliya 1867-yilda, Yevropada birinchi bo‘lib o‘lim jazosini bekor qilgan. Ko‘hna qit’ada bu jazoni hali-hanuz qo‘llab kelayotgan oxirgi davlat Belarusdir283.
AQShda o‘lim jazosi o‘ziga xos tarixga ega. Hatto XX asrga qadar ham ko‘pchilik hududlarda sheriflar jinoyatchi deb hisoblagan odamlarini yakka o‘zlari o‘limga mahkum qilib, shu ondayoq jazoni ijro etaverganlar. Hozirda ham turli shtatlar qonunlariga ko‘ra 5 xil usul ‒ osish, otuv, elektr stuli, gaz kamerasi, o‘lim in’yeksiyasi qo‘llanilishi mumkin. Qatl oldidan mahkumga oxirgi tamaddi imkoniyati beriladi va u xohlagan taomlar taqdim etiladi. Shuningdek, so‘nggi so‘zlar ham tinglanadi. Ijroni advokat, ruhoniy bilan birga mahkumning va u o‘ldirgan kishilarning qarindosh-urug‘lari kuzatib turishlari mumkin. Be’manilikday tuyular, lekin qatl etiluvchi albatta, sog‘lom bo‘lishi shart. Betob bo‘lsa, shifoxonada davolanadi va sog‘ayganidan keyingina hukm ijro qilinadi.
2009-yilda AQShda turli usullar bilan 106 kishi qatl etilgan. Bu o‘lim jazosi qayta qo‘llanila boshlangan 1976-yildan buyon eng past ko‘rsatkichdir. 1994-yilda eng ko‘p ‒ 328 marta jazo ijro etilgan. O‘lim jazosi hozirgi kunga qadar Yaponiya, Singapur, Malayziya, Shimoliy Koreya kabi davlatlarda ham qo‘llaniladi.
Xitoyda o‘lim jazosi nafaqat qotillik, balki iqtisodiy jinoyatlar uchun ham qo‘llaniladi va otuv usulida amalga oshiriladi. Ko‘pincha mahkumlar yangi yil oldidan yirik maydonlarda, omma oldida qatl etiladi. Hukm ijro etilganidan so‘ng mahkumning qarindoshlaridan o‘q uchun 9 yuan undirib olinadi. Agar qarindoshlar pulni to‘lashdan yoki mahkumdan voz kechsa, qatl etiluvchi o‘q pulini to‘lashi yoki shunga yarasha ishlab berishi lozim.
Ma’ruzamizning boshida o‘lim jazosi qo‘llanilishi yakuni yo‘q bahslardan biri dedik. O‘lim jazosi tarafdorlari mudhish jinoyatga qo‘l urganlar bu dunyoda yashashga haqqi yo‘q, deb hisoblaydilar. Rossiyada bir ayol farzandining qotili butun umrlik qamoq jazosiga hukm qilinganida: “Men bir soliq to‘lovchi sifatida o‘z farzandimning qotilini butun umr boqib o‘tamanmi?”, deya e’tiroz bildirgan. Bu jazoga qarshilar inson boshqa bir insonning hayotiga nuqta qo‘yishga haqqi yo‘q, aks holda bizning o‘sha qotillardan farqimiz qolmaydi, degan fikrni ilgari surishadi. Shuningdek, qatl jazo emas, qasosdir, qasos esa faqat Haqdandur, deya bong urishadi. Yana xato tufayli nohaqdan hukm qilinganlarda hech qanday imkoniyat qolmasligini ham bu jazo o‘rinsizligiga sabab sifatida ko‘rsatishadi.
Ma’lumki, 1993-yilgi Inson huquqlari sohasidagi Vena deklaratsiyasi va Harakat dasturida inson huquqlari sohasidagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha aniq samarali va uzoq muddatli tadbirlar yaratish maqsadida har bir mamlakatda Inson huquqlari sohasida milliy harakat rejasini ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqishni tavsiya etilgan.
