Tuproq degradatsiyasi yana quyidagi turlarni o‘z ichiga oladi. Eroziya jarayonlari tuproq faunasi va florasiga salbiy ta’sir qiladi, ya’ni o‘simlik qoplami o‘zgarishga uchraydi, tuproq unumdorligi pasayadi va natijada cho‘llashish jarayoni vujudga keladi. Bundan tashqari kuchli shamol, muzliklarning siljishi, ko‘chkilar, daryo toshqinlari, vulqonlar, yer silkinishi, tayfun, sunami va boshqa eroziyani keltirib chiqaruvchi kuchlar mavjud.
19 Gafurova L.A., Abdraxmanov T.A., Jabborov Z.A., Saidova M.E. Tuproqlar degradatsiyasi. O’quv qo’llanma. 2012. -218 b.
Tuproqning unumdorligiga salbiy ta’sir etuvchi asosiy jarayonlardan biri suv va irrigatsiya eroziyasidir. Irrigatsiya eroziyasiga, asosan, sug‘orma tipik va to‘q tusli bo‘ztuproqli yerlar moyil bo‘ladi. Bu maydonlarning yarmiga yaqini bo‘laklangan relyefli joylar va ularda irrigatsiya eroziyasi rivojlanish ehtimoli cho‘l hududlaridagiga nisbatan ko‘proqdir. Tuproqlarning yuvilishi qiyaligi 1-20 ga yetganda boshlanib, qiyalik oshgan sari eroziya jarayoni jadallashadi.
Eng xavotirlisi shundaki, irrigatsiya eroziyasi natijasida tuproqlardan gumus va oziqlantiruvchi moddalar yo‘qoladi. Buning oqibatida qishloq xo‘jaligi yer aylanmasidan qimmatbaho sug‘oriladigan yerlar chiqmoqda. Bundan tashqari tuproqlarga solinadigan o‘g‘it va zaharli kimyoviy moddalarning uchdan bir qismi tuproqdan yuvilib, suv havzalarida yig‘iladi va atrof- muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tuproq degradatsiyasini tezlashtiruvchi omillarga quyidagilarni keltirish mumkin (14-rasm).
Ekin maydonlari respublika bo‘yicha jami 4064,7 ming gektarni, shu jumladan, sug‘oriladigan ekin maydonlarning umumiy hajmi 3307,3 ming gektar yoki qishloq xo‘jalik yer turlarining 13,1 % ini hamda lalmi ekin maydonlarining umumiy hajmi 757,4 ming gektarni yoki qishloq xo‘jalik yer turlarining 3,0
%ini tashkil qilib, qishloq xo‘jaligidan olinadigan hamma mahsulotlarning 30-35 %dan ko‘prog‘ini yetkazib beradi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning qariyb 9,6 foizining meliorativ holati yomon bo‘lib, bu, avvalo, tuproqning sho‘rlanish darajasi yuqoriligi va yerosti suvlarining ko‘tarilishi bilan bog‘liqdir. Shunday ekan, sug‘orilib ekin ekiladigan yer maydonlarini yanada kengaytirish, ularning meliorativ holatini yaxshilash orqali unumdorligini orttirish bugungi qishloq xo‘jaligining eng muhim vazifalaridan hisoblanadi.