11.3. Investitsion loyihalarning samaradorligini
baholashning uslubiy asoslari
Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholash. Umuman olganda
samaradorlik muayyan natijalarga erishishni anglatadi. U sarflangan xarajatlar va
olingan natijalar nisbati asosida aniqlanadi. Xarajatlar qanchalik kam va natijalar
qanchalik ko‘p bo‘lsa, samaradorlik ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
Investitsiyalarning
iqtisodiy
samaradorligi
butun
ishlab
chiqarish
samaradorligining tarkibiy qismidir. Turli darajadagi xo‘jalik faoliyatida
investitsiyalarning iloji boricha ko‘proq foyda, qaytim keltirishi asosiy vazifa qilib
belgilanadi. Bu qoidadan chetga chiqish resurslarni yo‘qotish, jamiyatning ilgarigi
va hozirgi mehnatini yo‘qqa chiqarishga olib kelishi mumkin.
Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholash zarurati, qo‘shimcha
kapital qo‘yilmalar kiritilishini talab qiluvchi yangi qurilish, mavjud ishlab
chiqarishni kengaytirish, qayta tiklash va texnik jihatdan qayta qurollantirish, ishlab
chiqarishni zamonaviylashtirish va tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni ishlab chiqish
kabi barcha hollarda yuzaga keladi. Ba’zan mahsulotlarning yangi turini ishlab
chiqarish ham investitsiya va boshqa mablag‘lar kiritilishini, demak, xarajat va
natijalar nisbatini avvaldan baholashni talab qiladi.
Investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligini baholashda korxonalar ikkita
vazifani hal qilishlari lozim:
birinchisi - kapital qo‘yilmalarning qoplanish muddati va daromadliligi nuqtai
nazaridan, eng maqbul variant tanlash imkoniyatini yaratuvchi investitsion loyiha
samaradorligini baholash;
ikkinchisi - mavjud ishlab chiqarishga ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini
yaxshilash maqsadida kiritiluvchi investitsiyalar samaradorligini baholash
(qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish, tannarxni kamaytirish, foydani oshirish va
hokazo).
Birinchi vazifaning yechimi mos keluvchi marketing tadqiqotlarini amalga
oshirishni ko‘zda tutib, bu tadqiqot davomida talab va undan kelib chiquvchi taklif,
bozor segmentatsiyasi, bahoni shakllantirish strategiyasi, moliyalashtirish manbalari
va boshqalar aniqlanishi lozim. Investitsion loyihani muqobillik asosida tanlagandan
so‘ng birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni, texnik va boshqa qarorlarni, jumladan,
muhandislik ta’minoti, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlar
tayyorlashishlari amalga oshiriladi.
Investitsion loyihani tayyorlash va shunga mos ravishda investitsiyalar
samaradorligini baholash zarurati ko‘p hollarda yangi korxona, sexlar qurish yoki
mavjud ishlab chiqarishni qayta tiklash va kengaytirish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Bularning barchasi nafaqat makonda, ya’ni ma’lum bir hududda, yer maydonida,
balki vaqtida amalga oshirilishi sababli, vaqt muddati loyihani amalga oshirish,
jumladan, korxonani tashkil qilish (qayta tiklash, kengaytirish) hamda
ekspluatatsiya qilish va tugatish muddatidan kelib chiqqan holda hisoblanadi.
Investitsion loyihaning samaradorligi ko‘rsatkichlari loyiha qarorlarini
texnikaviy, texnologik va tashkiliy nuqtai nazaridan tavsiflab beradi.
Loyiha samaradorligi loyihaning jalb etiladigan hamkorlar uchun
jozibadorligini aniqlash va moliyalash manbalarini qidirish hamda keyinchalik
monitoringini olib borish maqsadida baholanadi.
Investitsiyalar samaradorligini baholash investitsion qarorlar qabul qilish
jarayonidagi mas’uliyati eng yuqori bo‘lgan bosqichlardan biridir.
Shuni aytib o‘tish kerakki, oldingi paytda mamlakatimizda kapital qo‘yilmalar
samaradorligini baholash usullarini unchalik qoniqarli deb hisoblab bo‘lmasdi. Bu
maqsadda qo‘llanuvchi ikkala ko‘rsatkich samaradorlik koeffitsiyenti (o‘rtacha
yillik foyda miqdorining kapital qo‘yilmalar hajmiga nisbati) va o‘zini qoplash
muddati (unga teskari ko‘rsatkich) bir qator jiddiy kamchiliklarga ega bo‘lib, ular
real investitsiyalar samaradorligini baholashda ob’yektiv ma’lumot olishga imkon
bermaydi.
Bu kamchiliklar nimalardan iborat? Ulardan biri sanab o‘tilgan
ko‘rsatkichlarning har bittasini hisob-kitob qilishda vaqt omili hisobga
olinmasligidadir – foyda va investitsiya mablag‘lari hajmi haqiqiy qiymatga
keltirilmaydi. Demak, hisob-kitob jarayonida oldindan solishtirib bo‘lmaydigan
ko‘rsatkichlar – investitsiyalar summasi hozirgi qiymatda va foyda summasi
kelajakdagi qiymatda beriladi. Yana bir kamchilikka ko‘ra investitsiya qilingan
kapitalni qaytarish ko‘rsatkichi sifatida faqat foyda qabul qilingan. Biroq amalda
investitsiyalar sof foyda va amortizatsiya ajratmalaridan iborat pul oqimi
ko‘rinishida qaytariladi. Demak, investitsiyalar samaradorligini faqat foyda asosida
baholash hisob-kitob natijalarini juda o‘zgartirib yuboradi. Va nihoyat, uchinchi
kamchilik shundan iboratki, ko‘rib chiqilayotgan ko‘rsatkichlar investitsiya loyihasi
to‘g‘risida faqat bir tomonlama baho olishga imkon beradi, chunki ularning
ikkalasi ham bir xil boshlang‘ich ma’lumotlardan foydalanishga asoslanadi.
Real investitsiyalar samaradorligini baholashda xorijda amal qiluvchi, so‘nggi
paytlarda O‘zbekistonda ham qo‘llana boshlagan asosiy tamoyil va uslubiy
yondashuvlarni ko‘rib chiqamiz.
Bunday tamoyillardan birinchisi investitsiya qilingan kapitalning pul oqimi
ko‘rsatkichi (cash flow) asosida qaytarilishiga bog‘liq bo‘lib, investitsiya loyihasini
ekspluatatsiya qilish davomida amortizatsiya ajratmalari va sof foyda hisobiga
shakllantiriladi. Bunda pul oqimi ko‘rsatkichi investitsiya loyihasining har bir yili
bo‘yicha alohida yok i o‘rtacha yillik ko‘rsatkich sifatida baholanishi lozim.
Baholashning ikkinchi tamoyili investitsiya qilinuvchi kapitalni ham, pul
oqimlari miqdorini ham pul mablag‘larining hozirgi qiymatiga keltirishdir. Bir
qarashda investitsiya qilinuvchi mablag‘lar doimo hozirgi qiymatida aks ettirilgan
bo‘ladi, chunki pul oqimlari shaklida ularni qaytarish muddatidan ancha oldin
kiritiladi. Haqiqatda esa bunday emas – investitsiyalash jarayoni ko‘p hollarda bir
vaqtning o‘zida emas, balki bir nechta bosqichda amalga oshiriladi. Shu sababli
birinchi bosqichdan tashqari kelgusida investitsiya qilinuvchi barcha summalar pul
mablag‘larining hozirgi qiymatiga keltirilishi lozim bo‘ladi. Xuddi shu tarzda pul
mablag‘lari oqimi ham hozirgi qiymatga keltiriladi.
Baholashning uchinchi tamoyili turli investitsiya loyihalari uchun pul
oqimlarini diskontlash jarayonida differensiyalangan foiz stavkasini (diskont
stavkasini) tanlash hisoblanadi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, investitsiyalardan
olinuvchi daromad hajmi (real investitsiyalashda bunday daromad vazifasini pul
oqimlari bajaradi) quyidagi to‘rt omil asosida shakllantiriladi: o‘rtacha real depozit
stavkasi; inflyatsiya sur’ati (yoki inflyatsiya mukofoti); tavakkalchilik mukofoti;
past likvidlik uchun mukofot. Shu sababli tavakkalchilik darajasi turlicha bo‘lgan
ikkita investitsiya loyihasini taqqoslashda turlicha foiz stavkali diskontlash
qo‘llanishi lozim (yuqori foiz stavkasidan tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘lgan
loyihalarda foydalanish lozim). Xuddi shu tarzda umumiy investitsiyalash davri
(investitsiyalar likvidligi) har xil bo‘lgan investitsiya loyihalari uchun yuqori foiz
stavkasi amalga oshirish muddati uzoqroq bo‘lgan loyihalarda qo‘llanishi kerak.
Baholashning to‘rtinchi tamoyili baholash maqsadlaridan kelib chiqqan holda
diskontlash uchun foydalaniluvchi foiz stavkalari variantsiyasi hisoblanadi.
