Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirishning zamonaviy shakl va usullari. Reja: 1. O‘zbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun imtiyozlar.
2.Qo‘shma korxonalarni tashkil etishda xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish.
3.To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni
rag‘batlantirish.
Xulosa Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.
1. O‘zbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun imtiyozlar Hozirgi kunda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatuvchi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga amaldagi soliqlar va bojlar yuzasidan qator engilliklar, imtiyozlar belgilangan. Ushbu imtiyozlarning amal qilishi bevosita mamlakatimizda yuritilayotgan investitsiya siyosatining asosiy negizlaridan birini tashkil etib, o‘z ijobiy samarasini bermoqda. Masalan, Respublikamizda xorijiy investorlar o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkidan boj to‘lovi olinmaydi, Respublika investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarga sarf etilayotgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalari daromad (foyda) solig‘idan 7 yil muddatga ozod etilgan, korxona jamg‘armasida xorijiy investitsiya mablag‘lari hissasi 50% va undan yuqori bo‘lsa, ular 2 yil muddatga daromad (foyda) solig‘idan ozod qilingan va boshqa soliq imtiyozlari belgilangan.
O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlarn i amalga oshirishning birinchi bosqichida mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay investitsiya muhitini yaratish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish tadbirlarini amalga oshirishda quyidagi tamoyillarga asoslanildi:
tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirish sohasida aniq maqsadni ko‘zlab siyosat yuritish;
respublika iqtisodiyotiga bevosita kapital mablag‘ni keng jalb etishni ta’minlaydigan huquqiy ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa shart-sharoitlarni tobora takomillashtirish;
respublikaga jahon darajasidagi texnologiyani etkazib berayotgan va iqtisodiyotni zamonaviy tarkibini vujudga keltirishga ko‘maklashayotgan xorijiy investorlarga nisbatan ochiq eshiklar siyosatini yurgizish;
mablag‘larni respublika mustaqilligini ta’minlaydigan, import o‘rnini qoplovchi va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan eng muhim ustuvor yo‘nalishda jamlash.
O‘zbekistonda xorijiy investitsiyali korxonalarning bir maromda faoliyat yuritishi va investorlarning huquqlari himoya qilinishi uchun me’yoriy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan «CHet el investitsiyalari to‘g‘risida»gi, «CHet ellik investorlar huquqlarining kafolatlari va ularni himoya qilish choralari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda Soliq kodeksi chet el sarmoyalarini amalga oshirishning huquqiy asoslari va tartibini belgilab beradi. Sir emaski, o‘z mablag‘ini biror mamlakat iqtisodiyotiga kiritmoqchi bo‘lgan chet ellik sarmoyador birinchi navbatda o‘zi uchun yaratilgan imtiyoz va engilliklarni bilishni istaydi. SHu o‘rinda «CHet el investitsiyalari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq chet ellik investorlar o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun, shuningdek chet ellik investorlarning va chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida turgan chet davlatlar fuqarolarining shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan boj to‘lovi olinmasligini aytish mumkin.
O‘zbekistonda xorijiy investorlarga qonuniy faoliyat natijasida olgan foydalari va boshqa daromadlarini biror-bir cheklovlarsiz istalgancha chet davlatga o‘tkazish imkoniyati kafolatlanadi. Bundan tashqari xorijiy investorlar Respublika banklarida hech bir cheklovlarsiz istalgan valyutada hisob raqamiga ega bo‘lishlari mumkin.
Xorijiy investitsiyasi bo‘lgan korxona amaldagi qonunlarga binoan o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni litsenziyasiz eksportga chiqarish va o‘z ishlab chiqarish extiyojlari uchun zarur mahsulotlar importini amalga oshirish huquqiga egadir. Xorijiy ynvestorlarga tabiiy boyliklarni qidirish, ishlab chiqarish va foydalanish va boshqa xo‘jalik ishlarini yuritish uchun konsessiyalar berilishi mumkin. Konsession shartnomalar xorijiy investorlar bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvining vakil qilingan organlari o‘rtasida tuziladi. Xorijiy investitsiyalari bo‘lgan korxonadan chiqish yoki bunday korxonanining tugatilish hollarida xorijiy investorlar shu korxona mulkidan o‘zining hissasini korxona mulki bilan qiymatiga mutanosib ravishda pul yoki natura tariqasida qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokida tuzilgan korxonalarning xo‘jalik ishlarida hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi asosida olib borilishi lozim.
Agar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘rsatilgan shart-sharoitlar xalqaro shartnoma va xorijiy investorlar bilan kelishuvlarda ko‘rsatilgan shart-sharoitlar farq qilsa, xalqaro shartnoma va kelishuvga asosan faoliyat yurgiziladi. SHunday qilib, yaratilgan huquqiy asoslar xorijiy hamkorlarning keng investitsiya faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratib, ularning huquqlari va sarflagan investitsiyasini himoya qiladi.
Hozirga kelib, O‘zbekiston hududida xorijiy kompaniyalar faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish jarayoni asosan nihoyasiga etkazildi va amalda qo‘llanilmokda. Bu faoliyatni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning quyidagi tizimi ishlab chiqilgan:
- xususiylashtirish jarayonida xorijiy investitsiyalarning qatnashishi;
- texnikaviy qayta qurollanish;
- xalq iste’moli va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish.
O‘zbekiston Respublikasi xorijiy investitsiyalarni milliylashtirish va rekvizitsiya qilinmasligiga kafolat beradi. Xorijiy investitsiyalar faqat favqulodda holatlarda, avariya, epidemiya tarqalgan vaqtlarda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan rekvizitsiya qilinishi mumkin. Bu holat investorga ko‘rsatilgan zarar mikdorida kompensatsiya qilanadi.
Xorijiy investorlarning qonuniy faoliyatlari orqali qilingan daromadlari xorijiy valyutada, chegaralanmagan miqdorda chegaradan olib o‘tishlari davlat tomonidan kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish maqsadida investorlarga bir qator imtiyozlar (iqtisodiy platforma) beriladi.
Xorijiy investitsiyalar bilan tashkil etilgan korxonalar (savdo, vositachilik, xom ashyo etkazib beruvchilardan tashqari) ro‘yxatdan o‘tgan kundan boshlab:
-daromad (foyda) solig‘idan 1-yil – 25%, 2-yil – 50%, 3-yildan 100%, qishloq hududida 1-yil ozod qilinadi;
-mulk solig‘idan 2 yilga ozod qilinadi;
-ishlab chiqargan mahsulotining 30% ortig‘i eksportga chiqsa, 50%ga daromad (foyda solig‘i), 15-30% eksportga chiqarilsa, 30% daromad (foyda) solig‘idan ozod qilinadi;
-ishlab chiqarish bilan band bo‘lsa, er solig‘idan 2 yilga ozod qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasida alohida sohalarga imtiyozlar berish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra neft va gaz konlarini ochish va qidirish ishlariga xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan korxonalar ushbu ishlarni amalga oshirish davrida barcha soliqlardan, shuningdek ushbu ishlarni amalga oshirish uchun zarur uskunalarni import qilishda bojlardan ozod qilinadi.
Mazkur soha korxonasi chet ellik hamkorlar bilan birga ochilsa:
neft va gaz qazib chiqarilgan kundan boshlab 7 yilga daromad (foyda) solig‘idan;
xorijiy hamkorlar ulushi kapitalidan olinadigan daromad va mulk solig‘idan ozod qilinadi.
Engil sanoat sohasida:
tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar qo‘shimcha qiymat solig‘idandan tashqari barcha soliqlardan ozod;
o‘z ehtiyoji uchun ishlab chiqarish uskunalari, ehtiyot qismlarini import qilishda korxonalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.