Egotsentrizm (lot. ego-men va centrism-markaz) ‒ egoizmning o‘ta keskin shakli bo‘lib, individ shaxsiy manfaatlarining ustuvor ahamiyat kasb etishi oqibatida uning boshqa obyekt, kishilar fikr-mulohazasi yoki tasavvurlariga nisbatan munosabatini o‘zgartirishga qodir emasligini anglatadi. Egotsentrizm ildizlari subyekt tomonidan o‘zgacha, hatto qarama-qarshi nuqtayi nazarlar ham bo‘lishi mumkinligi anglanmasligi, o‘zga kishilarning psixologik xususiyatlari uniki bilan aynan mos ekaniga ishonishiga asoslangan. Egotsentrizm ayniqsa, 12-14 yoshlar atrofidagi bolalarda yaqqol namoyon bo‘lsa-da, ba’zi kishilarning keksaygan chog‘ida egotsentrik mayllarning kuchayish hollari ham kuzatiladi. Ilmiy tadqiqotlarda egotsentrizmning bir necha turlari qo‘llanadi: bilish egotsentrizmi ‒qabul qilish va tafakkur qilish jarayonlarini aks ettiradi; axloqiy egotsentrizm ‒muayyan individning o‘zga kishilarning axloqiy xatti-harakatlari va faoliyatini qabul qilishga qodir emasligidan dalolat beradi; kommunikativ egotsentrizm ‒subyekt tomonidan boshqa kishilarga ma’lumot yetkazish jarayonida kuzatiladi. Bu hol tushunchalarning mantiqiy o‘zagini tan olmaslikda, o‘zgalar nuqtayi nazarini mensimaslikda namoyon bo‘ladi. Egotsentrizm tushunchasi fanga ilk bor taniqli fransuz olimi Jan Piaje tomonidan muomalaga kiritilgan. Piaje egotsentrizmni bola aqliy rivojining bir necha bosqichlarida o‘zligini va dunyoni anglash jarayonida tutgan yo‘li va nuqtayi nazari sifatida talqin etadi. Egotsentrizm ilmiy va turmushda qo‘llanadigan tushunchalari o‘rtasida katta farq mavjudligi bois Egotsentrizmning paydo bo‘lishi talay tushunmovchiliklarga sabab bo‘lgan edi. Keyinchalik, egotsentrizm tushunchasi fanda keng ma’noda talqin etila boshlagani, bir tomondan, rivojlanayotgan fan uchun tabiiy hol bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tadqiqot ishlarida muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Egotsentrizmda individ boshqalar fikriga zid ravishda o‘zining shaxsiy fikrini yagona ma’qul variant sifatida eng oldingi darajaga qo‘yadi. Bunday kishilar uchun faqatgina o‘z nuqtayi nazari muhimdir. Shu sababli u boshqalarning dalil-isbotlarini qabul qilmasligi, xomxayollarga berilib, voqea va hodisalar yuzasidan xato xulosalar chiqarishi mumkin.