Investorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib
to‘lash, infratuzilma yaratish xarajatlarini qisman
davlat tomonidan qoplash
mexanizmlari joriy etilmoqda.
Shuningdek, foyda solig‘ini hisoblashda, yangi texnologik uskunalar xarid
qilish, yangi ob’yektlarni qurish va modernizatsiya qilish xarajatlari bo‘yicha
chegirmalar kengaytirildi.
Mavjud 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonalarni xatlovdan
o‘tkazib, xususiy sektor va raqobat rivojlangan yo‘nalishlardagi korxonalarda davlat
ishtirokini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish lozim.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimovning asarlarida
qayd etilganidek: “Iqtisodiyotni
tarkibiy jihatdan qayta qurish, eksport
imkoniyatlarini kengaytirish sohasida belgilangan yo‘nalishlar kuchli investitsiya
siyosatini o‘tkazish bilangina ro‘yobga chiqadi”.
Shu sababli investitsiya siyosati davlat iqtisodiy siyosatining eng muhim
tarkibiy qismi bo‘libgina qolmay, iqtisodiyotni modernizatsiyalashning
resurslar
asosi bo‘lishi tabiiy bir holdir. Maqsadga yo‘naltirilgan va samarali investitsiya
siyosati ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish, tarmoq ichidagi va
tarmoqlararo
nomutanosibliklarni
yo‘qotish,
mintaqalar
iqtisodiyotini
tenglashtirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga imkon beradi.
Korxonalar
darajasida investitsiya siyosati, avvalo investitsiyalarning o‘zi tufayli ishlab
chiqarishga zamonaviy mashina va asbob-uskunalarni,
resurs va mehnatni
tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, ishlab chiqarish sexlari va uchastkalarini
qayta rejalashtirish va tuzilmaviy qayta qurish, zarur bo‘lgan ishlab
chiqarish va
noishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish, ishlab chiqarish estetikasini yaxshilash
va boshqa vazifalar hal qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, hozirgi sharoitlarda
investitsiya siyosati, investitsiyalash miqyosi va sur’atlari ko‘p jihatdan ijtimoiy-
iqtisodiy o‘zgarishlar va islohotlarning
muvaffaqiyatga erishuvi, mamlakatning
ishlab chiqarish salohiyati va xalqaro nufuzining o‘sishiga zamin yaratadi.
Investitsiyalar – asosiy va aylanma kapitalni qayta tiklash va ko‘paytirishga,
ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qilingan sarflarning pul shaklidagi
ko‘rinishidir. U pul mablag‘lari, bank kreditlari,
aksiya va boshqa qimmatli
qog‘ozlar ko‘rinishida amalga oshiriladi. Pul mablag‘lari ko‘rinishidagi investitsiya
nominal investitsiya, ana shu pul mablag‘lariga sotib olish mumkin bo‘lgan
investitsion resurslar real investitsiya deyiladi.
Investitsiyalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amaliy harakatlar – investitsion
faoliyat, investitsiyalarni amalga oshiruvchi shaxs – investor deyiladi.
Investitsiyalarning manbalaridan biri bo‘lib aholi keng qatlamlarining
jamg‘armalari hisoblanadi. Shuni ta’kidlash lozimki, amalda jamg‘arma egasi va
investor bir shaxsda namoyon bo‘lishi va bo‘lmasligi ham mumkin. Odatda,
jamg‘arma jamiyatdagi ko‘pchilik sub’yektlar tomonidan amalga oshirilib, ulardan
investitsiya sifatida foydalanish esa butunlay boshqa sub’yektlar tomonidan amalga
oshirilishi mumkin. Shuningdek, iqtisodiyotda
faoliyat yurituvchi sanoat, qishloq
xo‘jaligi va boshqa korxonalar jamg‘armasi ham investitsiya manbai bo‘lib
hisoblanadi. Bu o‘rinda “jamg‘aruvchi” va “investor” bir sub’yektda
mujassamlashadi.