Maxsus tekshiruv usullari
O’pka kasalliklarining diagnostikasi eng avvalo bemorning shikoyatlarini,
anamnezini va uni fizik usullar bilan tekshirish natijalarini o’rganishga
asoslanadi. Odatda, o’pkasida xastaligi bor bo’lgan bemorlarning quyidagi
shikoyatlariga e’tibor beriladi: yo’tal, qon tuflash, nafas qisishi, ko’krak
qafasidagi og’riqlar. Bemor anamnezida kasallikning qanday boshlanganiga va
rivojlanishiga katta ahamiyat beriladi. Kasallik boshlanishini sovqotishga
aloqadorligi, yuqumli kasalligi bo’lgan bemorlar bilan yaqinligi aniqlanadi.
40
Mehnat sharoitlari surishtiriladi. Ba’zi hollarda, bemorning uy hayvonlarini
boqishga aloqadorligi, zararli odatlari: chekish, spirtli ichimliklarni surunkali
iste’mol qilishi bor-yo’qligi alohida ahamiyatga ega bo’ladi. Kasallikning
kechishida olib borilgan muolajaning qanchalik muvofiqligi sinchiklab
o’rganiladi.
Fizik tekshiruv usullaridan: ob’ektiv ko’rik, paypaslab ko’rish, perkussiya
qilish va auskultatsiyalar qo’llaniladi. Ular patologik jarayon va funktsional
o’zgarishlarni aniqlashda, kasallikning kechishi to’g’risida tasavvur hosil
qilishga imkon beradi va ko’pincha bemorni davolash jarayonida uning holati
dinamikasiga baho berish uchun asosiy dalillar hisoblanadi.
Nafas olish sistemasi kasalliklarini aniqlashda ajralayotgan balg’amni
tekshirish, uning miqdori va fizik xususiyatlarini mikroskop yordamida
tekshirish, bakterioskopiya va bakteriologik ekma natijalarini o’rganish alohida
ahamiyat kasb etadi.
Rentgenologik usullarni qo’llash, o’pka patologiyasi bo’lgan bemorlarda
diagnoz qo’yishda ko’pincha hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’ladi.
Rentgenoskopiya ob’ektni turli holatda (pozitsiya), harakatda tekshirishga,
plevral bo’shlig’ida suyuqlik va havoning miqdorini aniqlashga imkon beradi.
Rentgenografiya – o’pkalar va ular ildizlaridagi ayrim o’zgarishlarni aniq
ko’rish, dinamikada kuzatish va taqqoslashga yordam beradi.
Tomografiya usuli – qatlam-qatlam tasvirlar olish orqali, yirik segmentar
va subsegmentar bronxlar bo’shlig’ining batafsil tasvirini olish, limfatik
tugunlar holati to’g’risida xulosa chiqarishga yordam beradi. O’pka
to’qimasidagi kichik patologik jarayonlarni aniqlashga, bullalar, kistalar,
“o’choq”li soyalarni topishga imkon beradi.
Kompyuter tomografiya – bugungi kunda keng qo’llaniladigan noinvaziv
usullardan biri bo’lib, o’pkadagi har xil tuzilmalarning katta-kichikligini,
joylashgan qismi va chegarasini yanada aniqroq va ravshanroq aniqlab beradi,
ularning zichligiga baho berish imkoniyatini yaratadi.
41
Bronxografiya asosan: bronxoektatik kasallikka shubha qilinganda –
bronxlarning zararlanganlik darajasini aniqlash uchun, o’pkadagi yiringli
jarayonlarda – bronxlar zararlanganligini aniq hajmini aniqlash uchun (ayniqsa
jarrohlik amaliyoti mo’ljallanganda) yoki surunkali nospetsifik zotiljam va
markaziy o’pka raki o’rtasida differentsial diagnostika o’tkazish uchun zarur
tekshiruv usullaridan biri hisoblanadi.
