141 mingta yangi o‘quv o‘rinlari yaratilsin va ularning soni 2026 yil yakuniga qadar 6,4 milliongacha yetkazilsin.
Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi o‘quv o‘rinlarini yaratish va maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha choralarni ko‘rib borsin.
5. Taraqqiyot strategiyasida aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilda:
a) hududlarda birlamchi tibbiy xizmatini “bir qadam” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etilsin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda tegishli qurilish ishlarini 2022 yil yakuniga qadar yakunlash bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rsin;
b) Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda ikki oy muddatda xususiy tibbiyot tashkilotlarida Davlat byudjeti hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolashga yo‘llashning elektron axborot tizimi orqali ularga bepul tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish mexanizmi joriy qilinishini ta’minlasin.
6. Xalq ta’limi vazirligi (B.Saidov) va Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Prezident ta’lim muassasalari agentligi hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar:
2022 yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshirish;
xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘qituvchi va shifokorlarga malaka toifalarini berish tartibi tubdan qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin hamda malakani baholash uslubiyoti asosida adolatli va shaffof tizimni joriy etish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:
a) 2022 yilda yillik inflyatsiya darajasini 9 foizgaчa va 2023 yilda 5 foiz hamda fiskal taqchillikni 3 foizgaчa pasaytirish choralari ko‘rilib, keyinchalik inflyatsiya va Davlat byudjeti taqchilligi ushbu ko‘rsatkichdan oshmasligi ta’minlab borilsin.
Bunda davlat ulushiga ega tijorat banklarida transformatsiya jarayonlarini yakunlab, 2026 yil yakuniga qadar bank aktivlarida xususiy sektor ulushi 60 foizgacha chiqarilsin.
Vazirlar Mahkamasi (J.Qo‘chqorov) Markaziy bank (M.Nurmuratov) bilan birgalikda iqtisodiyotning yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy choralarni doimiy ravishda ko‘rib borsin;
b) 2023 yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 12 foizgacha hamda bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi 15 foizgacha tushirilsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026 yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 20 foizga qisqartirish choralari ko‘rilsin.
Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida quyidagi loyihalar Vazirlar Mahkamasiga kiritilsin:
Energetika vazirligi (A.Sultanov), Qurilish vazirligi (B.Zakirov) 2022 yil 1 martga qadar – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy, tijorat va ma’muriy-maishiy bino va inshootlarning energiya samaradorligini oshirish dasturlari;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (B.Abdinazarov), Energetika vazirligi (A.Sultanov) 2022 yil 1 iyunga qadar – sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish bo‘yicha ”yashil iqtisodiyot”ga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash dasturi hamda elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish tizimini yaratish bo‘yicha qaror.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani uchun maxsus soliq stavkalarini o‘rnatish tajribasi asosida sharoiti “og‘ir” bo‘lgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish ishlari davom ettirilsin.
Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) bilan birgalikda 2022 yil 1 oktyabrga qadar sharoiti “og‘ir” bo‘lgan hududlarda 2025 yil 1 yanvargacha yangi tashkil etiladigan tadbirkorlik sub’ektlariga aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz stavkada hamda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqlari hisoblangan summadan 1 foiz stavkada to‘lash tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. 2022 yildan boshlab bosqichma-bosqich tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni yagona elektron reyestrga kiritish tartibi joriy etilsin hamda takrorlanuvchi va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan majburiy talablar qayta ko‘rib chiqilib, yagona reyestr 2025 yil 1 iyuldan boshlab to‘liq ishga tushirilsin.
Adliya vazirligi (R.Davletov) Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (D.Qosimov) va Savdo-sanoat palatasi (A.Ikramov) bilan birgalikda uch oy muddatda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar xatlovdan o‘tkazib, ularni qayta ko‘rib chiqish va tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha yagona reyestrga kiritish hamda ushbu reyestrni 2025 yilga qadar to‘liq ishga tushirish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
10. 2022 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik sub’ektlarida masofaviy (onlayn) faoliyat ko‘rsatish imkoniyatlarining mavjudligidan hamda ularning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari quyidagilarni inobatga olgan holda soddalashtirilsin:
ayrim faoliyat turlariga faqat malakaviy talablarni belgilash orqali bino va inshoot, xona, asbob-uskuna, texnika vositalari, boshqa jihozlar hamda ularga bo‘lgan shartlarni bekor qilish;
faoliyat yo‘nalishidagi ehtiyojdan kelib chiqib mutaxassisni tanlash huquqini berish orqali shtatida mavjud bo‘lishi shart bo‘lgan xodimlarga bo‘lgan talablarni qayta ko‘rib chiqish;
muayyan faoliyat bilan ko‘chma tartibda, shu jumladan, avtotransport vositalaridan foydalangan holda shug‘ullanish imkoniyatini yaratish;
xizmat ko‘rsatish mamlakat hududidan tashqarisida amalga oshirilishi sababli xorijdan kelgan buyurtmalar bo‘yicha milliy standart va talablarni bekor qilish;
“bog‘lovchi-operator” sifatida masofaviy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub’ektlari (agregatorlar) faoliyatiga doir maxsus shartlarni belgilash orqali ayrim litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish bo‘yicha talablarni bekor qilish.
Adliya vazirligi (R.Davletov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda litsenziya va ruxsat etuvchi hujjatlar talablarining mazkur bandga muvofiq qayta ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
11. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatilsin: