Somoniylar kumush tangasi Oʻrta asrlar muarrixlari asarlarida Buxoro, haddan tashqari koʻp ishlatiladigan taʼbir bilan aytganda, «bir-biriga zid manzaralarga boy bir shahar» sifatida kishi oldida namoyon boʻladi. Keng koʻchalar, xushifor hammomlar, chiroyli bozorlar, muazzam masjidlar, adolatli sultonlar, shahar aholisi farovon yashashi va savodxon ekanligi, yaxshi va sifatli oziq-ovqatlar isteʼmol qilinishi singari bir qator ijobiy holatlar barobarida peshayvoni boʻlgan choʻpkori imoratlar va tor uylar shaharda nihoyatda zich qurib tashlangani, turar joy qimmatligi, quduqlarning suvi shoʻrligi, havo yetishmaydigan savdo rastalari, axlat toʻlib ketgan ariqlar, tez-tez roʻy berib turadigan yongʻinlar va hokazo salbiy jihatlar qayd etib oʻtilgan.
Qoraxoniylar hukmronligi davrida X asr oxiri — XI asr boshlarida Somoniylar bilan Qoraxoniylar oʻrtasida kurash jarayonida Buxoro bir necha bor qoʻldan qoʻlga oʻtgan. Koʻp oʻtmay boshlangan Qoraxoniylarning oʻzaro urushlari Zarafshon etaklariga ham bevosita yetib keldi.
992-yilda Buxoroda Qoraxoniylarning dastlabki tangalari muomalaga chiqarildi.[8] 999—1000-yillarda Qoraxoniylar Buxoroda Arslon-ilig yoki Arslon yozuvi bilan tangalar chiqardilar.[9] Buxoro, garchi oʻz poytaxtlik mavqeidan mahrum boʻlgan esa-da (Chuy vodiysidagi Bolasogʻun shahri Qoraxoniylar davlatining poytaxti boʻlgan), mamlakat yangi hukmdorining intilishlari uzviy bogʻliq eng yirik markazlardan biri boʻlib qoldi.
1020/21-yilda qoraxoniy Ali ibn Hasan (Ali-tegin) Buxoroda uzoq vaqt oʻrnashib qolib, Movarounnahrning ajralib chiqishiga asos soldi. 1024—1025-yillarda uning mavqei kuchaydi. Shundan soʻng, bir muddat barcha mulklaridan mahrum boʻlib, koʻp oʻtmay, u Buxoroni qaytarib olishga erishdi, keyin (1028-yili) Samarqandni ham oldi. Zarafshon vodiysiga to oʻlimiga qadar — 1034-yilgacha hukmronlik qildi. Olimlarning fikricha, Ali uchun har ikki shahr (Samarqand va Buxoro) muhim edi, lekin rasmiy poytaxt sifatida Samarqandni belgiladi. 1032-yilda Mahmud Gʻaznaviyning oʻgʻli Maʼsudning koʻrsatmasiga binoan xorazmshoh Oltintosh rahbarligida gʻaznaviylarning kattagina qoʻshini Buxoro vohasiga bostirib kirib, Buxoroni zabt etdi va talon-taroj qildi; lashkarlar katta oʻljani qoʻlga kiritishdi.
1040-yilda Ibrohim ibn Nasr (Boʻritegin; Tamgʻachxon Ibrohim) jangu jadal bilan Yusuf ibn Alidan Samarqandni tortib olib, Buxoroni egallashidan oldinoq oʻzini hukmdor, xon (Tamgʻachxon yoki Tafgʻachxon) deb eʼlon qildi va qarorgohini Samarqandda joylashtirdi. Binobarin u ham Buxoroning ahamiyatini yaxshi tushungan. Shundan keyin koʻp oʻtmay 1040/41-yilda Ibrohim ibn Nasr Buxoroni egalladi, soʻng yana qoʻldan chiqardi, 1041/42-yilda bu shaharni uzil-kesil oʻziga boʻysundirdi. Olimlar fikricha, chamasi, taqvodorligi bilan mashhur boʻlgan Ibrohim ibn Nasr Buxoroni uzil-kesil zabt etishini „Olloh irodasi bilan“ erishilgan gʻalaba ekanini eʼtirof etib, ana shu voqea sharafiga zarb ettirgan Buxoro dirhamlari yozuviga Qurʼondan „gʻalaba“ soʻzli ikki oyat kirittirgan.
Movarounnahrda Ibrohim tomonidan alohida davlat tuzilmasi sifatida barpo etilgan Gʻarbiy Qoraxoniy xoqonligining poytaxti Samarqand boʻlib qoldi. Qatʼiy sunniy mazhabi himoyachisi boʻlgan Ibrohim ibn Nasr bu mazhabdan har qanday chetga chiqqanlarni taʼqib qildi. 1056-yilda Iroqdan to Movarounnahrgacha boʻlgan ulkan hudud dahshatli ochlik balosiga uchradi, shundan keyin oʻlat tarqalib, Buxorogacha yetib keldi.
1068-yilda Ibrohimning oʻgʻli va vorisi Shamsulmulk oʻz ukasi Shuvays bilan kurashda taxtni himoya qilishga majbur boʻldi. Shuvays Buxoroni egallab, hatto u yerda oʻz tangalarini chiqardi, lekin akasi tomonidan magʻlub qilindi. Harbiy harakatlar vaqtida Buxoroning jome masjidi yonib ketdi. Bir necha yildan keyin saljuqiy sulton Alp Arslon katta qoʻshin bilan Movarounnahrga bostirib kirdi. Uning qoʻshinlari Buxoro atroflariga yetib kelib, talon-taroj qilishdi, ayollarni zoʻrlashdi, biroq shaharning oʻzi omon qoldi: koʻksiga xanjar qadalgan sulton hayotdan koʻz yumdi, qoʻshin chekindi. Uning oʻgʻli Malikshohning yurishlari (1089) ancha muvaffaqiyatli boʻldi, shundan keyin Movarounnahr qoraxoniylari Saljuqiylarga qaram boʻlib qoldi. 1141-yilda Samarqanddan shimoli-sharqidagi Qatvon dashtida sodir boʻlgan jangda Qoraxitoylar Sanjar ibn Malikshoh boshchiligidagi birlashgan musulmon qoʻshinlarini tor-mor etib, butun Markaziy Osiyoni oʻzlariga boʻysundirgan boʻlsalarda, Samarqand taxtini Qoraxoniy xonlarda qoldirdilarki, ular 1212-yilgacha Samarqandda hukmronlikni davom ettirdilar.
Buxoroda hokimiyat tepasiga kelgan Qoraxoniylar dunyoviy ilmlarga eʼtibor berishmadi, ularni ragʻbatlantirishmadi. Tabiiy fanlarga ham qiziqish susaydi. Shundan boshlab uzoq vaqt Buxoro Movarounnahrning diniy hayot markazi boʻlib qoldi. Sadrlar (Burxoniylar) taʼsiri kuchaydi[10].