Iqtisodiy renta - cheklangan resursdan foydalangani uchun toʻlanadigan narx.
Kapitalga daromad - bu foiz deyiladi. Amalda kapitalga daromad ikki xil boʻladi. Agar kapital pul shaklida boʻlsa, pul beruvchilar ssuda foizi boʻyicha daromad oladi. Agar kapital buyumlashgan shaklda boʻlsa, u kapitalga koʻra umumiy daromaddan ulush oladi.
Real foiz stavkasi nominal stavkadan (pulda ifodalangan stavkadan) inflyatsiya darajasini ayrilganiga teng.
Tadbirkorlik daromadi - bu ishlab chiqarish resurslaridan samarali foydalanganligi uchun tadbirkor oladigan daromad.
Bozor iqtisodiyotiga asoslangan davlatlarda iqtisodiyotning noformal sektori, ya’ni yashirin iqtisodiy sektorda (rus tilida tenevaya ekonomika) yashirin daromad mavjud boʻladi.
Yashirin daromad ham ikki xil boʻladi. Birinchisi - pora olish (korruptsiya), giyohvand moddalar sotish, kontrabanda va boshqa sohalardan olinadigan yashirin daromad. Ikkinchisi - patentsiz va litsenziyasiz sotish faoliyati bilan shugʻullanishdan tushadigan daromad va soliq xizmatidan yashirilgan daromad.
Davlat oʻzining daromad siyosatini amalga oshirishda aholini turmush darajasini ifodalovchi agregat koʻrsatkichlardan foydalanadi. Ana shunday koʻrsatkichlardan biri - yalpi ichki mahsulotdir (YaIM).
YaIMni aholi jon boshiga hisoblagandagi koʻrsatkich aholini turmush darajasini ifodalovchi koʻrsatkich boʻlib, u har bir aholi jon boshiga jami ishlab chiqarilgan (bir yil davomida) mahsulotning qancha qismi toʻgʻri kelishini koʻrsatadi. Lekin, bunday taqsimlanish aholi daromadining differentsiallashganligini (har xil boʻlishini) ifodalamaydi.
Aholining tarkibi har xil ijtimoiy qatlamlardan (ishchilar, qishloq xoʻjaligidagi ishlovchilar, xizmatchilar, tadbirkorlar, oʻqituvchilar, meditsina xizmati xodimlari va hokazolar) iborat boʻlgani uchun ushbu guruhlardagi insonlarning daromadlari ham har xil boʻladi. Aholi daromadining taqsimlanish dinamikasi iste’mol byudjeti orqali oʻrganiladi. Iste’mol byudjeti ham turli xil boʻlishi mumkin: oʻrtacha oila byudjeti, yuqori darajada etarli byudjet (bunga eng yuqori umumiy daromad oladigan oilalarni kiritish mumkin), minimal byudjet. Minimal byudjetli oilaga, oila a’zolarining (bir yillik yoki bir oylik) umumiy daromadlari minimal boʻlgan oilalar kiritiladi.
Aholini turmush darajasini ifodalaydigan koʻrsatkichlardan biri bu yashash minimum. Yashash minimumini sarflangan ishchi kuchini oddiy takror tiklash uchun zarur boʻlgan daromad deb qarash mumkin. Yashash minimumini minimal iste’mol korzinasi ham deb qaralishi mumkin. Yashash minimumi aholini qashshoqlik chizigʻi sifatida ham qarash mumkin. Yashash minimumidan past daromad oladigan aholining qismi qancha koʻp boʻlsa, aholining qashshoqlik darajasi shuncha yuqori boʻladi.
Turmush darajasini ifodalovchi koʻrsatkichlar iste’mol korzinasiga koʻra hisoblanadi. Rivojlangan davlatlarda oʻrtacha daromad iste’mol korzinasiga quyidagi tovarlar kiritiladi: uy-joy, avtomobil, uyning zamonaviy jihozlari, audio va video texnika, sayohat qilish imkoniyati, bolalarini kiyintirish, oʻqitish, ilmiy asoslangan oziq-ovqat, kiyim-kechak, ma’lum darajadagi jamgʻarma.
Odatda minimal iste’mol korzinaga boshlangʻich ehtiyojni qondiradigan tovarlar kiritiladi (kiyim-kechak, oziq-ovqat, minimal yashash sharoiti).
Jamiyatdagi barqarorlik va aholining umumiy farovonligi koʻpincha ushbu aholi tarkibidagi oʻrtacha sinfdagi aholining ulushi bilan ifodalanadi deb qaraladi. Oʻrtacha sinfdagi aholining mamlakatni hozirgi ham siyosiy, ham iqtisodiy hayotidagi ahamiyati nihoyatda kattadir. Bozor talabini shakllantirishda, ishlab chiqarishdagi faollikni ta’minlash oʻrta sinfga qarashli aholiga koʻproq bogʻliq.
Rivojlangan davlatlarda oʻrta sinfga qarashli aholi umumiy aholining 50 foizidan 70 foizigachasini tashkil qiladi.
Yuqorida ham ta’kidlab oʻtdikki, bozor iqtisodiyoti oʻz-oʻzidan jamiyatdagi daromadlarni tekis taqsimlashni ta’minlamaydi, shuning uchun ham bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyatda har doim oʻta qashshoq, boy va oʻta boy aholi guruhlari saqlanib qoladi. Tsivilizatsiyalashgan davlatlardagi iqtisodiy siyosat aholi daromadlaridagi keskin ravishda katta boʻlgan farqlarni qisqartirishga, daromadlarni koʻproq adolatli qayta taqsimlashga qaratilgan. Har bir tsivilizatsiyalashgan davlat nogironlarni, nafaqaxoʻrlarni, koʻp bolali oilalarni ijtimoiy himoya qilishni oʻz boʻyniga olishi zarur.