Yil va davrlarni aniqlash usullari Tarixiy manbalarni tadqiq etishda
Sutka va uning dastlabki shakllari. Yer sharining oʻz oʻqi atrofida bir marta aylanib chiqishi uchun ketgan vaqt sutka deb ataladi. Sutka – vaqtning dastlabki oʻlchov birligidir. Sutkaning 24 dan bir boʻlagi bir soat, soatning 60 dan bir boʻlagi daqiqa, daqiqaning 60 dan biri sekund deyiladi. Yer oʻz oʻqi atrofida notekis aylanishi maʼlum, ammo bu notekislik juda kichik boʻlib, 100-yilda sekundning mingdan bir ulushi bilan oʻlchanadi. Qadimda kecha va kunduzning almashishdan vaqt oʻlchovi meʼyori sifatida foydalanishgan. Qadimda grekcha “hemera” - sutka soʻzi ikki maʼnoda qoʻllanilgan: 1) Quyosh chiqishidan Quyosh botishigacha boʻlgan vaqt oraligʻi 2) Quyosh chiqishidan keyingi Quyosh chiqishigacha boʻlgan vaqt oraligʻi. Lotincha “dies” - sutka soʻzi ham shu maʼnoni bildirgan. Qadimgi Gretsiya, Rim, Bobilda va Misrda sutka ertalabdan, Oʻrta Osiyoda esa kechqurundan boshlab hisoblangan. Oy kalendaridan foydalanilgan afinaliklar, germanlar, iudeylarda ham sutka-yangi kun kechqurundan boshlangan. Zardushtiylar esa Quyoshning chiqishi bilan yangi kun boshlanadi deb hisoblashgan. Sutkalarni dastlab misrliklar soatlarga boʻlganlar. Eramizdan avvalgi 2100-yilida Misr kohinlari sutkani 24 soatga boʻlishgan: Ular 10 soatni kunduz, 2 soatni gʻira-shira payt, 12 soatni kechasi deb hisoblashgan. Bobilda ham bir sutkaning 12 soati kechasi hisoblangan. Geradotning taʼkidlashicha, greklar bobilliklarning shu sistemasidan foydalanishgan. Eramizdan avvalgi II asrda Klavdiy Ptolemey rasmiy ravishda sutkani soatlarga boʻlgan. Gerodotning yozishicha, eramizdan avvalgi VI asrda Ahamoniylar hukmdori Doro skiflarga yurishi davrida qoʻriqchilariga vaqtni hisoblash uchun tugilgan arqon, tashlab ketadi. Ular har kuni bitta tugunni yechganlar. Qolgan tugunlarning soni shohning qaytishiga necha kun borligini bildirgan. Ahamoniy hukmdorligi davrida vaqtni hisoblashning bundan ham mukammalroq usuli mavjud boʻlgan, lekin oddiy qoʻriqchi askarlar yuqoridagi usuldan foydalanishgan1.
Yerning yulduzlarga nisbatan bir marta aylanib chiqish davri Yulduz sutkasiga va Quyoshga nisbatan aylanish davri Quyosh sutkasiga boʻlinadi. Yulduz sutkasi uzunligi bahorgi teng kunlik nuqtasidan ikkita ketma-ket yuqori (yoki pastki) kulminatsiyalari orasidagi vaqtga teng. Yulduz sutkasi haqiqiy (pretsessiya va nutatsiya hisobga olinsa) yulduz sutkalariga ajraladi. Bahorgi teng kunlik sutkasi nuqtasining pretsession harakati taʼsirida oʻrtacha yulduz sutkasi Yerning oʻz oʻqi atrofida haqiqiy aylanish davridan 0,0084 sekundga qisqa. Nutatsiya taʼsirida haqiqiy yulduz sutkasining uzunligi oʻzgarib turadi. Quyosh bir sutka davomida osmon sferasida 1° Sharqqa tomon siljiydi. Shu sababli yulduz sutkasi bilan amalda vaqtni oʻlchash noqulay boʻlib, u kun va tunning almashishi bilan toʻgʻri kelmaydi. Shuning uchun Quyosh sutkasida uning ikkala ketma-ket pastki (yarim tun) kulminatsiyasi oraligʻidagi vaqt olinadi. Quyosh sutkasi ham haqiqiy va oʻrtacha (haqiqiy Quyosh sutkasida haqiqiy Quyoshning pastki kulminatsiyasi, oʻrtacha Quyosh sutkasida esa Quyoshning soxta pastki kulminatsiyasidan boshlab hisoblanadi) boʻladi. Yer orbitasining ellipssimonligi va ekvatorning ekliptikaga ogʻishganligi tufayli haqiqiy Quyosh sutkasi ham doimiy emas va yil davomida 24 soat 3 daqiqa 36 sekund (sentyabr oʻrtalarida)dan 24 soat 4 daqiqa 27 sekund (dekabr oxirida)gacha oʻzgarib turadi1. Shuning uchun Quyoshning ekvator boʻyicha yil davomida doimiy burchak tezlik bilan harakat qiluvchi oʻrtacha Quyosh sutkasi (24 soat 3 daqiqa 56,55536 sekund yulduz sutkasi) olinadi. Tropik yil 366,2422 yulduz sutkaga yoki 365,2422 Quyosh sutkasidan iborat.
Kundalik hayotimizda, asosan, oʻrtacha quyosh vaqtidan foydalanamiz. Oʻrtacha Quyosh – ekvator boʻylab tropik yil ichida bir marta tekis aylanib chiqadigan xayoliy nuqta. Oʻrtacha Quyosh markazining yuqori kulminatsiya payti oʻrtacha tush payti deyiladi. Oʻrtacha Quyosh vaqti shu paytdan boshlanadi. Oʻrtacha Quyosh markazining pastki kulminatsiya payti yarim tun deb ataladi. Fuqaro vaqti shu paytdan (soat 24.00) hisoblanadi va kalendarda kun oʻzgaradi. Astronomiyada 1925-yilgacha kun hisobi tush paytida oʻzgarar, yaʼni yangi kun kunduzi soat 12 dan boshlanar edi. 1925-yildan boshlab astronomiyada ham fuqaro vaqtidan foydalanilmoqda.