Investitsiyalar samaradorligining turli ko‘rsatkichlarini hisoblashda diskontlash
uchun tanlab olinuvchi foiz stavkasi sifatida quyidagilardan foydalanish mumkin:
o‘rtacha depozit yoki kredit stavkasi; inflyatsiya darajasi, tavakkalchilik darajasi va
investitsiyalar likvidligini hisobga olgan holda investitsiyalar daromadliligining
individual normasi; boshqa investitsiya turlari bo‘yicha daromadlilikning muqobil
normasi; joriy xo‘jalik faoliyati bo‘yicha daromad normasi.
Iqtisodiy o‘sishga xizmat qiluvchi investitsion muhitni tahlil qilish va
baholashda asosiy omillar sifatida quyidagilar hisobga olinishi lozim:
tabiiy resurslar va ekologik xolat;
ishchi kuchining sifati;
infratuzilma ob’yektlarining rivojlanish darajasi va ochiqligi;
siyosiy barqarorlik, fors-major holatlarning yuzaga kelish extimolligi va ularni
oldini olish imkoniyatlari;
qonunchilikning mukammalligi, sifatliligi va amaliyligi, shuningdek
iqtisodiyotning erkinlik darajasi;
huquq-tartibot va qonunchilikka rioya qilish darajasi, shuningdek mulkiy
huquqlarni himoya qilinishi;
soliq tizimining sifati va soliq yukining darajasi;
moliya-kredit institutlari faoliyatining sifati, shuningdek, kredit olishning
osonlik darajasi;
iqtisodiyotning ochiqligi, shuningdek, chet el mamlakatlari bilan savdo qilish
qoidalari;
iqtisodiyotdagi monopoliya darajasi, bozorga kirib borish va investitsiyalash
oldida turgan xavf-xatar (tavakkalchilik) va to‘siqlar.
O‘zbekistonda investitsion muhit avvalo jamiyatdagi siyosiy vaziyatning
barqarorligi, sog‘lom iqtisodiy rivojlanish, davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlari
va nodavlat sektorining o‘sishi, o‘tkazilayotgan islohotlarning ketma-ketligi, tabiiy
resurslar va respublika aholisining mehnatsevarligi bilan to‘ldiriluvchi bozor
infrastrukturasining shakllanishini tavsiflaydi. Investitsion muhit shuningdek,
investitsiyalarning davlat tomonidan kafolatlanishidan tashqari investorlarning,
ayniqsa chet el investorlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish chora-
tadbirlarini belgilab beruvchi qonunchilik hujjatlari hisobiga ham ta’minlanadi. Shu
jihatdan “Xususiy mulk to‘g‘risida”gi, “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Chet el
investitsiyalari to‘g‘risida”gi, “Chet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va
ularni himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik va tadbirkorlik faoliyati kafolatlari
to‘g‘risida”gi, “Xususiy korxonalar to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarni esga olib
o‘tish joiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 apreldagi
“To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish
borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni investitsion
faollikning o‘sishiga yangi kuch baxshida qildi.
O‘zbekistonda yaratilgan investitsion muhit iqtisodiyotning yanada rivojlanishi
va barqaror turmush darajasini ta’minlashdan tashqari respublikaning xorijiy
kapitalni jalb qilish uchun raqobat qilishiga ham imkon beradi. Matbuotda e’lon
qilingan fikrlarga ko‘ra, “yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda nufuzli
xalqaro moliyaviy tashkilot va institutlarning ishtirok etishi respublikadagi
investitsion muhitning jozibadorligidan yana bir bor dalolat beradi”.
O‘zbekistonda amal qilayotgan qonunchilikka asosan respublika hududida chet
ellik investorlar o‘zlarining investitsiya faoliyatini quyidagi yo‘llar bilan amalga
oshirishlari mumkin:
O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslar bilan birgalikda
tuzilgan xo‘jalik ob’yektlari va shirkatlar, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa
korxonalarning nizom jamg‘armasi va boshqa mulklarida o‘z ulushi bilan ishtirok
etishi;
to‘laligicha chet ellik investorlarga tegishli bo‘lgan xo‘jalik obyektlari va
o‘rtoqchiliklar, banklar, sug‘urta tashkilotlari va boshqa korxonalarni tashkil etish
va ularni rivojlantirish;
mulk, aksiya va boshqa qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish;
savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’yektlari mulkiga, turar-joy binolari va ular
joylashgan yer maydonlariga, shuningdek, tabiiy resurslar va yer maydonlariga
(jumladan, ijara asosida) egalik qilish va ulardan foydalanish huquqini sotib olish
intellektual mulk, jumladan, mualliflik huquqi, patent va hokazolarni himoya
qilishga mablag‘ kiritish.
Bugungi kundagi investitsion muhit va uning shakllanish omillarini quyidagi
sxema ko‘rinishida aks ettirish mumkin (11.3-rasm).
|