Hayotiy-maishiy ertaklar.Ular real, hayotiy uydirmalar asosiga qurilgan bo’lib, fantastika elementlari yordamchi motivlar shaklida namoyon bo’ladi. Hayotiy-maishiy ertaklar sehrli ertaklar asosidagi an'analardan kelib chiqqan va ko’p jihatlari ularga o’xshab ketsa-da, biroq ulardan real hayot voqealari asosida qurilganligi bilan ajralib turadi. Hajviy ertaklar. Ular xuddi hayotiy-maishiy ertaklardek, ijtimoiy hayotda real asoslari bo’lgan hayotiy uydirmalar zaminiga qurilgan bo’lib, o’tkir satira va xushchaqchaq yumor asosiy xususiyatini belgilaydi. Syujet tuzilishi ixcham, voqea va hodisalar lo’nda ifodalanadi. Naql - o'zbek xalq og'zaki ijodida alohida, mustaqil, keng tarqalgan janrlardan biri. Turmushdagi turli narsa va hodisalarni izohlashga qaratilgan axloqiy-didaktik mazmundagi, ramz va majozga asoslanuvchi kichik og'zaki hikoyalar naql deb ataladi
“Tuyaqush va qoplon” va “Turna va Tulki” ertaklari haqida. „Tuyaqush bilan qoplon“ ertagida hayvonlar o‘rtasida bir-birlariga yordam berish, ayniqsa, boshlariga kulfat tushganda yurakdan, samimiy ko‘maklashish g‘oyasi yotadi.
Qoplonning boshiga musibat tushdi. Tomog‘iga katta bir suyak qadalib qoldi. Dod-faryod qildi. Tuyaqush qoplonga yordamga kelib:
Osmonga qarab og‘zingni ochib tur, men suyakni olib qo‘yay, — debdi qoplonga.
Qoplon osmonga qarab og‘zini ochib turibdi. Tuyaqush uzun tumshug‘ini qoplonning og‘ziga solib, tiqilib qolgan suyakni sug‘urib tashlabdi.
Qoplonning ko‘zlari ravshan bo‘lib, o‘limdan qutulibdi.
Biroz orom olgandan keyin qoplon tuyaqushga qarab shunday debdi:
Sen mard ekansan, menga yaxshilik qilding, endi ikkalamiz do‘st bo‘lamiz, zarur vaqtda bir-birimizga yordamga kelamiz, — debdi.
Tuyaqushga bu gap ma’qul bo‘libdi. Tuyaqush bilan qoplon ikkalalari do‘st bo‘libdilar.
Xalqda, o‘zga bilan do‘st bo‘ldingmi, bir umr bo‘l, unga yaxshi-yomon kunlarida riyokorlik ko‘rsatma, degan gap bor. Tuyaqush bu yo‘ldan bormaydi. Oradan ko‘p vaqt o‘tadi. U jo‘rttaga qoplonni sinamoqchi bo‘lib, kunlardan bir kun:
Voy dod, o‘lyapman, qoplon, meni qutqar! — deya bor ovoz bilan qoplonni yordamga chaqiradi.
Qoplon chin so‘zli, do‘stga sadoqatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lganligi uchun zudlik bilan tuyaqushning oldiga „shox-butoqlar orasidan ustidagi junlari yulinib, harsillab yetib kelibdi“. Lekin u tuyaqushning yuzida tabassumni ko‘rib hayron bo‘ladi. Tuyaqush surbetlik bilan „Ko‘rmaganimga ancha vaqt bo‘ldi, ahd-paymonimiz esingdan chiqib qolmadi- mi, deb seni sinab ko‘rmoqchi edim“, deydi. Bu gapdan qoplon qattiq ranjiydi, dili og‘riydi, do‘stidan ko‘ngli qoladi.
Do‘stni aldagan aslida o‘zini aldaydi. Birovni bir marta aldadingmi, tamom, u senga boshqa ishonmaydi. Tuyaqush ham shunday bo‘ladi. Bir kuni bo‘ri uni ushlab oladi. Tuyaqush qancha baqirib-chaqirmasin, qoplon „Do‘stim jo‘rttaga dodlayapti“, deb o‘ylaydi va oldiga kelmaydi. Tuyaqush bo‘riga yem bo‘ladi.
Qo‘li ochiq, saxiy bo‘lish, do‘stga sadoqat ko‘rsatish bu davrda o‘qiladigan ertaklarning asosiy mag‘zini tashkil etishi kerak. „Tulki bilan Turna“ ertagiga nazar tashlasak, bu holning butunlay teskarisini ko‘ramiz. Dunyoda tulki zotidek mug‘ambir, aldamchi, riyokor mavjudot bo‘lmasa kerak. Ko‘p ertaklarda turna insonga yaqin yuradi, unga ko‘maklashadi, yordam beradi, saxiylikda ibrat ko‘rsatadi.
Ertakda tulki va turnaning do‘st tutingani haqida gap boradi. Maqtanchoq, mug‘ambir, ayyor tulki oddiy, sodda turnani uyiga chaqirib:
Albatta kelgin, jonginam, albatta, azizim, juda yaxshilab mehmon qilaman! — deydi.
Ba’zan yangi do‘stning fe’l-atvori qanday ekanligini o‘zi yaxshi bilmay yurakdagi borini oshkor etadigan bolalar kabi turna ham tulkiga ishonadi, chinakamiga meni mehmon qilar ekan-da, degan o‘y-xayol bilan uning uyiga keladi. Tulki shirguruch pishirib, turnaning oldiga taqsimchada qo‘yadi. Turna uzun tumshug‘i bilan taqsimchaga taq-taq uradi, ammo hech narsa yeya olmaydi. Ayyor tulki esa bir zumda shirguruchni o‘zi yeb qo‘yadi.
Ertakda turnaga alam qiladigan joyi shuki, tulki o‘zi pishirgan taomni o‘zi yeb tugatsa-da, xushomadgo‘ylikdan qaytmaydi. „Aybga qo‘ymaysan-da, jon do‘stim! Yaxshilab mehmon qilishga boshqa narsa topa olmadim!“ deb surbetligini ochiq namoyish etadi. Bu esa bolalarning qahr-g‘azabini keltiradi. Ertak hayotda tulki kabi ochko‘z, aldamchi bo‘lmaslikka da’vat etadi.
Turna ham bo‘sh kelmaydi. Tulkini uyiga chorlab, bo‘yni ingichka xurmachaga o‘zi tayyorlagan ovqatni qo‘yib, uni bir zumdayoq uzun tumshug‘i bilan o‘zi yeb qo‘yadi. Turnaning topqirligi kichkintoylarni xursand qiladi. Ularda qilmish-qidirmish, birovga nima qilsang, albatta, o‘zingga qaytadi, degan tushuncha paydo bo‘ladi.
Xullas, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar o‘zlari tinglagan ertaklari yordamida atrof-olam bilan tanishib, nima yaxshi-yu, nima yomonligini bilish orqali ma’naviy dunyosi boyib, voyaga yetadilar.