Bu borada mustaqillik yillarida mamlakatimizda bir qator islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, 2005-yil 1-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonda “O‘lim jazosini qo‘llash sohasining bosqichma-bosqich kamayib borayotganligi O‘zbekiston Respublikasida sud-huquq tizimini, jinoiy jazolarni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan jarayonlarning muhim yo‘nalishi” bo‘lganligi ko‘rsatilgan. Mamlakat mustaqillikka erishgan paytda jinoyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari o‘lim jazosini nazarda tutuvchi 30 dan ortiq moddalardan iboratligi, O‘zbekiston Respublikasining 1994-yilgi Jinoyat kodeksida bunday moddalar soni 13, 1998-yilda 8, 2001-yilda esa 4 tagacha kamaytiril-gan”ligi ko‘rsatilgan. 2003-yilda jinoyat qonunchiligini liberallashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgandan so‘ng, faqat ikki turdagi jinoyat javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda ‒ qasddan odam o‘ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o‘lim jazosi nazarda tutilishi ta’kidlangan284. Shuningdek, farmonda bir qator vazifalar belgilangan bo‘lib, ular izchilik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, farmonda quyidagi vazifalarni amalga oshirish lozimligi ko‘rsatilgan:
“...mamlakatda amalga oshirilayotgan jamiyat va davlat hayotini demokratik jihatdan yanada yangilash, mamlakatni modernizatsiya qilish borasidagi islohotlar-ning mohiyati va mazmuni, sud-huquq tizimini liberallashtirish bo‘yicha olib bori-layotgan ishlarning natijalari jazo turi sifatida o‘lim jazosi bekor qilinishini hamda uni umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi bilan almash-tirilishi zarurligini taqozo etmoqda.
Shu bilan birga, ushbu muhim sohadagi islohotlar, ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi va insonparvarlik ruhida olib borilishini hamda insonlar ongida demo-kratik qadriyatlar tobora mustahkamlanishini inobatga olgan holda izchillik bilan amalga oshirib borilishi lozim.
O‘lim jazosining bekor qilinishi aholi orasida keng tushuntirish ishlari olib borishni, birinchi navbatda, mamlakatimizning huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘lidagi izchil harakatlarini asoslab berishni, jinoiy jazoni yanada liberallashtirish, shu jumladan, o‘lim jazosini bekor qilish zaruratining anglab yetilishini kishilar ongida mustahkamlashni taqozo etadi.
O‘lim jazosi umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish bilan almashtirilgan shaxslarni saqlash uchun majmua va inshootlar qurish, zarur shart-sharoitlarni yaratish, ana shu muassasalarda ishlash uchun xodimlarni tayyorlash bilan bog‘liq bir qator tashkiliy-tayyorgarlik tadbirlarini amalga oshirish lozim”.
O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida qo‘yilgan eng muhim qadamlar qatorida 2008-yil 1-yanvardan e’tiboran, o‘lim jazosi to‘la bekor qilindi. O‘zbekis-ton Parlamenti Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning o‘lim jazosiga taalluqli Ikkinchi Fakultativ protokolini ratifikatsiya qildi. O‘zbekiston Ikkinchi Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilgan jahondagi 67-davlat bo‘ldi.
O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining “O‘lim jazosini qo‘llashga mora-toriy e’lon qilish” rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi va o‘lim jazosiga qarshi IV Butunjahon kongressi ishida (2010-yil fevral, Jeneva) ishtirok etdi.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidlarini to‘la amalga oshirishga yo‘naltirilgan demokratik institutlar – “Xabeas korpus” va “Mi-raida qoidalari” huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etildi. Mazkur institutlarning joriy etilishi insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning, uning daxlsizligi ta’minlashning muhim omiliga aylandi.
Sudlar amaliyotida yarashtirish instituti keng ommalashdi. Buni 100 mingdan ko‘proq kishiga nisbatan yarashtirish tartibi qo‘llanilganligi ko‘rsatib hisoblaganda, turmadagilar soni 151 nafari tashkil etadi. Bu MDH va Yevropa mamlakatlarida eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Keyingi 10-yil davomida mamlakatda qamoqqa olinganlar, ozodlikdan mahrum etish joylarda saqlanadiganlar soni ikki baravardan ko‘proqqa kamaydi285.