Belgiyada maktabgacha ta'lim (MT) 2,5 yoshdan 6 yoshgacha davom etadi. 2,5 yoshga yetganda bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotiga berishadi, shu sababli guruhdagi bolalar soni yil davomida o‘zgarib boradi. Maktabgacha ta'lim guruhlarining asosiy maqsadi: bolalarning bilish, bilim orttirish (kognitiv), kommunikativ va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish hisoblanadi. Mashg‘ulotlar o‘yin shaklida olib boriladi. Maktabgacha ta'lim majburiy ta'lim dasturiga kiritilmagan bo‘lsada, Belgiyada taxminan 90% gacha bo‘lgan bolalar unga qatnashadi. Ko‘p hollarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari boshlang‘ich maktablarga uyg‘unlashgan bo‘ladi.
Fransiya ta'lim tizimi
Fransiya ta'limida bolalarning go‘daklik chog‘idanoq maktabda o‘qitish uchun tayyor holda olib kelish g‘oyat muhim masala hisoblanadi. Bu bosqichda tarbiyalanuvchilar quyidagicha tabaqalashtirilgan: kichik guruh (2-4 yosh), o‘rta guruh (4-5 yosh), katta guruh (5-6 yosh). Maktabga tayyorlov guruhi (5-6 yosh) bo‘lib, ularga Fransiyada 100% shu yoshdagi bolalar qamrab olingan. Bolalarni maktabga tayyorlash uchun alohida dastur va darsliklar mavjud.
AQSh ta'lim tizimi
Amerika Qo‘shma shtatlarida ta'lim tizimining tuzilishi quyidagicha: bolalar 3 yoshdan 5 yoshgacha tarbiyalanadigan maktabgacha tarbiya muassasalari;
8 - sinflargacha bo‘lgan boshlang‘ich maktablar (bunday maktablarda 6 yoshdan 13 yoshgacha o‘qiydilar);
9 – 12 - sinflardan iborat o‘rta maktablar (bu maktablarda 14-17 yoshgacha bo‘lgan bolalar ta'lim oladilar). U quyi va yuqori bosqichdan iborat.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida navbatdagi ta'lim bosqichi oliy ta'lim bo‘lib, u 2 yoki 4 yil o‘qitiladigan kollejlar hamda dorilfununlardir. AQShda majburiy ta'lim 16 yoshgacha amal qiladi. Bu mamlakatdagi o‘quv yurtlari davlat, jamoa tasarrufida, xususiy va diniy muassasalar ixtiyorida bo‘lishi mumkin.
Amerikada 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyasi bilan onalar shug‘ullanadilar, lekin ularga hyech qanday imtiyozlar berilmagan. 5 yoshdan esa «Kinder garden» deb ataluvchi tayyorlov muassasalarida ta'lim boshlanadi. Boshlang‘ich maktab 6 yoshdan to 13- 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oladi.