Rejalashtirish. Rejalashtirishning asosiy qarorlari odatda dasturlarni tayyorlash jarayonida ishlab chiqiladi va byudjetni ishlab chiqish jarayoni ushbu rejalarni aniqlashtirish uchun ishlatiladi. Byudjetni ishlab chiqish jarayoni rejalashtirishning eng aniqlashtirilgan shakli hisoblanadi. Byudjetlar xo’jalik yurituvchi subyektning yaqin muddatdagi faoliyatlarini belgilab beradi.
Muvofiqlashtirish. Xo’jalik yurituvchi subyektning barcha tarkibiy bo’linmalari bir birining faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi. Byudjetni ishlab chiqish jarayonida xo’jalik yurituvchi subyektning ayrim faoliyat turlari shunday muvofiqlashtiriladiki, bunda barcha bo’limlar birgalikda ish olib borgan holda, xo’jalik yurituvchi subyektning umumiy maqsad va vazifalarini amalga oshishini ta’minlaydi. Shunga alohida e’tibor berish kerakki, ishlab chiqarish rejalari xo’jalik yurituvchi subyektning marketing bo’limi rejalari bilan muvofiqlashtirilgan bo’lishi lozim, ya’ni rejalashtirilgan sotuv hajmi va tayyor mahsulotning maqbul bo’lgan zahiralar darajasini inobatga olib, so’ngra mahsulot ishlab chiqarish hajmini belgilash lozim. Shuningdek, xom-ashyo va materiallarni sotib olish rejasi mahsulot ishlab chiqarish ehtiyojidan kelib chiqishi kerak.
Xo’jalik yurituvchi subyektning barcha xodimlari qo’yilgan rejalarning mohiyatini to’liq tushunib yetmagunicha, boshqaruv tomonidan belgilangan maqsadga erishib bo’lmaydi. Ushbu rejalar o’z ichiga qancha mahsulot yoki xizmat turlarini ishlab chiqish, bu borada qanday usullar, ish kuchi va jihozlardan foydalanish, qancha miqdordagi xom-ashyo materiallarini sotib olish, sotuv narxini belgilash, kelgusida qanday cheklovlardan qochish kabi aniq bandlarni oladi. Tasdiqlangan byudjet miqdoriy axborot bilan mavjud bo’lgan cheklamalarni muvofiqlashtiruvchi eng muhim vosita sanaladi.
Rag’batlantirish. Byudjetni ishlab chiqish jarayoni xo’jalik yurituvchi subyekt oldiga qo’yilgan mushtarak maqsadlarga erishishda rahbariyat tomonidan kuchli rag’batlantirish vositasi sifatida ham ishlatilishi mumkin. Har bir rahbar o’z bo’limidan kutilayotgan natijani aniq bilishi lozim.
Agar menejerlar o’z bo’linmasining byudjetini ishlab chiqishda faol ishtirok etsa, bu byudjetning rag’batlantiruvchi roli yanada oshadi.
Nazorat. Byudjetni tuzayotgan vaqtda keyinchalik bo’lishi mumkin bo’lgan, ya’ni kutilayotgan natija to’g’risidagi prognoz-hisobot deb tushunish mumkin. Puxta hisob-kitoblar asosida tayyorlangan byudjet amalda erishilgan natijalar bilan taqqoslashda eng qulay mezondir. Chunki ushbu byudjetni ishlab chiqish davrida bashorat qilingan barcha o’zgarishlarni baholash samarasini o’z ichiga qamrab olgan bo’ladi.
Amaliyotda aksariyat hollarda natijalarni o’tgan yillar bilan taqqoslash umumiy amaliyoti qo’llanib kelinmoqda. Lekin, ushbu taqqoslash turi ayrim kamchiliklardan xoli emas. Masalan, ko’rsatkichlarni bir-biri bilan taqqoslaganda faoliyat yo’nalishi hamda kelgusi yilga rejalashtirilgan dasturlardagi o’zgarishlar inobatga olinmaydi.
Amalda erishilgan natijalar byudjet ko’rsatkichlari bilan taqqoslanganda birinchi navbatda menejerlarning e’tiborini nimaga qaratishni va qanday boshqaruv tadbirlarini amalga oshirish lozimligini ko’rsatadi. Amalda erishilgan natijalar bilan byudjetda aks ettirilgan ko’rsatkichlar orasida vujudga kelgan farqning tahlili:
birinchi navbatda e’tibor berilishi lozim bo’lgan muammoli sohalarni aniqlashtirishga yordam beradi;
byudjetni ishlab chiqish jarayonida ko’zda tutilmagan yangi imkoniyatlarni ochadi;
dastlabki ishlab chiqilgan byudjetdagi mavjud xatolarni ko’rsatadi.
Baholash. Byudjetning har bir bandi bo’yicha har oyda aniqlanishi lozim bo’lgan tadbir, ya’ni byudjetdan chetlanishlarni hisoblash, yil davomida nazorat maqsadlarida xizmat qiladi. Amalda erishilgan natijalar byudjet ko’rsatkichlari bilan taqqoslaganda har bir bo’lim va uning rahbari faoliyatini real baholash imkoniyati ochiladi. Ayrim xo’jalik yurituvchi subyektlarda byudjetning ma’lum moddalari bo’yicha ijobiy chetlanishga erishgan mutaxassis va rahbarlar uchun, uni bir vaqtning o’zida rag’batlantirish mexanizmi sifatida samarali ishlatish mumkin.
Malaka oshirish hamda o’qitish-o’rgatish. Byudjet menejerlarning malakasini oshirish borasida samarali hamda qulay vosita hisoblanadi. Byudjetni ishlab chiqish jarayonida rahbar o’z bo’limi faoliyati va uning boshqa bo’limlar bilan birgalikda olib borayotgan ishlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo’ladi. Bu ayniqsa yangi tayinlangan rahbar xodimlar uchun zarurdir. Yillik byudjetni ishlab chiqish tajribasiga ega har bir xodim bu jarayonning ijobiy va foydali tomonlarini yaxshi biladi. Byudjet menejerlarning iqtisodiy bilimlar bazasini kengaytirib borishni talab qiladi, tahlil qilish, buning uchun o’rganish, guruhlash, baholash va xulosalar chiqarish kabi qarorlar va harakatlar qilishga undaydi.