SUG‘URTA XIZMATLARI RIVOJLANMOQDA «Kafolat sugurta kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi va «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. — Bugungi kunda jamiyatimiz tomonidan majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta mukofotlarini hisoblash hamda tuzilayotgan shartnomalarning to‘g‘riligini nazoratga olish maqsadida markazlashgan komputer dasturi ishlab chiqilgani aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda, — deydi «Kafolat sug‘urta kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Saidolim Nasritdinov. — Jumladan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish boshlangandan buyon kompaniya tomonidan 2 millionga yaqin sug‘urta polisi sotildi.
Shuningdek, tadbirda «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan vazifalar borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi. Mazkur qonun xodimning mehnat vazifalarini bajarishi jarayonida uning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni undirish bo‘yicha huquqiy himoyasini kuchaytirish, ish beruvchining mulkiy manfaatlarini himoya qilish, xodimlarning mehnat sharoitlarini zamon talablariga mos ravishda yaxshilash va xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi. Joriy yilda ushbu sug‘urta turi bo‘yicha 6,75 milliard so‘mdan ziyod sug‘urta mukofoti tushirildi. 470 dan ortiq hodisada 12,4 milliard so‘m to‘lab berildi.
Yana shuni ta’kidlash kerakki, sug‘urtaning asosiy vazifalaridan biri jabrlanganlarning mulkiy manfaatlarini himoyalashdir. Shu bois joriy yilda transport hodisalarida jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash uchun 9,6 milliard so‘mdan ortiq sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi. Qolaversa, joriy yilning o‘tgan davriga ko‘ra, «Kafolat sug‘urta kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati majburiy sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha mamlakatimiz sug‘urta bozorida 21,9 foiz ulush bilan birinchi o‘rinda bormoqda.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.