Bu tekshirish usuli, odatda mahalliy anesteziya ostida olib boriladi va uni
och qoringa (bemor ovqatlanmasdan turib) o’tkaziladi. Bemorda balg’am ko’p
miqdorda ajralayotgan davrda, avval sanatsion bronxoskopiya, keyin esa
bronxografiya qilinadi. Tekshiruvdan 30 minut oldin teri ostiga 1 ml atropin
sulfat yuboriladi. Anesteziya uchun 0,5% li dikain eritmasi, 10% lidokain
eritmasi yoki 5-10%li novokain eritmasi ishlatiladi. Eng avvalo, yuqori nafas
yo’llari anesteziya qilinib, rentgenkontrast kateter pastki burun yo’li orqali
tovush yorig’iga kiritiladi va traxeyagacha surib kateter orqali 3-4 ml 10%li
novokainni bosqichma-bosqich yuborish yo’li bilan traxeobronxial shox
anesteziya qilinadi. Bronxografiya uchun quyidagi rentgenkontrast moddalar:
sulfayodon, jeleyodon, propilyodon va b. qo’llaniladi. Odatda ulardan biri, 10-
15 ml miqdorda rentgen nazorati ostida yuboriladi va suratga tushiriladi. Bundan
so’ng, rentgenkontrast modda aktiv aspiratsiya yo’li bilan so’rib olib tashlanadi.
Ko’rsatmalar: markaziy joylashgan bronx o’smalari, o’pkadan qon ketishi,
traxeya va bronxlardagi yot jismlar, o’pkaning yiringli kasalliklarida diagnostika
va sanatsiya qilish.
Angiopulmonografiya o’pka arteriyasi yoki uning tarmoqlariga kateter
o’rnatib, u orqali rentgenkontrast modda yuborib, uning rentgentasvirini
olishdan iborat. O’pka patologiyasi tug’ma deb shubhalanganda, o’pka tomirlari
patologiyasida,
o’pka arteriyasi tromboemboliyasida, surunkali o’pka
kasalliklarida o’pka-kapillyar qon oqimi buzilish darajasini aniqlashda, xavfli
o’pka tuzilmalarida – jarrohlik amaliyoti o’tkazishning maqsadga muvofiqligi
masalasini hal qilishda bajariladi.
42
Bronxial arteriografiya – bronxial arteriyalarni kateterizatsiya qilish va
yuqorida ko’rsatilgan usul bo’yicha uning rentgentasvirini olish, o’pkadan qon
ketish manbaini va uning sababini aniqlashda, shuningdek davolash maqsadida
o’tkaziladi.
Diagnostik pnevmotoraks. Plevra bo’shlig’iga 300-600 ml havo
yuborilgandan keyin rentgenografiya qilishdir. Bu usuldan, odatda o’pkaga
aloqasi bo’lmagan tuzilmalar va o’pka ichidagi jarayonlarni differentsial
diagnostika qilish uchun foydalaniladi.
Diagnostik pnevmoperitoneum – qorin bo’shlig’iga 1000-2000 ml havo
yuborib, so’ngra rentgenografiya qilishdan iborat. Jigar, diafragma, diafragma
ostida joylashgan a’zolar, plevra bo’shlig’i va o’pkadagi tuzilmalar holatini
aniqlash, diafragmal churralarni differentsial diagnostikasi uchun foydalaniladi.
Radioizotoplar yordamida tekshirish usullari, jumladan izotop yordamida
skanerlash, perfuzion stsintigrafiya, ingalyatsion stsintigrafiya – o’pkadagi qon
oqimi va ventilyatsiya buzilishlarini aniqlashga imkon beradi. Bu usullardan
foydalanish, bugungi kunda cheklangan bo’lib, ular o’rnini ko’krak qafasi va
o’pkani ultaratovush yordamida tekshirish, komp’yuter tomografiya va boshqa
noinvaziv usullar egallamoqda.
Torakoskopiya – torakoskop yordamida plevra bo’shlig’ini vizual ko’zdan
kechirishdir. Ayniqsa, bu usul pnevmotoraks sodir bo’lganda nafaqat
diagnostika uchun tekshiruv usuli, balki davolash uchun – pnevmotoraks
sababini bartaraf etish, ma’lum operatsiyalarni o’tkazish uchun ham imkoniyat
beradi.
Tashqi nafas olish funktsiyalarini tekshirish usullariga spirografiya,
umumiy pletizmografiya, pnevmotaxografiyalar kirib, ular nafas a’zolari
kasalliklarini ilk bosqichida aniqlash, diagnoz qo’yish, funktsiyalarining buzilish
yoki kompensatsiya darajasini aniqlash, davolash-profilaktika tadbirlarining
ta’sirchanligiga baho berishga yordam beradi.
Dostları ilə paylaş: |