BMT Ustavi II jahon urushi yillarida Gitlerga qarshi koalitsiyaning yetakchi mamlakatlari (SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoy) tomonidan ishlab chiqilgan va 1945-yilda San-Fransisko (AQSH)dagi konferensiyada batamom kelishib olingan. 51 ta davlat imzolagan (1945-yil 26-iyunda, dastlabki a’zolari tomonidan) va 1945-yil 24-oktabrda kuchga kirgan bu ustavga ko‘ra BMTning asosiy maqsadi «kelajak avlodlarni hayotimiz davomida insoniyatning boshiga ikki marta mislsiz qayg‘u solgan urush falokatlaridan xalos etish»dir. Ustavda davlatlarning xalqaro maydondagi harakatlarining asosiy prinsip va normalari, davlatlarning kuch ishlatish va kuch bilan tahdid qilishni taqiqlash prinsipiga qat’iy amal qilishlari zarurligi, xalqaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish, ichki ishlarga aralashmaslik, davlatlarning suveren tengligi, xalqaro majburiyatlarni vijdonan bajarish va boshqalar majburiy qoidalar shaklida belgilangan. Bugungi kunda 189 davlat BMT a’zoligiga qabul qilingan bo‘lib, bu xalqaro tashkilotning turli muassasalarida qariyb 50 ming xodim faoliyat yuritmoqda. O ‘zbekiston Respublikasi 1992-yil 2-martdan buyon BMT a’zosidir.