Buxoro — Somoniylar davlati poytaxti Qoʻlyozma manbalar, shu jumladan Somoniylar hukmronligi davrida yozilgan Muhammad Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ asarida keltirilgan maʼlumotlar aynan Ismoil Somoniy Buxoroni davlat poytaxti qilganiga hech bir shubha tugʻdirmaydi. Ismoil Somoniydan keyin Buxoroda muntazam tanga zarb etildi.
Shahar Somoniylar davrida, tarixan, toʻrt qismga ajratilgan boʻlib, mazkur qismlar bugungi kunda ham relyef jihatidan bir-biridan ajralib turadi. Bu qismlar orasida eng mustahkami Koʻhandiz (Ark qalʼasi) edi, u xom gʻishtdan terilgan juda baland va qalin devor bilan oʻralgan, deyarli yoʻlab boʻlmasdi. Ana shu devorning butun tevaragi boʻylab pishgan gʻishtdan oʻziga xos «yopinchiq» qadamalar kiydirilgan. Qalʼa maydoni esa uning tashqi devorlari boʻylab taxminan 3,5—3,8 gektarni tashkil etardi. Bu yerda qabulxona, xazina, ulkan kutubxona (yosh Abu Ali ibn Sino shu yerda shugʻullangan), zindon va hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan edi. Arkning gʻarbiy etagida kattagina Registon maydoni boʻlib, unda 10 ta davlat boshqarmalari — devonxona binosi qad koʻtargan. Xuddi shu yerda saroy qurilgan boʻlib, Buxoroga X asr oxirlarida kelgan Muqaddasiy musulmon olamida bundan muhtashamroq saroyni koʻrmaganligini taʼkidlaydi. Registonda, shuningdek, hayit namozlari oʻqiladigan iydgoh — musallo ham boʻlgan, ammo Somoniylar davrida shahar aholisi shu qadar koʻpaydiki, natijada eski musalloga barcha namozxonlar sigʻmay qoldi. 971-yilda qalʼadan yarim farsax (3—4 kilometr) masofada yangi musallo qurildi. Yana bir hukmdor saroyi Joʻyi Moʻliyon kanali sohilida qad koʻtardi.
Arkdan sharq tomonda mustahkamlangan Shahriston joylashgan. Unda binolar zich qilib qurilgan, chuqur handaq va yettita darvozaxonasi boʻlgan mustahkam devor bilan oʻrab olingan edi. Ulardan ayrimlari esa zamon silsilasida oʻzgarib turgan bir qancha nom bilan atalgan. Sharqiy devorda Mox darvozasi (Bozor, Madina, Shahriston, Attoron), Koʻhandizga qaragan gʻarbiy devorda esa Banu Saʼd yoki Saʼdobod, Banu Asad (islomdan avvalgi nomi Muhra), Koʻhandiz, Haqroh (Xokroh) yoki Hufra (yer osti tonneli — lahm) singari toʻrtta darvoza, shimoliy devorda Nur darvozasi, X asrning oʻrtalaridan boshlab Mansur darvozasi, sharqiy devorda esa Samarqand ichki darvozasi yoki Nav darvozasi joylashgan edi. Shahar tashqarisi — rabot ham devor bilan oʻralgan va ichki hamda tashqi rabotlarga boʻlingan.
Buxorodagi Somoniylar davri inshootlaridan faqat Somoniylar maqbarasi — Markaziy Osiyodagi eng koʻhna musulmon meʼmoriy inshooti va butunlay pishiq gʻishtdan koʻtarilgan ilk binogina bizning davrimizgacha saqlanib keldi.
Ark va Shahriston oraligʻida, Jome masjidi yaqinida katta toʻqimachilik korxonasi joylashgan boʻlib, unda ajoyib matolar, gilamlar toʻqilgan. Uning mahsulotlari Suriya, Misr va Rumga (Kichik Osiyo) olib borilgan.
Poytaxtning imtiyozli sharoiti, podshoh saroyining boy va serhashamligi, koʻpincha Somoniy amirlarning oʻzlaridek fanga, sanʼatga homiylik qiluvchi davlatmand kishilar — mesenat tarzida namoyon boʻluvchi toʻralarning koʻpligi — bularning bari Buxoroda fan va madaniyat ishtiyoqmandlarini jalb etdi. Shu boisdan Somoniylar Buxorosi „shon-shuhrat makoni, davrining buyuk kishilari yigʻiladigan joy“ hisoblangan. Arab tilida yozuvchi oʻn va yuzlab shoirlar Somoniylar davrida Buxoroda ijod qildilar. Fors-tojik sheʼriyati sohasidagi muvafaqiyatlar, avvalo, Somoniylar vaziri Balʼamiyning himmati va homiyligidan foydalangan buyuk Rudakiy nomi bilan bogʻliq. U Buxoroda fors tilida sheʼr bituvchi eng yaxshi, lekin yagona shoir emas edi.
Buxoroning Afshona qishlogʻida tavallud topgan buyuk tibbiyot sohibi, faylasuf Abu Ali ibn Sino Somoniylar davlati poytaxtida yashagan olimlar orasida eng mashhuri edi.
Somoniylar davridayoq Buxoro oʻtmishiga bagʻishlangan asarlar paydo boʻla boshlaydi. Shunday asarlardan biri Narshax fuqarosi Muhammad Narshaxiy tomonidan Somoniy Nuh ibn Nasr uchun yozilgan „Buxoro tarixi“ asaridir. Katta shuhrat qozongan ana shu asar keyinchalik (XIX asrga qadar) bir necha bor qayta ishlandi, qisqartirildi va toʻldirildi, qayta-qayta koʻchirildi.
Somoniylar davlatining yuqori lavozimli amaldorlari (masalan, Balʼamiy va Jayhoniy) faqat fan va sanʼat homiysi boʻlibgina qolmay, ayni vaqtda Buxoroning ijodiy hayotida ham bevosita ishtirok etganlar.
Somoniylar davridayoq Buxoro yirik diniy ilmlar markaziga aylanib, islom tayanchidek buyuk sharafga muyassar boʻldi. IX asrning mashhur hadisshunosi, Buxoro nomini butun musulmon olamiga sharaflantirgan Imom al-Buxoriy ham aynan Buxorodandir. Somoniy amirlar ulamolarni shu qadar yuksak qadrlar edilarki, barcha fuqarolardan faqat ulargina hukmdor oldida yerni oʻpishdek tahqiromiz udumdan ozod etilgandi.
Taʼlim sohasida Somoniylar davrida islom olamida misli koʻrilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi. Oʻz davrining dorilfununlari boʻlgan dastlabki madrasalar aynan Buxoroda ochilib, ularda yirik islomshunos olimlar dars berdi. Buxoroda X asrda shaharning eng qadimiy madrasalaridan biri — Farjok madrasasi ochilgan[7].
999-yili Somoniylar poytaxti qoraxoniy Nasr ibn Ali tomonidan jangsiz egallandi. Somoniylar sulolasining soʻnggi vakili, taqdir taqozosi bilan Somoniylar davlati asoschisining ismi bilan atalgan Ismoil al-Muntasir yana bir necha yil Qoraxoniylar bilan kurash olib bordi. Baʼzi-baʼzida bir qator muvaffaqiyatlarga ham erishdi, hatto Buxoroni qoʻlga kiritdi. U 1005-yili halok boʻldi.